Toshkent shahrida yangi bolalar tibbiyot markazi faoliyatini boshladi

O‘zbekiston 14:46 / 20.10.2020 12147

«O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlari doim ijobiy natijalarga sabab bo‘lib kelgan. Tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida qad rostlagan Bolalar milliy tibbiyot markazi ushbu hamkorlikning yaqqol namunasi deyish mumkin. 

Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etildi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yilning 20 may kuni qurilishi yakunlangan milliy markazga tashrif buyurib, tegishli taklif va tavsiyalarini berib o‘tgan edi.

Bolalar milliy tibbiyot markazining rasman ish faoliyati boshlangani munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu tibbiyot markazining ahamiyatini yana bir bor ta'kidladilar. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chjye Kvon va koreyalik mehmonlar, shuningdek, tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Koreya Respublikasi tibbiyoti dunyoda o‘z o‘rniga ega. Ko‘plab mamlakatlardan u yerga yordam olish uchun borayotganlarning salmog‘i ham bunga isbot bo‘la oladi. Koreya bilan hamkorlikda qurilgan, yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatuvchi bu markazni Markaziy Osiyoda yagona bolalar tibbiyot muassasasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

To‘rt qavatli davolash korpusi 280 o‘ringa ega, markaz tarkibidagi poliklinika kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilish imkoniyatiga ega. Markaz magnit rezonansli tomografiya, multispiral kompyuter tomografiya, zamonaviy laboratoriya hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Tibbiyot muassasasida yiliga 1500dan ko‘proq murakkab va noyob amaliyotlarini bajarish imkoniyati mavjud», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Qayd etilishicha, tibbiyot markazining qurilishi va jihozlanishi bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilgan. Jumladan, bu yerda faoliyat yuritish uchun 100 nafardan ortiq vrach va hamshiralar, medtexnik va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar Koreya Respublikasida malaka oshirib qaytgan. 

Markazda bolalar tibbiyotining turli yo‘nalishlari bo‘yicha innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirib borish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, telemeditsina orqali uzoq hududlardagi bolalarga ham yordam ko‘rsatiladi.

Ushbu markaz hududida Koreya bilan hamkorlikda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy onkologiya tibbiyot markazi va tibbiyot oliy o‘quv yurti bunyod etilishi rejalashtirilgan. Bu bilan yirik tibbiyot kompleksi tashkil etilib, shu orqali tibbiyot tizimining ham ilmini, ham amaliyotini eng ilg‘or standartlar darajasiga ko‘tarish ko‘zlanmoqda.

Bolalar milliy tibbiyot markazida pediatriyaning barcha yo‘nalishlarida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ kabi sohalarni rivojlantirish, bolalar kasalliklari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, xorijiy ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazlari, klinikalar va ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: