Senat deputatlarning «samarasiz» qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Tadbirkorlar bundan norozi

O‘zbekiston 22:18 / 20.10.2020 22310

21 oktabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida parlament deputatlari taklif etgan qonun loyihalari ko‘riladi. Ularning biri jamoatchilik, xususan, keng biznes doira tomonidan salbiy qabul qilindi. Tadbirkorlar mazkur qonun loyihasi Senatda ma'qullanishi ichki bozorda narxlar oshishiga sabab bo‘lishidan xavotirlanmoqda.

Kun.uz bilan suhbatlashgan yog‘-moy va go‘sht ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar Qonunchilik palatasi deputatlari tasdiqlagan qonun loyihasi yuzasidan xavotirlarini bildirishdi.

«Bu narx tushishiga emas, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, bozorda noteng shartlarda raqobat paydo bo‘ladi», — deydi yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasi rahbari Zafar Sattorov.

Deputatlar Komiljon Ernazarov, Maqsud Qurbonboyev va Abdug‘ani Umirov tashabbusi bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament tasdig‘idan o‘tib, ayni paytda Senatga yuborilgan.

Zafar Sattorov

Mazkur qonun loyihasi bilan 2021 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar, shu jumladan, shakar xomashyosini, 2021 yil 1 iyulga qadar bo‘lgan davrda esa kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, chorva mollarini tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek, ularni realizatsiya qilish aylanmalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtinchalik ozod qilish ko‘zda tutilmoqda. Soddaroq aytganda, import qilingan va O‘zbekiston hududida sotuvga chiqarilgan yog‘, go‘sht, kartoshka va shakar QQSdan ozod etilishi mumkin. Ammo mahalliy ishlab chiqaruvchi xomashyoni import qilishi yoxud sotib olishida paydo bo‘ladigan QQS saqlab qolingan. Bunda import tovar QQS zanjiridan uziladi, ammo mahalliy ishlab chiqaruvchining tovari soliqdan ozod bo‘la olmaydi.

«Davlat eksportdan ustun kelayotgan importga imtiyoz berishi, ya'ni import tovarni QQSdan ozod etishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga noqulay raqobat muhitini yaratishi meni hayratlantirdi. Aslida, bu kutilgan natijani bermaydi. Negaki, import tovar mahalliy ishlab chiqaruvchi taklif etayotgan narxdan biroz arzonlab, bizning tadbirkorlarga jiddiy zarba beradi. Narx esa taqdim etilgan QQS imtiyozi bo‘yicha to‘liq tushmaydi», — deydi Zafar Sattorov.

Bahodir Qudratillayev

«Olimxon Shuhratxon Fayz» MChJ rahbari muovini Bahodir Qudratillayev mahalliy yog‘ ishlab chiqaruvchilar bozordan siqib chiqarilsa, bozorda taklif pasayishi, shunga binoan, import tovar narxi ham oshishini ta'kidlagan. Import va mahalliy ishlab chiqaruvchilar narx borasida bir-biriga mutanosib ravishda «bosim» o‘tkazadi va bu narxning sun'iy oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

«Promeat» MChJ rahbari Izzat Mutalovning bildirishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi go‘sht narxini ham sezilarli darajada pasaytira olmaydi.

«Chunki boqiladigan mol-qo‘yning 95 foizi aholi qo‘lida. Ular qo‘shilgan qiymat solig‘i masalasiga duch kelmay, molni naqd pulga sotadi. Qassoblarga ham QQS masalasi ta'sir qilmaydi. O‘zbekistonda chorvador fermerlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘laydi. Ko‘rinib turibdiki, go‘sht savdosi QQSdan ozod etilishi narxga sezilarli va ijobiy ta'sir qilmaydi. Qolaversa, chorva yemi QQSdan ozod bo‘lmagan. Aksiga olib, ushbu xabar tarqagandan so‘ng, O‘zbekistonga import qilinadigan Qozog‘istondagi go‘sht narxi bir kechada 100 tengega oshdi. Bu xabar Qozog‘iston ichki bozorida ham sarosimaga sabab bo‘lib, qozoqlar ko‘p go‘sht eksport bo‘lib ketishidan xavotirini shunday namoyon qildi», — deydi Mutalov.

Bahodir Qudratillayev qonun loyihasi boshqa tarmoqlarga ham salbiy ta'sir o‘tkazishini bildirdi. Masalan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar kungaboqar pistasini kam va QQS bilan import qilishi oqibatida pista qoldig‘i — shrot narxi oshgan. Shrot tovuqning asosiy yemi hisoblanadi. Bu bilan tovuq go‘shti va tuxum narxi ham o‘sib boryapti.

Izzat Mutalov

Kun.uz bilan suhbatlashgan Izzat Mutalov QQSdan ozod etilgan tovarlarning keyingi zanjirda ishtirok etishini savol ostiga qo‘ydi.

«Masalan, go‘shtni qayta ishlovchilar nima qiladi? Qo‘shilgan qiymat solig‘isiz sotib olingan go‘shtdan kolbasa mahsulotlari tayyorlanganda, go‘sht umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ishlatilganda QQS o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydimi? Zanjirning bir chetini uzib tashlash mumkin emas-ku? Shu masala shakar ishlatuvchi qandolatchilarni ham o‘ylantiradi», — dedi u.

Tadbirkorlarning barchasi qonun loyihasi qayta va puxta ishlab chiqilishi tarafdori bo‘lib, bozor munosabatiga turli davlat aralashuvi minimum darajada bo‘lishini istaydi. Ular Senatdan ushbu masalada e'tiborli bo‘lishni so‘rashmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: