Amerikalik ekspertlar: O‘zbek tili o‘zbek millatining madaniyatini ko‘rsatadi

O‘zbekiston 22:14 / 22.10.2020 4570

O‘zbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, mazkur anjumanda Ohayo davlat universitetining Tarix hamda Yaqin Sharq tillari va madaniyati kafedralari mudiri Skott Livay, ushbu oliygohning Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori Anjyela Brinlinger, Arizona davlat universiteti Muhim tillar instituti direktori Irina Levin, 20ga yaqin amerikalik mustaqil tadqiqotchi olimlar, doktorant va talabalar ishtirok etishgan.

Ohayo davlat universiteti akademik jihatdan AQShning ijtimoiy-gumanitar fanlar ta'limi yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi universitetlar reytingida 17, jahonda 45-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, oliygoh mamlakatdagi eng katta kutubxonalardan biriga ega bo‘lib, o‘zida 1 milliondan ortiq kitob fondini saqlaydi. Hozirgi kunda ODU AQShdagi eng yirik o‘zbek tili ta'limi dasturiga ega bo‘lib, yiliga o‘rtacha hisobda 10-12ta oliygoh talabalariga O‘zbekiston davlat tili o‘rgatiladi.

Arizona davlat universiteti ham dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lib, AQShdagi eng innovatsion va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga eng ko‘p hissa qo‘shayotgan ta'lim maskanidir. ADU yiliga 100 mingga yaqin talabalarni o‘zining 17ta kampusida 350dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitadi.

Elchixonaning xabar berishicha, tadbirning ochilish marosimida ishtirokchilar yurtimizda o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan batafsil tanishishgan.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbek tili mamlakatda va xorijiy davlatlarda o‘qitilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar amerikalik olimlar orasida katta e'tibor qozongan. Ilk bor O‘zbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani jahon hamjamiyati uchun yaqqol belgi bo‘lib xizmat qiladi», deb ta'kidlashadi ekspertlar.  

Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilari o‘zlari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari va prezentatsiyalarini namoyish qilishgan. Ularda tilimizga bo‘lgan hurmat, milliy an'analarimizni o‘rganishga ishtiyoq yaqqol ko‘zga tashlandi.

Tashkil etilgan vebinar davomida, amerikalik ishtirokchilar o‘zlarining ravon o‘zbek tilidagi nutqlari bilan chiqishlar qilishgan, madaniyatimiz va tariximizga bo‘lgan ulkan qiziqishlarini namoyish etishgan va quyidagi fikrlarni bildirishgan.

Michigan universiteti tarix fani o‘qituvchisi va doktoranti Albert Kavallaro:

«Assalomu alaykum, xonimlar va janoblar! Mening ismim Albert, men tarixchiman, Michigan universitetda tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlayman. Bundan tashqari, men Michigan universitetida doktorantman. Mening ilmiy ishim Markaziy Osiyo bilan bog‘liq.

Nega men o‘zbek tilini o‘rganyapman? Albatta, ilmiy ishimni yaxshi yozishim uchun o‘zbek tilini o‘rganishim kerak. Lekin asosiy sabab ham, maqsad ham bu emas. Men shuni bilamanki, o‘zbek tilida ellik million odam gapiradi. O‘zbekistonda va Afg‘onistonning shimolida o‘zbek tili davlat tilidir. Va bu tilning tarixi juda qiziq.

O‘zbek adabiy tilida va shevalarda ko‘p so‘zlar bor, qoidalar bor. Agar siz bu qoidalarni yaxshi bilsangiz, dunyodagi yana yigirmadan ortiq tillarni tushuna olasiz. Ya'ni o‘zbek tilida boshqa turkiy tillarda bo‘ladigan hodisalar bor va bu til boshqa ko‘p turkiy tillarni ham o‘rganish uchun asos bo‘la oladi.

O‘zbek tili o‘zbek millatining madaniyatini ko‘rsatadi va bu ham men uchun juda qiziq. Menga bu ham sabab bo‘ldi. Shuning uchun men o‘zbek tilini sevib o‘rgandim, Arizona davlat universitetida Muhim tillar institutida 7 hafta o‘zbek tilini o‘rgandim va Amerika konsulligining sertifikatini oldim. Menga o‘rtadan yuqori darajasini berdilar. O‘qituvchim mendan ham ko‘proq xursand bo‘ldi, menimcha.

Arizonadagi darslardan men o‘zbek madaniyati haqida ham ko‘p o‘rgandim. Ayniqsa, men palov pishirishni o‘rgandim va bundan xursandman. Lekin mening palovim hech qachon Chustiyning palovidek yoki boshqa mashhur o‘zbek oshpazlarining palovidek bo‘lmaydi. Umid qilamanki, bir kun O‘zbekistonga boraman, ko‘p o‘zbek do‘stlarni topaman. Va biz birga yana ko‘p ilmiy ishlarni qilamiz. Hamma-hammaga o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin».

«Gartner» kompaniyasining tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassisi Kerolayn Mesa:

«Assalomu alaykum! Mening ismin Kerolayn. Menimcha, yangi tillarni o‘rganish juda muhim! Mening eng sevganim o‘zbek tili. Men Arizonaning Muhim tillar institutida o‘zbek tilini o‘rgandim va uni sevib qoldim. Men raqs tushishni juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, salsa, bachatani, va cha-cha-chani mazza qilib o‘ynayman. Men o‘zbek raqsiga ham qiziqaman. Chunki o‘zbek milliy raqs san'ati uzoq va boy tarixga ega.

Kelajakda men Fulbrayt dasturi orqali O‘zbekistonga boraman. Men talabalarga ingliz tilidan dars beraman. Men O‘zbekistonga borishimdan juda xursandman. Ko‘rishguncha!»

Arizona davlat universiteti doktoranti Nikol Tig:

  • «Assalomu alaykum, mening ismim Nikol, tanishganimdan xursandman. Arizona davlat universitetida aspirantman va tarixni o‘rganyapman. Hozirda men Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘rta osiyolik askarlarni tadqiq qilyapman.
  • Men 2019 yilda o‘zbek tilini o‘rganishni boshladim. Men o‘tgan yozda O‘zbekistonga o‘zbek tilini o‘rganish uchun borishni rejalashtirgandim, lekin afsuski, pandemiya boshlandi va borishning iloji bo‘lmadi. Umid qilamanki, kelasi yil men O‘zbekistonga boraman. Kelajakda men o‘zbek tilini o‘rganishda davom etaman, chunki men O‘zbekiston tarixini o‘rganishim kerak».

Ohayo davlat universiteti talabasi Maksvell Parker:

«Sizlar bilan tanishganimdan xursandman. Mening ismim Maksvell Parker, men Ohayo davlat universitetida o‘qiyman. Men tarix, siyosat va tillarga qiziqaman. Men o‘zbek tilidan tashqari rus, ispan va xitoy tillarini o‘rganganman. Men o‘zbek tilini o‘rganyapman, chunki menimcha u juda qiziq, muhim va boshqacha».

Glendeyl kolleji yapon tili o‘qituvchisi Shigeko Toyota:

«Assalomu alaykum! Mening ismim Shigeko Toyota. Men olti yil avval Arizona davlat universitetida o‘zbek tilini o‘rgandim. Keyin O‘zbekistonga bordim. Menga o‘zbek odamlari juda yoqadi. Ular juda mehribon. Sizlarni o‘zbek tili bayrami bilan tabriklayman!»

Ko‘proq yangiliklar: