Kanada bozoriga kirish imkoniyatlari, soxta viza va so‘z erkinligi - Torontodagi o‘zbek yuristi bilan suhbat (2-qism)

O‘zbekiston 10:06 / 17.10.2020 12630

Kanadaga borish, viza turlari va uni olish talablari, oylik maoshlar haqida Torontoda o‘z yuridik firmasiga ega o‘zbekistonlik yurist Rahmatjon Sobirov bilan suhbat tashkil etgan edik.

Suhbatimizning 2-qismida o‘zbek biznesmenlari Kanada bozoriga qanday kirishi mumkinligi, Kanadaga soxta viza tayyorlab beruvchi firibgarlar, fuqarolik va so‘z erkinligi kabi masalalarda so‘z bordi.

– O‘zbekistonlik tadbirkorlar qanday qilib Kanada bozoriga kirib kela oladi va Kanada bozori biznesmenlarimizga qanday imkoniyatlar taqdim etadi?

– Katta yoki kichik biznes vakili bo‘lsin, hozirda hamma o‘z mahsulotini chetga eksport qilishni xohlaydi. O‘zbekistondagi katta korxona, fabrika va xususiy sektor egalari, sarmoyasi bo‘lganlar Kanadada o‘z nomiga korxona sotib olishadi yoki ochishadi. Bu orqali 300 mln.dan ortiq iste'molchisi bo‘lgan va aholining xarid qobiliyati yuqori Amerika bozoriga kirishga imkoniyat paydo bo‘ladi.

Kanada – rivojlangan bozor, ochig‘i bu bozorga kirish oson emas. Sabr bilan yillar davomida iste'molchilarni o‘z mahsulotingizga jalb qilishingiz mumkin. Kanada korxonasiga aylanganingizdan so‘ng esa Kanada hukumati sizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Rahmatjon Sobirov

Xorijlik tadbirkorlar uchun mamlakatiga qarab diskrinimatsion talablar yo‘q. Kanada bozoriga kirayotgan biznesmenlar faqatgina Kanada bozorini ham emas, balki AQSh bozorini ham o‘rganishi kerak. Sababi Kanada tashqi savdosining 80 foizi AQSh bilan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar bu yerda ham aynan o‘zlarining bizneslarini davom ettirishi shart emas: Kanadadagi tayyor kichik va o‘rta bizneslardan birini sotib olish orqali brendni rivojlantirishda davom etish mumkin.

Hozirda shunday biznesmenlarimiz mavjudmi?

– Ha, albatta. Latviya, Dubay, Rossiya va Qozog‘istonda o‘z biznesiga ega vatandoshlarimiz hozirda Kanadaga kirishga harakat qilishmoqda. Sababi, yuqorida aytganimdek, Kanada – AQSh bozoriga darvoza vazifasini bajaradi. Bizda biznes faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ya olgan biznesmenlar Kanadadagi tartibli biznesda juda ham kuchayib ketishadi.

Hozirda Kanada fuqarosi bo‘lgan vatandoshlarimiz mavjud va ularga O‘zbekistonga kirish uchun viza shart emas. Biz bunday insonlarni vatanini sotganlar deb atashimiz noto‘g‘ri. Chunki bu insonlar Kanadada katta-katta lavozimlarda ishlash huquqini qo‘lga kiritishadi. Ya'ni Kanada pasportiga ega fuqaro vazir yoki boshqa hukumat lavozimlarida ham ishlashi mumkin.

Misol uchun, Kanada migratsiya vaziri Somalidan. Yoki mudofaa vazirimiz asl kelib chiqishi hindistonlik. Men ham xuddi shunday lavozimlarda bizning vatandoshlar ishlashini xohlagan bo‘lardim.

Kanadaga grin karta yoki hujjat tayyorlab beramiz deydiganlar ham bor. Bunday insonlar 40–50 ming so‘mga grin karta o‘ynatishadi. Bu haqida nima deya olasiz?

Kanadaga kelish imkonini beradigan hech qanday lotereya yoki grin karta mavjud emas. Bunday insonlar – sizni aldayotgan yolg‘onchilar.

Pulini bersangiz, Kanadaga ishga yuboramiz, degan insonlardan ham uzoqroq bo‘lishi kerak. Chunki sizga qalbaki hujjatlar qilib beradigan insonlar juda ko‘p.

Fotoshop orqali sizga viza ko‘rsatayotgan insonlarga 3000, 100, 15 dollar berishadi. Eng achinarlisi, bunday jabrdiydalarga Kanada tomonidan ham hech qanday yordam ko‘rsatilmaydi.

– Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda so‘z erkinligi borasida  o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Kanadada so‘z erkinligi qanday va bu davlatning rivojlanishiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Bu yerda OAV to‘rtinchi hokimiyat hisoblanadi. Hatto irqchilik yoki qo‘pol gaplarni ham aytishingiz mumkin va bu yerdagilar aytishga haqqi bor, bu uning so‘z erkinligi deyishadi. Albatta, unutmaslik kerakki, bunga belgilangan jazolar mavjud. Shu qatorda O‘zbekistondagi so‘z erkinligini ham e'tirof etishimiz kerak.

Shuningdek, so‘z erkinligi deb har xil provokatsion xabarlarni tarqatayotganlar ham bor. Bundan tashqari, aholining internet bilan ta'minlanishini yanada yaxshilash va internetni arzonlashtirish kerak. Bu ham davlatga juda katta yordam beradi. Tanqid qiluvchilar albatta kerak, sababi bu muammolarni anglash va rivojlanishimizda katta yordam beradi.

Bugungi kunda bizdagi so‘z erkinligiga 10 ballik tizimda necha ball berar edingiz?

– Adolatli yondashgan holda, 10dan 4 berar edim. Lekin progress juda yaxshi. Chunki bu oxirgi 4 yildagina qilingan ishlarning sharofati.

Albatta, 26 yillik fikrlarning o‘zgarishi biroz qiyin bo‘ladi. Bunday insonlarga sabr tilayman, tanqid eshitishlari oson bo‘lmaydi. Ularning ongi o‘zgarishi kerak. Men to‘rtinchi hokimiyat vakillariga ham bu borada sabr tilayman.

Kanadada korrupsiya qay darajada?

 Kanadada korrupsiya ancha kam. To‘g‘ri, Finlandiyachalik bo‘lmasa-da, lekin kam.

Monopoliyalar bormi?

Kanadada aligopoliyalar bor. Misol uchun, uyali aloqa vositalari bozorini 5ta kompaniya bo‘lib olgan va 6-kompaniya kirib kelishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Shuningdek, telekommunikatsiyalar, transport sohalarida ham mavjud. Lekin ishlab chiqarish sohasida monopoliya yo‘q.

Suhbatning ikkinchi qismini to‘liq Kun.uz'ning YouTube'dagi kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Suhbatning 1-qismi:

Ko‘proq yangiliklar: