2021 yilda O‘zbekiston koronavirus bilan kurashish uchun 290 million dollar ajratadi 

O‘zbekiston 11:45 / 20.10.2020 4512

Bu haqda 19 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilgi budjetni rejalashtirishda pandemiyaning davom etishi, jahondagi iqtisodiy faollik pasayishini inobatga olish kerakligini ta'kidladi.


Qayd etilishicha, kelgusi yilda ilk bora onkogematologiyaga qariyb 90 milliard so‘m (8,6 million dollar) ajratiladi. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz solig‘ining 7 foizi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi. 

Shu bilan birga, kelgusi yilda birinchi marta gemodializga muhtoj kasallarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini 100 foizga yetkazish uchun 130 milliard so‘m (12,5 million dollar) yo‘naltiriladi.


 Yig‘ilishda aytilishicha, pandemiya sharoitida ijtimoiy sohaga ajratiladigan xarajatlar joriy yilga nisbatan kamida 15 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, keyingi yilda maktabgacha ta'lim qamrovi darajasini 70 foizga, bunda xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan. 

Xalq ta'lim vazirligiga budjetdan ajratmalar 16 foizga oshiriladi. 

Maktablarni tezkor internetga ulash bo‘yicha birinchi marta budjetdan 100 milliard so‘m (9,6 million dollar), jihozlashga 200 milliard so‘m (19,2 million dollar) yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 19 oktabr kuni mamlakatda 304 holatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holati qayd etildi. 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, jami ko‘rsatkich 531 nafarga yetdi. Kasallik qayd etilgan jami 63 607 nafar bemordan 60 717 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 95 foizni tashkil etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: