«Daromadning katta qismi olimning cho‘ntagiga tushadi» - Ibrohim Abdurahmonov grant ajratishdagi yangi tizim haqida

O‘zbekiston 15:40 / 20.10.2020 8445

Vazirning aytishicha, avvalgi tizimda bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlangan. Xususan, olimlarni moddiy manfaatdorligiga bo‘lgan e'tiborsizlik, raqobatsiz muhit sabab ilm-fan iqtisodiyotda yetarli o‘rin egallay olmagan. Natijada boqimandalik kayfiyati va «qo‘l uchida» ishlash hollari yuzaga kelgan.

«Vazirligimiz ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shuning uchun bu sohada judayam ko‘p tizimli ishlarni bajarish oldimizda vazifa bo‘lib turibdi. Ayniqsa, grantlar berish masalasida.

Bu tizim uzoq yillar raqobatsiz bo‘lgani uchun boqimandalik kayfiyati mavjudligi, loyihalar tahliliy materiallar yoki boshqa biror maqola chop etish bilan yakunlangani oxirgi yillarda ilm-fanni iqtisodiyotda ko‘rinmayotganiga sabablardan biri bo‘lib turibdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov

Bundan tashqari, ilmiy yo‘nalishda yaratilayotgan texnologiyalarning standarti yo‘qligi, sertifikati mavjud emasligi va bularning patentlari papkalariga qaraydigan bo‘lsangiz, mavzu juda chuqur o‘rganilmagani, ketma-ketliklari belgilanmagani natijasida tijoratlashtirish imkoniyatlari cheklanib qolyapti.

Shuning uchun biz vazirlik tuzilgandan beri birinchi e'tibor berib kelayotganimiz, bu – grant loyihalariga budjetdan beriladigan mablag‘larni samarali ishlatish va olimlarimizga raqobat asosida loyihalar berish bo‘lyapti.

O‘tgan yillarda tashabbuskor loyihalar amalga oshirilgan. Ya'ni olim o‘zi tashabbus qilsa, o‘sha loyiha moliyalashtirilgan. Sir emaski, u tizimda natijaga javobgarlik hissi bo‘lmagan. Biz oxirgi yillarda davlat buyurtmasini joriy qilish, tematik grantlar shakllantirish bo‘yicha yangi tizimni ishga tushirdik.

Eng katta muammolardan men o‘zim bilganim, bir olim ishlab chiqqan loyihasi uchun 1 mlrd so‘m so‘rasa, unga 10 mln yoki 100 mln so‘m pul berilgan. Loyiha uchun 10ta odam ishlasa, oyligiga yetadigan pul berilgan, xolos. Shu ma'noda loyihalar natijasi samarali bo‘lmagan.

Ikkinchidan, mahsulot ishlab chiqarishdan maqsad bo‘lmagan. Shuning uchun ko‘p loyihalar, chop etilgan maqola sifatida polkalarda qolib ketgan.

Bu masalalarni hal qilish maqsadida davlat buyurtmasi tizimini joriy qildik. Bunda belgilangan yo‘nalishdagi bitta mavzuga oid kamida ikkita loyiha ko‘rib chiqiladi. Ularni bir-biriga taqqoslab eng yaxshisiga grant mablag‘i beriladi», – dedi akademik Ibrohim Abdurahmonov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, endilikda yangi loyihalar asosida mahsulot ishlab chiqariladigan bo‘lsa, uni sotishda vazirlik bevosita yordamlashadi va daromadning katta qismi olimning o‘ziga beriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi

Shuningdek, loyihalar soni avvalgidan kamroq bo‘lsa-da, ularning sifati va ko‘proq grant mablag‘lari ajratishga bo‘lgan e'tibor kuchayadi.

«Biz yana bir mexanizmni ishga tushirdik. Olimlarga aytyapmiz: «Endi mana, davlat budjetidan pul berilyapti. Ilmiy ishingizdan moddiy foyda hatto nevarangizga ham yetib borsin. Ya'ni qanday qilib? Agar siz bu loyihangiz natijasida mahsulot chiqara olsangiz va unga patent berilsa, o‘sha mahsulotni sotib beramiz. Bu pullarning 70 foizi olimning cho‘ntagiga tushadi.

Biz ko‘proq loyiha bermoqchimiz. O‘zbekistonda 37 ming nafar ilmiy tadqiqotchilarimiz bor. Bu juda kam. Tadqiqotchilar sonini oshirishimiz kerak. Buning uchun ishchi stollarini yaratishimiz lozim.

Shuning uchun loyihalarga ko‘proq grant berish, ko‘proq moliyalashtirishga e'tibor ortgan. Yaxshi shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qilyapmiz.

Lekin ikkinchi tomoni, albatta, bu loyihalar qog‘oz holda qolib ketmasligi kerak. Mahsulot chiqarilib, olimlarimiz ertaga shu berilgan pullardan yana manfaatdor bo‘lishlari kerak.

Bugun bir so‘m bergan pulimiz, ularni avlod-avlodini boqishi zarur. Eski qobiqlardan chiqish vaqti allaqachon kelgan.

Tahlil qilib ko‘rdik, har bir olim 5ta loyihani olgan. Biri tugasa, ozgina vaqt o‘tkazib keyingisini, keyin uchinchi, to‘rtinchi qilib bir xil qobiqda qolib ketgan. O‘sha yo‘nalishini belgilab olgan, shuni ichida ishlagan. Bunaqa bo‘lishi kerak emas. Olim jamoasi bilan har doim tayyor bo‘lishi, oldin qilgan ishlarini takrorlamasligi kerak. Yangilikka intilishi lozim.

Afsuski, ko‘p hollarda avvalgi qilgan ishlarini olib keladigan olimlar ham uchraydi. Shu sabab aksariyat loyihalar qaytarib yuboriladi. Raqamlashtirish davrida elektron bazalarimiz bor. Bular darrov ko‘rinadi.

Olimlarda noto‘g‘ri tushuncha borki, «Ertaga nima qilamiz, ko‘chada qolib ketamiz. Endi bizga loyiha bermas ekan bular», deb o‘ylashadi. Unaqa narsa bo‘lmaydi. Biz har oy yangi-yangi mavzularni, buyurtmalarni e'lon qilyapmiz.

Mana hozir vazirlik saytiga kirib ko‘radigan bo‘lsangiz, qariyb 70 mlrd so‘m miqdordagi loyihalar partfelida e'lon turibdi. 33-turni e'lon qildik, yaqinda 34-turni e'lon qilamiz. Sohalar bo‘yicha e'lonlar beryapmiz. Xususiy sektor bilan ham kelishib, ularning mablag‘larini ham jalb qilgan holda e'lonlarni beryapmiz», – dedi innovatsion rivojlanish vaziri.

Ma'lum qilinishicha, taklif etilayotgan ilmiy loyihalarni moliyalashtirishda ularning har biri uchun yiliga 500 mln.dan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ beriladi. Bunda loyihaning natijadorligiga, muayyan yakuniy mahsulot olinishiga hamda tijoratlashtirish imkoniyatlariga e'tibor qaratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: