SSV xorijga chiqishda talab qilinadigan tibbiy ma'lumotnomani qayerda olish mumkinligini ma'lum qildi

O‘zbekiston 11:29 / 22.10.2020 14284

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistondan xorijga chiqish uchun talab qilinadigan koronavirusga chalinmaganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnomani qayerdan olish mumkinligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Chet elga chiquvchi shaxslarga polimer zanjirli reaksiya (PZR) usulida tekshirilgan tahlil natijasi manfiy chiqqanini ko‘rsatuvchi ma'lumotnomalar berish jarayonini yanada soddalashtirish maqsadida qator tibbiyot muassasalariga, xususan, xususiy tibbiyot tashkilotlariga Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatma xati asosida, shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tegishli buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilayotgan ma'lumotnomalar yagona shaklga keltirilmoqda.

Mazkur ma'lumotnomalardan vaqtinchalik foydalaniladi. Ular chegara nazorat punktlariga to‘lov kvitansiyasi bilan birga taqdim etilgandagina haqiqiy hisoblanadi. Bu choralar ma'lumotnomalarni soxtalashtirishning oldini olishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ushbu jarayon bilan parallel ravishda tahlil natijalari bosqichma-bosqich shtrix-kod (QR-kod) orqali o‘qiladigan elektron dasturga o‘tkazib boriladi. Natijalar bo‘yicha ma'lumotlar bazasi Transport vazirligi bilan birgalikda shakllantiriladi. 

Koronavirus infeksiyasini PZR usulida tekshirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkilotlari va xususiy tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik xorijga chiqishda talab qilinadigan ma'lumotnoma namunasini ham namoyish etdi.

«Mamlakatimiz hududidan tashqariga chiqayotgan shaxslarga beriladigan tibbiy ma'lumotnomalarni soxtalashtirilishining oldini olish maqsadida, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tegishli buyrug‘iga asosan yuqoridagi ma'lumotnoma shakli tasdiqlandi», deyiladi xabarda.

 

 

 
Ko‘proq yangiliklar: