«O‘zbekinvest» EISK AJ va «Etihad Credit Insurance» hamkorlik memorandumini imzolashdi

O‘zbekiston 15:39 / 20.10.2020 731

O‘zbekiston sug‘urta kompaniyasi – «O‘zbekinvest» EISK AJ va Birlashgan Arab Amirliklarining eksport kreditlari bo‘yicha davlat agentligi - «Etihad Credit Insurance» (ECI) bilan ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida eksport-import operatsiyalari va investitsiyalarni sug‘urtalash bo‘yicha shartnoma imzolashdi.

Ushbu shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda BAAga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida imzolandi va mamlakatlar umumiy qiymati 10 mlrd. AQSh doll. loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzoladilar. ECI va «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan bitim quyidagilarni nazarda tutadi:

  • eksport qilinadigan tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni va investitsiyalarni sug‘urtalash, qayta sug‘urtalash va birgalikda sug‘urtalashni ta'minlash uchun o‘zaro imkoniyatlarni yaratish;
  • tijorat anderraytingi, risklarni boshqarish, da'volar bo‘yicha ma'lumot, tajriba va biznes amaliyoti bilan almashish;
  • kadrlarni o‘qitish va tajriba almashish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni tashkil etish, amalga oshirish va boshqalar.

«Etihad Credit Insurance» kompaniyasining Bosh direktori – Massimo Falchioni shartnomani imzolash chog‘ida shunday dedi: «O‘zbekistonning turli xil resurslari va keng ko‘lamli bozor islohotlari mamlakat iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shdi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston BAA bilan doimo mustahkam savdo aloqalarini saqlab kelmoqda va ushbu xamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yana bir muhim qadamidir. «O‘zbekinvest» bilan eksport kreditlari va moliyalashtirish bo‘yicha samarali yechimlar almashinuvi, albatta, BAA va O‘zbekistonning biznes va eksport xamjamiyatlarini rivojlantirishga munosib xissa qo‘shadi».

Ta'kidlash joizki, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik doirasida ustav kapitali 1 mlrd. AQSh doll. teng bo‘lgan qo‘shma «O‘zbek-Arab Amirliklari» investitsiya kompaniyasi o‘z faoliyatini boshladi.

Yoqilg‘i-energetika sohasi va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ham kutilmoqda, investitsiya va sanoat hamkorligini yanada kengaytirish imkoniyatlari, xususan, Navoiy viloyatida 500 MVt va 100 MVt quvvatga ega shamol va quyosh elektr stansiyalari qurish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Talimarjon IESini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

«O‘zbekinvest» kompaniyasi shu kunga qadar BAAga avtomobil, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sanoat korxonalari tomonidan eksport qilinadigan mahsulotlarni kompleks sug‘urtasini amalga oshirdi.

Umuman olganda, «O‘zbekinvest» 2020 yil 9 oyi davomida 26 ta davlatga 1,09 mlrd. AQSh doll. ziyod miqdordagi tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qiluvchi milliy eksportchilarga sug‘urta qo‘magini taqdim etdi va ushbu raqam 2019 yilga nisbatan 198 foizga o‘sgan. Aytish joizki, sug‘urta qilingan eksport mahsulotlarining butun hajmi noxom-ashyo eksporti bo‘lib, yirik, qo‘shma korxonalar va kichik xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

2019-2020 yillarda «O‘zbekinvest» EISK AJ dunyoning yetakchi mamlakatlarning eksport kredit agentliklari bilan 30 dan ortiq hamkorlik va o‘zaro kelishuv memorandumlarini imzoladi, jumladan: EKSAR (Rossiya), NEXI (Yaponiya), SINOSURE (XXR), «KSure» (Koreya), «UK Export Finance» (Buyuk Britaniya), COFACE (Fransiya), SACE (Italiya) va boshqalar.

«O‘zbekinvest» EISK AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: