Samarqand yarimmarafoni qanday tartibda o‘tishi aniq bo‘ldi

Sport 16:42 / 17.10.2020 2435

Anjumanda bosh vazir o‘rinbosari, «Samarkand Half Marathon» tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, yarimmarafon bosh hamkori «Kapitalbank» boshqaruv raisi Alisher Mirzayev ishtirok etib, OAV vakillarining savollariga javob berishdi.

Dunyodagi epidemiologik vaziyat marafonni virtual formatda o‘tkazishni taqozo etmoqda. «Samarkand Half Marathon» xayriya yarim marafoni bu yil autizmga chalinganlarni qo‘llab-quvvatlash shiorida o‘tkaziladi.

«Samarqand yarimmarafoni respublika madaniy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadi. Shuningdek, ushbu loyiha xayriya missiyasiga, ya'ni autizmga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuni ta'kidlashni istardimki, imkoniyati cheklangan va sog‘lom bolalarni birgalikda o‘qitish, tarbiyalashni tizimli ravishda joriy etish, eng muhimi, jahon tendensiyasiga muvofiq autizm haqida gapirish, birgalikda harakat qilish orqali odamlarning ushbu muhim mavzu bo‘yicha xabardorligini oshirishga intilyapmiz», dedi «Samarkand Half Marathon» tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.

Matbuot anjumanida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham nutq so‘zladi: «Samarqand shahrida ikkinchi marotaba tashkil etilayotgan ushbu marafon mamlakat ijtimoiy hayotida yirik hodisa bo‘lib, u yurtimizda madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki bo‘ladi. Bu shunchaki yugurish, oddiy sport tadbiri emas, balki boy madaniy an'analarni o‘zida mujassam etgan loyihadir. Mamlakatimiz iftixoriga aylangan sportchilar – Oksana Chusovitina, Shahram G‘iyosov, Odil Ahmedov, Ruslan Nuriddinov ham marafonni targ‘ib etishda faol ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib men ham barchangizni ushbu marafonda ishtirok etishga chorlab qolaman», dedi Ravshan Ermatov.

Bu yilgi yarimmarafon epidemiologik vaziyat tufayli onlayn formatda o‘tkaziladi. Bu yo‘l bilan butun dunyodagi minglab odamlar e'tiborini O‘zbekistonga qaratish mumkin.

1 noyabr kuni Samarqandda professional sportchilar uchun 21 km masofaga mo‘ljallangan klassik yarimmarafon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu kuni ertalab soat 09:00 dan 11:00 ga qadar belgilangan yo‘nalishda professionallar uchun yugurish bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, kech soat 21:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida boshqa ishtirokchilar o‘z xohishiga ko‘ra, har qanday masofani bosib o‘tishi, finish arkasi yonida suratga tushishi ham mumkin.

Yarimmarafon o‘tkaziladigan kuni Samarqandda bo‘la olmagan insonlar uchun yugurish virtual formatda o‘tkaziladi, bu esa tadbirga ko‘plab yuguruvchilarni jalb qilish, butun dunyo bo‘ylab ishtirokchilarga joy va masofani o‘zlari tanlash erkinligini taqdim etadi. Natijada xalqaro xayriya yarimmarafonining geografiyasi kengayadi.

«Samarkand Half Marathon» dasturida aniq belgilangan masofalar bo‘lmaydi. Har bir ishtirokchi 1 km.dan 50 km.gacha bo‘lgan masofani o‘z xohishiga ko‘ra bosib o‘tadi. Tadbirda qatnashishni istaganlar 1 noyabrga qadar yarimmarafonning www.samarkandhalfmarathon.uz saytida ishtirokchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.

Ushbu tadbirda bu yil asosiy e'tibor jamoaviy ishtirokka, yugurish klublari va koorporativ jamoalarni jalb qilishga qaratiladi. Shu maqsadda tashkilotchilar tomonidan butun dunyo bo‘ylab yuguruvchilar orasida mashhur bo‘lgan bepul «GPS Strava» mobil ilovasi ishga tushirildi. Mobil ilova orqali finalchilarning yakuniy natijalari saytga avtomatik ravishda yuklanadi. Natijalar to‘g‘ri yuklanishi uchun «GPS Strava» mobil ilovasida akkauntingizni shaxsiy kabinet bilan birgalikda sinxronlashtirishingiz lozim.

Bu yilgi tadbirda birinchilik uchun asosiy kurash klublar, hududlar va jamoalar o‘rtasida kechishini inobatga olgan holda yarimmarafonda respublikamiz mintaqalaridan o‘zlarini faol namoyish etishlari so‘raladi. Odamlar qamrovi kengroq bo‘lishi uchun mobil ilovaga onlayn formatdagi ikkita yangi (masofasi 1 km bo‘lgan) «Bolalar yugurishi» va «Skandinavcha yurish» variantlari qo‘shildi.

1 noyabr kuni yarimmarafonning rasmiy saytida jarayon butun dunyo bo‘ylab jonli efirda uzatib boriladi. Shu kuni yugurish natijalariga ko‘ra eng uzun masofani bosib o‘tgan jamoa va hudud g‘olib deb e'lon qilinadi.

Samarqandda o‘tkazilgan matbuot anjumani yakunida tashkilotchilar marafon o‘tadigan trassalar va ularda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Ko‘proq yangiliklar: