Tesla Shanxayda yig‘ilgan elektromobillarini Yevropaga eksport qilishni rejalashtiryapti

Fan-texnika 20:12 / 21.10.2020 3842

Eksport uchun tayyorlangan elektromobillarning birinchi partiyasi kelasi seshanba kuni Shanxaydan Belgiyaning Zebryuge portiga jo‘natiladi. Ushbu elektromobillar Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya va Shvetsariyada sotuvga chiqariladi.

«Shanxaydagi zavodning rivojlangan ishlab chiqarish darajasi hamda ishlab chiqarish zanjirining kuchli ustunligiga tayangan holda, [Xitoyda yig‘ilayotgan] Model 3 jahon bozorida o‘zining raqobatbardoshligini namoyish qilmoqda», – deydi Tesla’ning Shanxaydagi zavodi texnik direktori Sun Gana.

2019 yil dekabr oyida Xitoy sanoat va axborotlashtirish vazirligi Tesla Model 3 elektromobilini davlat dotatsiyasiga tayanishi mumkin bo‘lgan energiyaning yangi manbalarida yuruvchi avtomobillar ro‘yxatiga kiritgan edi.

Tesla Model 3 bu – elektr energiyasida harakatlanuvchi 5 o‘rinli sedan hisoblanib, undagi zaxira quvvati 468 km masofani bosib o‘tishga yetadi. Elektromobilning eng yuqori tezligi 225 km/soat bo‘lib, 100 km/soat tezlikka chiqishi uchun 5,6 soniya kifoya qiladi.

AQShda ushbu modelning boshlang‘ich narxi – 31,7 ming dollar bo‘lsa, Germaniyada – 50 ming dollar ortiqroq, Fransiyada – 58 ming dollardan ortiq, Xitoyda esa 36,8 ming dollardan boshlanadi.

Hozircha Shanxaydagi zavod Tesla kompaniyasining AQSh tashqarisidagi yagona elektromobillar yig‘uvchi zavodi hisoblanadi. Uni qurish haqidagi kelishuv 2018 yilda imzolangan. Tesla ushbu zavodda yillik elektromobil ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga chiqarmoqchi. Ushbu loyiha uchun kiritilgan umumiy investitsiya miqdori 7,2 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: