GTL zavodi ishchilari noroziligiga nimalar sabab bo‘lgandi? Mas'ullar va ishchilar izoh berdi

O‘zbekiston 19:37 / 22.10.2020 63669

 

  • 21 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Enter Engineering kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi obektlaridan biridagi ishchilarning noroziligi aks etgan videoyozuvlar tarqaldi. Bunga izoh bergan kompaniya rahbariyati ishchilarining ommaviy noroziligiga nonushta o‘z vaqtida berilmagani sabab bo‘lganini ma'lum qildi. Keyinchalik Energetika vazirligi Uzbekistan GTL’dagi vaziyat barqarorlashganini, barcha muammo va masalalar joyida ijobiy hal etilganini xabar qildi.

Kun.uz muxbiri shu kuni hodisa joyida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Dastlabki ma'lumotlarda oshxonadagi monoblok tizimining (elektron kirish) texnik nosozligi natijasida ishchilarning kundalik ovqatlanishga kira olmagani hamda maoshlar to‘lanishi kechikkani ushbu ishchilarning noroziligiga sabab bo‘lgani aytilgandi. Ma'lum bo‘lishicha, yuz bergan tartibsizliklarda mingga yaqin ishchi qatnashgan.

«ERIELL» kompaniyalar guruhi boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov ushbu holat bo‘yicha fikrini bildirdi.

«Zavod ishchilari bilan suhbatlashib, ularning talablarini eshitdik. Zavod aholi yashash punktidan ancha olisda joylashgan va xodimlar deyarli barcha viloyatlardan kelib ishlashadi.

Ochig‘ini aytish kerak, pandemiyagacha 22 kun ish, 8 kun dam berilardi. O‘sha sakkiz kun davomida ishchilar uyiga borib, oilasini ko‘rib kelardi. Iyun oyidan boshlab 60 kun ish, 15 kun dam beriladigan tartibga o‘tdik. Zavod ishchilarining asosiy e'tirozi shunga bo‘lyapti. Ikki oy zavoddan chiqmay ishlash natijasida charchab qolishyapti.

Bundan tashqari, taomnomaga ham e'tiroz bildirishdi. Ovqatning sifatiga emas, kam ovqat berilayotganidan norozi bo‘lishyapti. Bu borada ham talab ikki xil aslida. Kimdir shu eski tartibda qolishini istasa, ayrimlar har kuni osh berilishini istayapti. Muammo yo‘q bu masalada. Endi ro‘yxat asosida, ishchilarning talabidan kelib chiqib taomnoma tuziladigan bo‘ldi.

Yana bir gap, bizda masalan, sentabr oyining maoshi oktabr oyining 15 sanasidan boshlab oy oxirigacha to‘lab beriladi. Ishchilar avgust oyining maoshini olib bo‘lishgan. Demak, oyliklarning kechikib berilishi haqidagi ma'lumotlar o‘rinsiz», dedi Baxtiyor Fozilov.

Shuningdek, tartibsizlik natijasida keltirilgan zarar xodimlarning hisobidan qoplanmasligi va biror kishi ishdan bo‘shatilmasligini ma'lum qildi.

«Enter Engineering Pte.Ltd.» kompaniyasining GTL loyihasi Direksiyasi direktori Shuhrat Arziyev esa tartibsizlikda asosan yoshlar ishtirok etganini aytmoqda.

Shuhrat Arziyev

«Zavod qurilishini yil oxirigacha yakunlashimiz kerak. Shuni hisobga olib ish muddatini uzaytirgan edik. Ya'ni, qirq besh kun ish, sakkiz kun dam berilishi ko‘zda tutilgandi. Natijada uzoq muddat ishchilarimiz uylariga bora olishmadi. Asosan shu holat ularning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Ayni vaqtda zavodga keltirilgan zarar haqida o‘ylamayapmiz. Tartibsizlikda qatnashgan ishchilarimizga ham qandaydir chora ko‘rish niyatimiz yo‘q. Chunki bugun har bir ishchining zavodimiz qurilishida o‘z hissasi bor. Ularning talablarini qondiramiz», dedi Sh.Arziyev.

Tartibsizliklarda ishtirok etgan ishchilar bilan uchrashtirishni, ularning ham fikrini o‘zlaridan eshitish niyatimiz borligini bildirdik. Zavod rahbarlari bizga bir guruh ishchilarni yuzlashtirishdi.

«Ellik-oltmish kunlab zavodda qolib ketyapmiz. Ishchilar ko‘paydi. Natijada oshxonada uzoq muddat navbatda turib qolyapmiz. Ishga kechikyapmiz, keyin tanbeh olyapmiz. Zavoddan yotoqxonagacha avtobusda olib borishadi. Kuni bilan charchaysiz, kamiga avtobusni kutib qolyapmiz, yetmayapti», deydi ishchilardan biri Oybek Sherbo‘tayev.

Zavodning yana bir ishchisi E.Xidirov ham tartibsizliklarga uzoq muddat navbatda turib qolish va tirbandlik sabab bo‘lganini aytdi.

«Barcha talablarimizni rahbarlarga yetkazdik, muammolarimizni hal qiladigan bo‘lishdi», deydi u.

Ta'kidlash joizki, Kun.uz suhbatlashgan ushbu ishchilarning hech biri 21 oktabr kuni yuz bergan tartibsizliklarda qatnashmaganini ta'kidlashdi.

Shundan so‘ng zavod oshxonasi va ishchilar yotoqxonasida bo‘ldik. Bu vaqtga kelib monoblok tizimidagi nosozlik bartaraf etilgan, ishchilarning taomlanishi uchun muammo qolmagani ma'lum qilindi.

 

Mas'ullar tartibsizlik keltirib chiqargan ishchilarni aniqlab berisholmadi. Aytishlaricha, hodisada hech kim jarohatlanmagan, asosiy zarar obektlarga yetkazilgan.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Jahongir ALIBOYeV.

Ko‘proq yangiliklar: