SSV Zangiotadagi shifoxonada mayyitlarni yaqinlariga berish tartibi haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 23:04 / 19.10.2020 28424

Sog‘liqni saqlash vazirligi Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etganlarning qarindoshlari muassasa eshigi oldida uzoq vaqt kutib qolayotgani to‘g‘risida internetda tarqalgan video va xabarlarni izohladi. Respublika patologik anatomiya markazi direktori, SSV bosh patologoanatomi, professor Rajabboy Isroilov vaziyat yuzasidan ma'lumot bergan.

«Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida patologik anatomiya bo‘limi faoliyati 2020 yilning 1 avgustidan boshlab tashkil etilgan. Mazkur shifoxonada vafot etganlarning mayyitini qarindoshlari ushbu bo‘limdan olib ketishi mumkin. Bundan avval mayyit Respublika patologik anatomiya markaziga olib borilardi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 martdagi «Koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini dafn etishda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha vaqtincha qoidalar»iga asosan, jasad o‘lim sodir bo‘lgan bo‘limda 2 soat saqlanib, shundan so‘nggina patologik anatomiya bo‘limiga olib kelinadi. Keyin ro‘yxatdan o‘tkazilib, 3 foizli xlorli eritmada zararsizlantiriladi, murda diniy e'tiqodiga ko‘ra, yuvilib (kafanlanib yoki kiyintirilib) qarindoshlariga topshiriladi. Tabiiyki, bu amaliyotlar o‘tkazilishi uchun o‘rtacha 3-4 soat vaqt talab etiladi. Bu vaqtda qarindoshlar muassasa eshigi tagida kutib qolmoqda.

Shuningdek, video va xabarlarda «Koronavirusdan vafot etgan murdalarni olib ketishda navbat kutuvchilar shuncha bo‘lsa, ularning sonini statistika nega kam beryapti?» degan mulohaza ham mavjud.

Patologik anatomiya bo‘limi eshigi oldida odam ko‘pligining sababi aslida bitta murdani olib ketish uchun kamida 4 nafar qarindoshi keladi, bu esa o‘z-o‘zidan fuqarolarning vahimaga tushishiga sabab bo‘lmoqda. O‘lim bo‘yicha statistik ma'lumotlarni soxtalashtirishdan hech kim manfaatdor emas.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida nafaqat koronavirus bilan kasallanganlar, balki boshqa turdagi o‘tkir infeksiya va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar ham davolanmoqda. Koronavirusdan vafot etganlar statistikasida faqat COVID-19 diagnozi virusologik tekshiruvda tasdiqlanganlar soni beriladi, lekin bu shifoxonada pnevmoniya va boshqa infeksion kasalliklardan ham vafot etayotganlar bor. Tabiiyki ular koronavirus statistikasiga kiritilmaydi.

Shuningdek, ushbu shifoxonadagi patologoanatomik bo‘limi yanada takomillashtirilib, kechki navbatchilikni ham tashkil qilish va tungi vaqtlarda mayyitni qarindoshlariga topshirish imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.

Zangiota shifoxonasi atrofida tobut tashiydigan mashinalar narxlarni 700 ming so‘mdan boshlanadi, degan xabarlarga esa quyidagicha izoh berish mumkin: Jasadlarni yetkazib berish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi zimmasida emas. Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida dafn etish marosimini tashkil qiluvchi xususiy tashkilotlar jasadni tashib berishni taklif qilmoqda. Ularning o‘z xizmatlari uchun belgilagan narxlarini nazorat qilish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi vakolatiga kirmaydi», — dedi Rajabboy Isroilov.

  • 18 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Zangiotadagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida yuzaga kelgan navbat videosi tarqalgan, videoga ilova qilingan matnda shifoxona o‘likxonasidan mayyitlarni olib ketish qiyin bo‘lib qolgani – odamlar qarindoshi vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni olib kelib ham soatlab kutishga majbur bo‘layotgani, tobut tashiydigan mashinalar esa narxlarni 700 ming so‘mdan boshlab ko‘tarib tashlagani qayd etilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: