Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:21 / 20.10.2020 5035

Qishloq xo‘jaligi yerlari munosabatlarining barqarorligini ta'minlash, yerlarning aniq hisobini yuritish va monitoring qilish tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Prezidentning “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar hisobini yuritish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish va monitoring yuritish tizimini takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishga doir funksiyalari, vakolatlari va mazkur funksiyalarni amalga oshirish yuklatilgan shtat birliklari;

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi markaziy apparatidagi Yer va kadastr nazorati boshqarmasi, uning tizimidagi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy bo‘linmalari, Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda “Geoinformkadastr” davlat unitar korxonasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 135 nafardan iborat bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etiladi.

Inspeksiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bo‘yicha davlat nazoratini olib borish;

qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratilishda qonun hujjatlariga qat'iy rioya etilishini nazorat qilish;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish.

Belgilanishicha:

davlat yer kadastri faqat Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yuritiladi;

Inspeksiya o‘z faoliyati bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hisobot beradi, uning faoliyati Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Inspeksiyaning rahbari hisoblanadi;

Inspeksiya xodimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi;

Inspeksiya aniqlangan qoida buzishlar va kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli vazirliklar, idoralarga, shuningdek, tashkilotlar va korxonalarga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatma va taqdimnoma kiritish huquqiga ega;

Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotlar, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabiga ko‘ra bepul taqdim etiladi;

davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar Inspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashishi shart;

tadbirkorlik sub'yektlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish o‘rganish ishlari, shuningdek, yer uchastkalari chegaralarini belgilash, yerlarni xatlovdan o‘tkazish va o‘lchash, ularning normativ qiymatini aniqlash, yerlardan maqsadli foydalanilishini o‘rganish hamda geobotanik va tuproq-tadqiqot ishlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: