«Narx-navo barqarorligi saqlanadi» – Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi sessiyasi o‘tkazildi

O‘zbekiston 20:05 / 22.10.2020 2532

22 oktabr kuni Urganchda xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktabr kungi selektorda bergan topshirig‘iga asosan, 2020 yil yakuni va 2021 yil may oyigacha oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Xabar qilinishicha, sessiyada Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov so‘zga chiqib, viloyat aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan go‘sht, kartoshka, guruch, un, shakar, tuxum va o‘simlik yog‘iga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat davlat soliq boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi boshliqlari rahbarligida ishchi guruhlari tashkil etilganini ma'lum qildi.

Ermanov viloyatdagi 1,9 mln aholining 2020 yil noyabrdan 2021 yil maygacha oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi haqida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, ushbu davrda aholi uchun 26,2 ming tonna mol va qo‘y go‘shti, 13,9 ming tonna parranda go‘shti, 6,6 ming tonna baliq, 49,2 ming tonna kartoshka, 9,2 ming tonna guruch, 73,1 ming tonna un, 10,3 ming tonna shakar, 194,7 mln dona tuxum, 8,5 ming tonna o‘simlik yog‘i, 6,3 ming tonna piyoz va 18,3 ming tonna sabzi talab etiladi.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, aholining tuxum, baliq, guruch, sabzi va shakar mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji ichki imkoniyatlar hisobidan; piyoz mahsulotini qisman boshqa viloyatlardan olib kelish hisobiga; go‘sht, parranda go‘shti, kartoshka, un va o‘simlik yog‘i esa import hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan, aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida viloyat hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda «Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash jamg‘armasi» tuzildi.

Jamg‘arma mablag‘lari mahalliy budjet daromadlari prognozining oshirib bajarilgan qismidan, hokimlik muassisligida tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning ajratmalaridan, tijorat banklarining kreditlari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning mablag‘laridan, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik hayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

«Viloyatda tanqis mahsulotlarni xarid qilishga jami 131,9 milliard so‘m talab etiladi. Shundan 6,2 milliard so‘m mahalliy budjetdan, shu jumladan 1,5 milliard so‘m hokimlik jamg‘armasi hisobidan, 38,5 milliard so‘m kredit va 87,2 milliard so‘m tadbirkorlarning mablag‘i hisobidan qoplanadi.

Aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish maqsadida tizimli ishlarni tashkil etdik, bozorlarda narx-navoning asossiz o‘sishini oldini olish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni belgilab oldik», – deb ma'ruzasini yakunladi Farhod Ermanov.

Ma'lum qilinishicha, sessiyada Xorazm viloyati mas'ullari va jamoatchilik vakillaridan tashqari, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov ham ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: