Hafta o‘yinlari anonsi: «Liverpul» peshqadamga qarshi, «Arsenal» yetakchilarsiz qolgan «Siti» mehmoni

Sport 15:06 / 17.10.2020 7329

EVeRTON – LIVeRPUL (17 oktabr, 16:30)
Anchadan buyon «Liverpul» derbisi Angliya miqyosida bu qadar ahamiyat kasb etmagandi. Anchelotti boshchiligidagi «Everton» mavsumni juda muvaffaqiyatli boshladi – 4 o‘yin, 100 foizlik ko‘rsatkich. Jamoa har o‘yinda o‘rtacha 3tadan gol urmoqda, mag‘lub etilgan raqiblar ichida «Tottenhem» ham borligini inobatga olsak, «Everton»ning maqsadlari jiddiy. Tarkibda Din, Gomish, Allan, Xames kabi o‘z vaqtida turli ligalarda chempionlik uchun kurashgan tajribali futbolchilarning borligi jamoani yanada salobatli qiladi.

Ammo baribir tan olish kerak, haqiqiy sinov endi boshlanyapti – yaralangan «Liverpul» «ko‘klar» uchun eng ashaddiy raqib. O‘zaro o‘yinlarda doimiy     ravishda «Liverpul» ustun bo‘lgani, «Everton» derbidagi oxirgi g‘alabasini o‘n yil oldin qo‘lga kiritgani ham ko‘p narsani aytib turibdi. Shunday bo‘lsa-da, bu to‘qnashuvlar ancha keskin kechgan, oxirgi 22 o‘yinning yarmida durang qayd etilgan. Shu duranglardan biri ikki yil oldin «Liverpul»ni deyarli chempionlikdan mahrum qilgandi.

Tarkiblar borasida mezbonlarda muammolar bor. G‘alabali o‘yinlarda asosiy figura bo‘lgan futbolchilar Din va Allan maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Yyerri Mina va Sheymus Koulmenda ham kichik jarohatlar bor. Agar sanab o‘tilgan futbolchilar tiklanib ulgurishmasa, Anchelotti himoya chizig‘ini butunlay yangilashiga to‘g‘ri keladi. «Liverpul»da esa, darvoza chizig‘ida Alison yo‘qligi o‘yinga qay darajada ta'sir etishini o‘tgan o‘yinda ko‘rdik. Braziliyalik posbon seyvlari bilan bo‘lmasa-da, himoyachilar bilan yaxshi aloqa o‘rnatgani bilan muvaffaqiyat qozongandi. Adrian bilan himoyachilar ham ishonchsiz o‘yin namoyish qilishdi. Lekin virusdan davolangan Mane va Alkantara sog‘ayib, mashg‘ulotlarga qaytishgani «qizillar» uchun yaxshi xabar. Nabi Keyta esa, xuddi shu kasallik tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Mavsumni xuddi o‘tgan ikki yilning davomidek boshlab, ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritgan «Liverpul» o‘tgan turda juda og‘ir zarbani qabul qilib oldi. 2:7 hisobidagi mag‘lubiyat Kloppni uch ochkosiz qoldirish bilan birga, o‘yindagi asosiy kamchiliklarni ochib ham berdi. «Everton» «Aston Villa»ning «shpargalkasi»dan qanday foydalana oladi, ko‘ramiz.

NAPOLI – ATALANTA (17 oktabr, 18:00)
Hech narsa bo‘lmagandek, o‘tgan mavsumni davom ettirayotgan haqiqiy jamoa, shubhasiz, «Atalanta»dir. Bergamoliklar A Seriyani uch ishonchli g‘alaba bilan boshlashdi, uch o‘yinda 13 gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Odatda juda qiyin raqib hisoblanadigan «Torino» va «Latsio» klublari safarda mag‘lub etilgani, o‘tgan mavsumning kashfiyot jamoasi «Kalyari» yirik hisobda «tiz cho‘ktirilgani» jamoa yaxshi formada ekanini dalolat qiladi. Butun Yevropada top-jamoalar aynan sport formasi bo‘yicha muammolarga duch kelayotgani bir tomonda, ammo «Atalanta»ga ular kabi, avgustning o‘rtalarigacha yevrokuboklarda ishtirok etgani umuman salbiy ta'sir ko‘rsatmayotgani ham jumboq.

«Napoli» ham ilk ikki o‘yinda ishonchli g‘alaba qozonib, gol o‘tkazmagan holda raqiblar darvozasini 8 marta ishg‘ol qilgandi. Ammo o‘tgan turda «Yuventus»ga qarshi o‘yin uchun yozilgan texnik mag‘lubiyat barchasini buzib yubordi. Neapolliklar jamoasi tarkibida koronavirus chiqqach, mahalliy hokimiyat Turin safariga ruxsat bermadi. O‘yinni qoldirish bo‘yicha harakatlar esa bekor qilindi. Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus jamoaga o‘yinlarga qaytishga imkon yaratdi deyish mumkin.

Mezbonlar tarkibida virusdan davolanayotgan Petr Zelinski va Elif Elmas jamoaga yordam bera olmaydi. «Jyenoa» bilan o‘yinda jarohat olgan yetakchi hujumchi Lorenso Insine mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan va bu o‘yinda safga qaytish ehtimoli bor. «Atalanta»da esa Mattia Kaldara jarohat tufayli safdan chiqqan.

O‘zaro o‘yinlarning oxirgi uchtasida «Napoli» g‘alaba qozona olmayapti. Hatto Neapoldagi oxirgi uch uchrashuvning 2tasida mehmonlar yutgani va bir o‘yin durang bilan yakunlangani ham e'tiborga molik.

HOFFeNHAYM – BORUSSIYa DORTMUND (17 oktabr, 18:30)
Germaniya chempionati odatdagidek, juda qiziqarli boshlandi. Xuddi har kuzdagidek. Atigi uch tur o‘tgan bo‘lsa-da, ochko yo‘qotmagan jamoa qolmadi. Atigi ikki klub – «Bayyer» va «Volfsburg» mag‘lubiyatga uchramagan, ammo ularning hisobida birorta g‘alaba ham yo‘q.

«Hoffenhaym» esa mana shu taloto‘pning qahramonlaridan biridir. Bir paytlar Kiyevning «Dinamo»si Yevropada olamshumul natijalar ko‘rsatib, superkubokni yutgach, klub vakillaridan biri mavsum yakunidagi bayram tadbirlaridan birida shunday degan ekan – «yaxshiyam Yevropa Superkubogida jamoamizga «Bavariya» raqib bo‘ldi, «Paxtakor» emas». Sababi o‘sha mavsumda toshkentliklar «Dinamo»ni uyda 5:0, safarda esa 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Yaxshiyam Chempionlar Ligasi va Yevropa Superkubogida «Bavariya»ga «Barselona», «PSJ», «Lion» yoki «Sevilya» kabi jamoalar raqib bo‘ldi, «Hoffenhaym» emas. Hoffenhaymliklar 4:1 hisobidagi g‘alaba bilan myunxenliklarni «yerga tushirib» qo‘yishdi.

Sebastiyan Hyones shogirdlari uchun navbatdagi sinov Dortmundning «Borussiya»si bo‘ladi. «Augsburg»dan mag‘lubiyat dortmundliklarning hali u qadar kuchli emasliklarini ko‘rsatsa, umuman «qishloqliklar»ning «Borussiya» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham ustunligi bor. Oxirgi besh o‘yindan 4tasida g‘alaba qozonilgan, bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Ayniqsa, o‘tgan yozdagi to‘qnashuvda «Hoffenhaym» Dortmundda 4:0 hisobida g‘alaba qozongan, Andrey Kramarich pokerga erishgandi.

Tarkiblarda katta muammolar yo‘q. Ammo dortmundliklarni mazkur uchrashuvdan uch kun o‘tib, Rimda qiyin uchrashuv kutib turganini ham unutmaslik kerak. «Latsio» bilan o‘yin Yevropa Chempionlar Ligasi guruhida ko‘p masalani hal qiladigan ahamiyatli o‘yinlardan biri bo‘ladi. Lyusen Favr «Hoffenhaym»ga qarshi o‘yinda tarkib tanlashda YeChL bahsi haqida ham o‘ylashi mumkin.

INTeR – MILAN (17 oktabr, 21:00)
Milanda Italiyaning asosiy derbisi bo‘lib o‘tadi. Anchadan beri ushbu to‘qnashuv o‘z oldiga turnirda yuqori maqsadlar qo‘ygan ikki raqib o‘rtasida bo‘lmayotgandi. To‘g‘ri, hozir mavsum boshida yaxshi natijalar oddiy «Sassuolo»da ham bor, ammo «Milan»ning muvaffaqiyatli seriyasi o‘tgan mavsum oxiridan beri davom etib kelayotganini ham e'tiborga olish kerak. Pioli shogirdlari uch o‘yinda g‘alaba qozonishdi va darvozalaridan birorta ham gol o‘tkazib yuborishmadi. Raqiblar «Bolonya» hamda ikki debyutant «Krotone» va «Spetsiya» bo‘lgani e'tiborga olinsa, haqiqiy sinov endi boshlanadi – shanba oqshomida «Inter», keyingi turda «Roma».

«Inter» ham yomon boshlamadi: ikki g‘alaba va «Latsio» bilan durang. Shuningdek, so‘nggi derbilarda ham «neraddzuri»ning ustunligi kuzatilgan – oxirgi to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba va «Milan» aynan A Seriya doirasida oxirgi marta 2016 yilning fevralida g‘alaba qozongan. Ammo tarkibdagi yo‘qotishlar borasida «Inter»ning holati biroz muammoli. Konte jamoasida birato‘la 6 nafar futbolchi koronavirus bilan kasallandi. Bular – Bastoni, Yang, Radu, Shkrinyar, Nainggolan, hamda Galyardini. Stefano Sensi esa «Latsio»ga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgani uchun diskvalifikatsiyani o‘tamoqda. Aleksis Sanchesda esa jarohat bor. «Milan»da Matteo Gabbiya va Leonardo Duarteda virus aniqlangan. Zlatan Ibrahimovich ushbu kasallikdan sog‘aygan va derbiga tayyor. Yetakchi futbolchilardan biri Ante Rebich jarohatlangandi, ammo uning ham safga qaytish ehtimoli bor.  

MANCheSTeR SITI – ARSeNAL (17 oktyabr, 21:30)

Ustoz va shogirdning navbatdagi bahsi. Bungacha o‘tkazilgan so‘nggi uchrashuvda Angliya kubogi yarimfinalida Arteta ustozi ustidan g‘alaba qozongan va uni ilk marta mavsumni sovrinsiz yakunlashga majbur qilgandi. Ammo gap Premer Liga bahslari haqida ketganida, qatorasiga 6 o‘yindan beri «Manchester Siti»ning qo‘li baland kelmoqda va bu o‘yinlarning yarmida yirik hisob qayd etilgan. Umuman, «Arsenal» APLda «Manchester Siti»ni oxirgi marta 2015 yilda mag‘lub etgan.

Ushbu qora an'anani buzishning ayni vaqti. Chunki Gvardiola jamoasi mavsumni yaxshi boshlay olmadi. O‘yinlarda jamoa ayniqsa, jismoniy tomondan yaxshi holatda emasligi bilinib turibdi. «Vulverhempton»da qarshi o‘yinning 2-bo‘limida jamoa kurasha olmay qolgan bo‘lsa, keyingi turlarda «Lester» va «Lids» aynan mana shu jabhada «shaharliklar»dan ustun keldi. Buning ustiga «Siti»ning bir qancha yetakchilarida muammolar bor. Serxio Aguero va Gabriyel Jyezus sog‘aygani aytilsa-da, ular bu o‘yinga tayyor bo‘lishlari shubha ostida. Buning ustiga, Rahim Sterling va Kevin de Bryuyne milliy jamoa yig‘inlarida kichik jarohat olishdi. Belgiyalik futbolchi navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuborishi aniq bo‘ldi, Sterling ham jamoaga yordam bera olmasligi ehtimoli bor. Jamoa baxtiga Chempionlar Ligasida nisbatan yengilroq guruh to‘g‘ri keldi, aks holda, bugungi sport formasi bilan ushbu musobaqadagi istiqbol ham xavf ostida qolardi. Kelasi haftada manchesterliklar «Portu»ni qabul qiladi.

«Arsenal»da jarohatlanganlar ko‘proq bo‘lsa-da, asosiy futbolchilar emas: Chembers, Martinelli, Tirni, Mustafi yo zaxira, yoki o‘rnini almashtirish imkoni bo‘lgan futbolchilar hisoblanishadi.  

XeTAFe – BARSeLONA (17 oktabr, 23:55)

«Barselona»ni yangi murabbiy bilan kuzatish qiziq. Klub e'tiborli transferlar qilmagani uchun, o‘yindagi o‘zgarishlarda aynan Kumanning imzosini sezish qiyin bo‘lmaydi. Dastlabki bahslarda jamoa yaxshi taassurot qoldirdi: Messi va Koutinoning yangi roli, ajoyib Fati, jamoaviy harakatlanish va tezkorlikdagi ijobiy chizgilar natijaga ham ta'sir ko‘rsatayotgandi – dastlabki ikki o‘yin yirik hisobda g‘alaba qozonildi. Ammo «Sevilya» bilan uchrashuv jamoani biroz to‘xtatgandek tuyuldi.

Shu ma'nodaki, «Sevilya» hozirda nafaqat Ispaniya, balki Yevropada eng yaxshi sport formasida bo‘lib turgan jamoalardan biri. Buni biz «Bavariya» bilan superkubok uchrashuvida ham ko‘rgandik. Aynan shunday jamoa fonida ma'lum bo‘ldiki, hali Kuman g‘oyalari futbolchilarga singib, funksiyalar avtomatlashib ulgurmagan. Ko‘p ish qilinishi kerak. Ancha noqulay va jismonan yaxshi holatda bo‘lgan «Xetafe»ga qarshi o‘yin ham navbatdagi imtihon bo‘ladi. Madridliklar so‘nggi turda Sosedadda mag‘lub bo‘lsalar-da, undan oldingi o‘yinlarni yaxshi o‘tkazishgan, uch o‘yinda o‘z darvozalarini daxlsiz saqlab qolishgandi.

Bu o‘yin «Barselona» uchun strategik ahamiyatga ham ega. Kelasi haftada YeChL boshlanadi. Ilk raqib, «Ferenvarosh», bu klub katta qiyinchilik tug‘dirmaydi, ammo keyinchalik qiyin o‘yinlar boshlanadi. Avvaliga, 24 oktabr kuni «Real» «Kamp Nou»ga tashrif buyursa, keyin Kuman shogirdlarini Turin safari kutib turibdi. Ya'ni agar «Barselona» o‘z o‘yinini yanada takommilashtirib olishi kerak bo‘lsa, bu ishni hozir qilish kerak va qiyin taqvim oldidan ochko yo‘qotish ham mumkin emas.  

Tarkiblarga to‘xtalsak, Ter Stegendan tashqari, o‘tgan turda Alba jarohat olgandi. Aslida o‘ng qanot uchun sotib olingan Serjino Dest qarama-qarshi tarafda yomon taassurot qoldirmadi. Demak, agar tarkibda muammo tug‘iladigan bo‘lsa, futbolchilarning jismoniy holatidan kelib chiqib qaror qilish mumkin, zero  milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus ham aynan mezbonlarning foydasiga ishlaydi. «Barselona»ning aksariyat futbolchilari milliy jamoalar tarkibida, turli qit'alarda o‘yinlar o‘tkazib qaytishgan bo‘lsa, «Xetafe» deyarli to‘liq tarkib bilan ushbu uchrashuvga xotirjam tayyorlandi.

NYuKASL – MANCheSTeR YuNAYTeD (17 oktabr, 23:55)
Sulsherning kursisi qimirlab qoldi va uning iste'fosi uchun stavkalar qabul qilishni boshlashdi. Dastlabki turlarda APLning eng yomon jamoasi nominatsiyasida g‘olib chiqqan «Manchester Yunayted» zudlik bilan ahvolni o‘nglashi kerak. Bu o‘yinda ham ochko yo‘qotilishi, birinchidan, turli manbalar tomonidan aytilayotgan, go‘yoki futbolchilarning murabbiyga ishonchsizligi ortayotgani rost bo‘lsa, bu jiddiylashadi. Ikkinchidan, keyingi turlarda «Yunayted»ni «Chelsi», «Arsenal» va «Everton»ga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Jamoa yanada qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin. Buning ustiga kelasi hafta Parijga safar qilinadi. Ha, bu Yevropa Chempionlar Ligasi – Sulsherda APLdagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin o‘ziga kelib olishda ko‘mak beradigan Yevropa Ligasi yo‘q endi.

«Nyukasl» esa «Yunayted»ning klassik raqibi, hatto eng shonli yillarda ham «chalish»ni uddalagan. «Sent Jyeyms Park»dagi oxirgi 4 o‘yinning atigi bittasida mehmonlar ustun kelishgan. O‘tgan yili Longstaffning goli mezbonlarga g‘alaba olib kelgandi. Shuningdek, «Nyukasl» to‘rt o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti. To‘g‘ri, ikkita o‘yin Liga kubogi doirasidagi o‘yinlar edi, ammo shunday bo‘lsa ham, autsayder uchun bunday seriya ko‘tarinki ruh va ishonch bag‘ishlaydi. Yana bir ustunlik, mana shunday pallalarda barcha top-klublarning raqiblari singari – birinchidan, «Yunayted» futbolchilarining aksariyati milliy jamoalar yig‘inlarida qatnashib kelishdi, ikkinchidan, kelasi haftada ularni «PSJ» bilan o‘yin kutib turibdi.

Tarkiblar borasida har ikki jamoaga ham havas qilib bo‘lmaydi. Mehmonlardan Antoni Marsiyal diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmaydi. Yangi transfer Edinson Kavanining ham maydonga tushishi dargumon, u anchadan buyon jamoaviy mashg‘ulotlardan uzoq edi va buning ustiga karantindan chiqdi. Erik Bayi milliy jamoasida jarohat oldi. Himoyachi hammasi yaxshi ekanini aytayotgan bo‘lsa-da, uning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. Lekin Aleks Telles va Fakundo Pallestri kabi yangi qo‘shilgan futbolchilar debyut qilishlari mumkin.

«Nyukasl» lazaretida esa bir butun jamoa yotibdi. Duayt Geyl, Jamal Lyuis, Martin Dubravka, Mett Ritchi kabi futbolchilar aniq jamoaga yordam bera olishmaydi, Yyedlin, Lassels, Longstaff hamda Dammet kabi futbolchilarning maydonga tusha olmasliklari ehtimoli yuqori.

BOShQA O‘YINLAR
16 oktabr. «Nim» – «PSJ» (23:55)
17 oktabr. «ZeNIT» – «Sochi» (16:00) «CheLSI» – «Sauthempton» (19:00), «Selta» – «ATLeTIKO» (19:00), «Arminiya» – «BAVARIYa» (21:30), «ReAL» – «Kadis» (21:30), «Krotone» – «YuVeNTUS» (23:45)
18 oktabr. «TOTTeNHEM» – «Vest Hem» (20:30), «LeSTeR» – «Aston Villa» (23:15)
19 oktabr. «Lids» – «Vulverhempton» (23:55) 

Ko‘proq yangiliklar: