«Rasmiyatchiligini hal qilsa bo‘ladi, asosiysi bu to‘g‘ri tashabbus» - Nurmat Otabekov qo‘lqoplar masalasi haqida

O‘zbekiston 18:17 / 20.10.2020 9998

Uning so‘zlariga ko‘ra, Maxsus komissiya ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

«Koronavirus kasalligi boshlangandan buyon shu bugungi kungacha davolash va profilaktika bilan bog‘liq tadbirlar takomillashib boryapti. Bu tashabbus Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, Maxsus komissiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Bu o‘z samarasini beradi. Harqalay, juda jiddiy bo‘lmasa ham, shunday mo‘tadil epidemik vaziyatga ega bo‘lamiz», – dedi u.

Kun.uz muxbirining qo‘lqoplarga oid qaror Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tmagani haqidagi savoliga javoban, Nurmat Otabekov masalaning byurokratik jihatlarini hal etish muammo tug‘dirmasligini aytdi.

«Men tashabbus kimdan chiqqaniga jiddiy e'tibor qaratilishini xohlamagan bo‘lardim. Biz aholiga xizmat ko‘rsatuvchi transport korxonalariga juda ko‘p e'tiroz bildiramiz: «Jamoat transportida odam ko‘p, muloqot ortib boryapti, kasallik yuqish ehtimoli yuzaga kelyapti...»

Ammo masalan, xorijiy davlatlarda aholi avtobus to‘lgan bo‘lsa, keyingi keladigan avtobusni kutib turishadi. Bizda esa joy yo‘q bo‘lsa ham imkon topib, ichkariga kirishga harakat qilishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki Transport vazirligi aholini boshqarish imkoniyatiga ega emas. Demak, aholi o‘z bilganidan qolmayapti.

Shu nuqtai nazardan, vazirlikning aynan shunday tashabbus bilan chiqishini mutaxassis sifatida ma'qullayman. Buning rasmiyatchiligi esa yechimi topiladigan holat. Kelishish jarayonida bosqichlarning o‘zgarib qolishiga oydinlik kiritish mumkin. Lekin eng asosiysi tashabbus to‘g‘ri», – dedi Maxsus komissiya a'zosi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Transport vazirligining qo‘lqoplarga oid qarorini majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega deb hisoblashini bildirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: