«O‘zbek Messisi» va O‘zbekistondagi «Jyenoa»maniya. Italiya matbuoti Shomurodovning A Seriyadagi debyuti oldidan

Sport 14:00 / 19.10.2020 32642

Italiya A Seriyasi 4-turi doirasidagi so‘nggi uchrashuv bugun, 19 oktabr kuni «Verona» va «Jyenoa» o‘rtasida kechadi. Dushanba oqshomida Veronadagi «Markantonio Bentegodi» stadionida o‘tkaziladigan o‘yin nafaqat Italiya, balki o‘zbekistonlik futbol muxlislarining ham diqqat e'tiborida bo‘ladi. Ushbu bahsda Eldor Shomurodov A Seriyadagi debyut uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda. Tribuna.uz o‘zbekistonlik hujumchining kutilayotgan debyuti oldidan Italiya matbuotida Shomurodov haqida yangrayotgan fikrlar, anonslarga nazar tashladi.

 Salciomercato: «Shomurodovning transferi O‘zbekistonda «Jyenoa»maniyaga sabab bo‘ldi»

Italiyaning katta auditoriyaga ega bo‘lgan «Salciomercato» futbol sayti Eldor Shomurodovning «Jyenoa»ga transferi O‘zbekistonda ushbu klubga katta qiziqish paydo bo‘lgani haqida yozgan

 «Eldor Shomurodov Italiyaning eng ko‘hna klublaridan biri safiga o‘tgach, O‘zbekiston va Markaziy Osiyolik muxlislar Yevropaning kuchli beshlikdagi yagona kumirlari o‘tgan klubga jiddiy qiziqa boshlashdi. Bu transfer buyuk ipak yo‘li mamlakatlarida katta ajiotajga sabab bo‘ldi.

«Jyenoa»ning 61-raqamli minglab qizil-ko‘k liboslari so‘nggi 10 kun ichida Toshkent va Samarqandda sotilib, Genuya klubiga bo‘lgan qiziqish yana uyg‘ondi. Yana deyilishi bejiz emas, 15 yillar oldin Ilyos Zeytullayev «Jyenoa»dagi Temuriylar mamlakatidan kelgan ilk futbolchi bo‘lgandi.

O‘rta Osiyolik muxlislar faqat internet do‘konlar emas, «Jyenoa»ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ham yopirilib kela boshlashdi. Klubning internetdagi har bir xabar va postlari ostida o‘zbekistonlik muxlislarning Shomurodovni qo‘llab-quvvatlayotganini uchratish mumkin.

 Bu hali Shomurodov klub libosida maydonga tushmasdan avval ro‘y bergan voqeliklardir. Endi tasavvur qiling, Eldor A Seriyada gollar ura boshlagach, yana nimalar ro‘y berishi mumkin?», - deya savol bilan yakunlaydi maqolasini Salciomercato jurnalisti Marko Tripodi.

 La Gazzetta dello Sport: «Jyenoa»dagi yangi «O‘zbek Messisi»

 Italiya va jahon futbolidagi eng obro‘li nashrlardan biri sanalmish «La Gazzetta dello Sport» ham Eldor Shomurodov haqida bir qator maqolalar e'lon qilib, o‘zbekistonlik futbolchining futbolga kirib kelishi, O‘zbekiston va Rossiyadagi faoliyati haqida yozib, uni «O‘zbek Messisi» deya atagan.

 «O‘zbekistonlik forvard dushanba kuni Italiya A Seriyasida debyutini o‘tkazishi mumkin. Ko‘pchilik uchun hali uncha tanish bo‘lmagan hujumchini o‘z uyida Messi bilan taqqoslashadi», - deyiladi maqolaning so‘z boshisida.

 «Chang to‘zonlar ichidagi qora ko‘zlar. Sharqdagi serquyosh mamlakatning janubida neft qazib olinadi. Eldor tug‘ilgan Jarqo‘rg‘onda ham bolalar katta futbolni ko‘cha futbolidan boshlashadi. Eldor tug‘ilgan joy Toshkentdan (670 km) ko‘ra, chegaradosh Afg‘oniston poytaxti Qobulga (490 km) yaqinroq. O‘zbekiston milliy jamoasi esa FIFA reytingida Benin va Haiti o‘rtasida joylashgan – 85-o‘rinda.

 Futbolchilar oilasidan chiqqan Shomurodov O‘zbekistonda futbolning quyi bo‘g‘inidan bosqichma-bosqich ko‘tarilib, «Mash'al» akademiyasi, «Bunyodkor» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosiga aylanadi. «Rostov»da to‘p surib taniladi.

 O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z Buffoni va Messisiga ega. 38 yoshli Ignatiy Nesterov o‘zbek Buffoni bo‘lsa, Shomurodov «o‘zbek Messisi» - «Rostov»ga o‘tgach uni shunday atay boshlashgan. Eldor 25 yoshda bo‘lsa-da, u milliy jamoasida allaqachon 21ta gol urishga erishgan. Rossiyada Mourino bilan uchrashib qolgan Eldor unga «Chelsi» va uning muxlisi ekanligi haqida aytgan. U ushbu haftadan Rolando Maran qo‘l ostida «Jyenoa» safida debyutini o‘tkazishi va yangi orzulari sari qadam tashlashi mumkin», - deyiladi maqolada.

 «Jyenoa» bosh murabbiyi: «Verona» bilan o‘yinda 7 nafar futbolchi yordam bera olmaydi. Shomurodovga umid bog‘layapman»

 Italiya A Seriyasi 4-turi doirasidagi «Verona» - «Jyenoa» o‘yini oldidan genuyaliklar bosh murabbiyi Rolando Maran tarkibdagi muammolar va Eldor Shomurodov haqida fikr bildirdi.

«Bizni og‘ir uchrashuv kutib turibdi. «Verona» dastlabki uch turda o‘z uyida «Roma»ni yirik hisobda mag‘lub etdi, «Udineze»dan 3 ochko oldi. Veronadagi safar uchrashuvi hech bir jamoa uchun oson kechmagan.

«Verona»ga qarshi o‘yinda qanday tarkibni tushirishni hali ham bilmayman. Jamoamizning 7 nafar a'zosi koronavirus tufayli dushanba kuni ham tarkibda bo‘lmaydi. Shu bois katta rotatsiyaga qo‘l urishga majbur bo‘laman. Asosiy tarkibni o‘yin kuni aniqlab olsam kerak.

Eldor Shomurodov asosiy tarkibga tushadimi? Yangi hujumchimiz 5-6 kundan buyon jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Eldor mashg‘ulotlarga katta ishtiyoq bilan ishlamoqda, uning Italiya A Seriyasida tezroq moslashishga bo‘lgan intilishlari meni quvontirmoqda va unga umid bog‘layapman. O‘yin uslubimizni o‘zlashtirish va yangi muhitga moslashish uchun vaqt talab etilsa-da, Shomurodovning mashg‘ulotlarda qanday ishlayotganidan xursandman», - deya «Jyenoa» bosh murabbiyining matbuot anjumanidagi so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda buoncalcioatutti.it sayti.

Corriere Dello Sport: Shomurodov asosiy tarkibda tushadi

 Italiyaning yana bir obro‘li nashrlaridan biri Corriere Dello Sport «Verona» - «Jyenoa» uchrashuviga prevyu e'lon qilib, Eldor Shomurodovni asosiy tarkibda tushishini taxmin qilgan. Italiyalik jurnalistlar «Jyenoa» hujum chizig‘ida Shomurodov – Pandev hujum juftligini tanlagan.

Genuyaliklarning taxminiy tarkibi quyidagicha ko‘rinish olgan: Mattia Perin, Kristian Sapata, Marsiyello, Goldaniga, Chiglione, Badel, Rovella, Radovanovich, Chiborra, Goran Pandev, Eldor Shomurodov.

 «Verona» - «Jyenoa». O‘zaro so‘nggi o‘yinlardagi natijalar:

 Italiya A Seriyasi turnir jadvali:

 «Verona» - «Jyenoa» TVda namoyish etiladimi?

 Italiya A Seriyasi 4-turiga yakun yasab beruvchi dushanba kungi «Verona» - «Jyenoa» bahsi O‘zbekiston va Rossiyada katta qiziqishga sabab bo‘layotgani bois, «Futbol TV» va Rossiyaning «Match TV» telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi. Uchrashuv bugun, 19 oktabr, dushanba kuni soat 23:45da boshlanadi.

 Anons. Italiya A Seriyasi. 4-tur.

«Verona» - «Jyenoa»

Verona, «Markantonio Bentegodi» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 23:45

TV-translatsiya: «Futbol TV», «Match TV».

Usmon Ibodov tayyorladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: