Umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlar berish vakolati nodavlat tashkilotlarga o‘tkaziladi

O‘zbekiston 18:24 / 22.10.2020 7853

Tadbirda Xalq ta'limi vazirligi Ta'lim sifati monitoringi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshoda Norboyeva umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlar keyinchalik nodavlat tashkilotlar tomonidan ham berilishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi.

«Vazirlar Mahkamasining mazkur qarorida aniq qilib belgilangan, ya'ni umumta'lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test sinovlarini tashkil etish Davlat test markazi bilan bir qatorda qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etilgan ta'lim sifatini baholash nodavlat tashkiloti tomonidan ham o‘tkazilishi mumkin. Bu borada Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Ta'lim sifatini baholash markazini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Chunki qarorda aynan XTV Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi ko‘rsatib o‘tilgan. Biz bugungi kunda taklifni tayyorlayapmiz, u nodavlat tashkilot sifatida tashkil etiladi va unga ushbu test sinovlarini o‘tkazish vakolati beriladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Dilshoda Norboyeva

Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi direktori o‘rinbosari Hikmatilla Daminov qanday hollarda nodavlat tashkilotlariga bunday huquq berilishi va uning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

«Hozir ushbu qarorda sertifikatlar Davlat test markazi tomonidan berilishi ko‘zda tutilgan. Kelajakda bu vakolatni nodavlat ta'lim muassasalari yoki tashkilotlariga o‘tkazish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan. Ayni paytda bu jarayonlar qanday bo‘lishi, qaysi bir tashkilotga berilishi mumkinligi bo‘yicha kelgusida tartiblar ishlab chiqiladi. Ya'ni vakolatni hamma NTMlarga berishda adolat va shaffoflikni ta'minlash juda muhim hisoblanadi.

Xalqaro tajribadan ma'lumki, test sinovlarini inson omili ishtirokisiz o‘tkazish eng maqbul yo‘l sanaladi. Kelgusida bu borada ham tegishli ishlar amalga oshiriladi va qonunchilikda tartiblar belgilanadi.

Shuningdek, bu test sinovlarini tegishli davlat organlari tomonidan tasdiqlangan mezonlar va o‘quv dasturlari bo‘yicha, maktab bitiruvchisiga qo‘yilgan talablar ta'lim standarti asosida tuzilishiga alohida talablar qo‘yiladi. Yana bir qaytaraman, bunda testlarni inson omilisiz tashkil etish eng muhim mezonlardan biri bo‘lishi mumkin», dedi Hikmatilla Daminov.

Ko‘proq yangiliklar: