Dunyodagi vaziyat: koronavirusga qarshi dorilarning samarasizligi va Yevropada mahalliy lokdaunlar

Jahon 08:29 / 17.10.2020 8991

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlangandan beri dunyo bo‘ylab 39 mln inson kasallandi, Covid-19 qurbonlari soni milliondan ortib ketgan.

Koronavirus infeksiyasini «Remdesivir» tajribaviy dorisi bilan davolash bemorlarning o‘limi soniga sezilarli darajada ta'sir o‘tkazmaydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining klinik tadqiqotlari guvohlik bermoqda. JSST 11,2 ming bemorni davolash jarayonini tekshirib, shunday xulosaga keldiki, hech qaysi dori bemorning yashab ketish imkoniyatlariga ta'sir o‘tkazmagan va ularning sun'iy nafas oldirishga ehtiyojini pasaytirmagan.

Bunda gap nafaqat «Remdesivir», balki «Gidroksixloroxin», «Lopinavir» va «Interferon» haqida ham bormoqda. Bundan tashqari, JSST tadqiqoti bu dorilar koronavirusga chalingan bemorning kasalxonada yotish vaqtini deyarli qisqartirmasligini ko‘rsatgan.

«Remdesivir» Amerikaning Gilead Sciences farmakologik kompaniyasi tomonidan dastlab Ebola bezgagiga qarshi vosita sifatida ishlab chiqarilgan. Apreldagi sinovlardan keyin u AQShda va Yevroittifoqda Covid-19 bilan kasallanish holatida qo‘llash uchun ma'qullandi. AQSh Milliy salomatlik institutlari «Remdesivir» davolanish vaqtini o‘rtacha 15 kundan 11 kungacha qisqartirishini aytgan edi. Gilead Sciences iyulda e'lon qilgan ma'lumotlarda dori koronavirusdan vafot etish ehtimolini kamaytirishi aytilgandi, ammo bular nazorat tadqiqoti tomonidan tasdiqlanmadi.

Finlar bosh vaziri karantinga ketadi
Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin u yaqinda uchrashgan Finlyandiya parlamenti a'zosiga Covid-19 tashxisi qo‘yilganligi oydinlashgach, Bryusselda start olgan YeI rahbarlari sammitini tark etishga majbur bo‘ldi. U Xelsinkiga qaytadi, testdan o‘tadi va profilaktik izolyatsiyasiga olinadi.

Bu ikki kun ichidagi ikkinchi hodisa: Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘zining nutqidan bir necha soat o‘tgach sammitni tark etdi, unga ham yaqin orada suhbatda bo‘lgan insonlaridan birida koronavirus tashxisi aniqlangani haqida xabar qilingan. Lyayyen topshirgan tahlildan manfiy natija olingan. 

Bryusseldagi sammit mavzusi asosan Yevropa mamlakatlaridagi tahlikali epidemiologik vaziyatga qaratilgan. Kasallanish holatlarining keskin o‘sishi deyarli hamma joyda qayd etilgan. Bir necha mamlakatdagi kasalxonalar yana Covid-19 kasallari bilan to‘lib toshyapti.

YeIning ba'zi rahbarlari fikriga ko‘ra, pandemiyaga qarshi samarali kurashish uchun itttifoq mamlakatlari bir xil cheklov choralarini joriy qilishi kerak, ammo bu taklif hozircha umumiy holatda qo‘llab-quvvatlanmadi.

Britaniyadagi ziddiyatlar
Britaniyaning Lankashir grafligiga yakshanba kunidan boshlab mamlakat mintaqalarida kasallanish holatining yangi tasnifi bo‘yicha eng yuqori uchinchi daraja beriladi. 

Ushbu toifa birinchi bo‘lib Liverpulga berilgan. Darajalar alohida shaharlarga ham, butun grafliklarga ham berilishi mumkin. Toifalash quyidagicha: birinchi daraja - o‘rtacha xavfli, ikkinchisi yuqori va uchinchisi eng yuqori darajada xavflidir.

Uchinchi toifaga tushib qolish eng qat'iy cheklov choralarini joriy qilishni anglatadi. Ammo, Liverpuldagi vaziyatdan farqli o‘laroq, Lankashirdagi sport zallari o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin. Liverpul meri bu holatni to‘la chigal va adolatsiz deb atab, markaziy hukumatdan izoh talab qildi. Umumiy holda Angliyada koronavirus statistikasi so‘nggi bir hafta ichida 50 foizga oshdi, deb xabar beradi Buyuk Britaniya Milliy statistika idorasi. Uels ma'muriyati bemorlar sonining keskin ko‘payishi sababli qisman lokdaun joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

Buyuk Britaniya o‘lim holatlari soni bo‘yicha Yevropada (43,3 ming) yetakchi bo‘lib, kasallanish holatlari soni bo‘yicha Ispaniya va Fransiyadan keyingi uchinchi o‘rinda turadi (676,4 ming). 

Fransiya bo‘ylab komendantlik soati
Juma kuni yarim tundan boshlab Fransiyaning yirik shaharlari - Parij, Lion, Marsel, Lill, Ruan va boshqa shaharlarda komendantlik soati kuchga kirdi. Ushbu cheklov umumiy hisobda 22 millionga yaqin insonga taalluqli. 

Komendantlik soati kechki 9:00dan ertalab 6:00gacha amal qiladi. Birinchi marta qoidani buzuvchilar 135 yevro jarimaga tortiladi, holat qayta kuzatilgan taqdirda olti oygacha qamoq jazosi va 3750 yevro miqdorida jarima qo‘llanadi.

Faqatgina yugurishga va kuchugini aylantirishga chiqqan insonlar bundan mustasno. Biroq, birinchi lokdaunda bo‘lgani kabi, ular o‘zlari bilan maxsus ruxsatnomani olib yurishi kerak. 

So‘nggi paytlarda Fransiyada kasallanish holatlari statistikasi o‘sib bormoqda. Epidemiya boshidan beri mamlakatda 850,1 ming kishi virusdan zararlandi, 33,1 ming kishi vafot etdi. 

Polshada rekord darajadagi qurbonlar soni
Polshada Covid-19 va u bilan bog‘liq sabab tufayli o‘limning kunlik ko‘rsatkichi rekord darajaga ko‘tarildi - 132 o‘lim. Bu butun epidemiya davri uchun eng katta raqam. Shuningdek, so‘nggi 24 soat ichida 7705 nafar yangi bemor aniqlandi, bu ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Shanba kunidan boshlab mamlakat hududlarining deyarli yarmi, shu jumladan, Varshava va boshqa yirik shaharlarda qattiq cheklovlar joriy etiladi.

O‘rta maktab va universitet talabalari yana masofadan o‘qitiladi. Ko‘p mehmonli bazmlar, shu jumladan, to‘y va boshqa uylarda istiqomat qiluvchi insonlar bilan oilaviy yig‘inlar o‘tkazish taqiqlanadi. Jamoat joylarida 10 kishigacha guruh bo‘lib to‘planish mumkin. 

Bar va restoranlarga tashrif buyuruvchilar soni muassasalar sig‘imining 50 foizidan oshmasligi kerak. Kechki soat 9:00dan boshlab xizmat faqat ovqat olib ketish uchun ko‘rsatiladi.

Shveytsariyada virus avj olishi
Shveytsariya hukumati sentabr oyida yodel qo‘shiqchilarining Shvits kantonida bo‘lib o‘tgan konserti mamlakat ichkarisida virus tarqalishi uchun sharoit yaratib berganini tan oldi. Konsertga 600 tomoshabin tashrif buyurgan.

Konsert tashkilotchilari ulardan masofa saqlashni iltimos qilishgan, ammo niqob kiyish majburiy bo‘lmagan. 

Konsertdan to‘qqiz kun o‘tgach, unga tashrif buyurgan guruhlarga Covid-19 tashxisi qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi.  Keyingi bir necha hafta ichida kantonda kasallanganlar soni 1230 nafarga yetdi. 

Isroil lokdaundan chiqyapti
Isroil rasmiylari mamlakatni sentabr o‘rtalarida joriy qilingan takroriy umummilliy lokdaundan bosqichma-bosqich olib chiqishga kelishib olishdi. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida kasallanish bilan bog‘liq yangi holatlarning kunlik darajasi sezilarli darajada - 9 mingdan 2 mingdan kamroqqa tushdi. 

Yakshanba kunidan boshlab isroilliklar o‘z uylaridan 1 kilometrdan ortiq masofada harakatlanishlari mumkin bo‘ladi. Bolalar bog‘chalari ochiladi, restoranlar olib ketish uchun taomlar tayyorlashi mumkin. 

Plyaj va parklarga borish hamda Quddusdagi G‘arbiy Devorda ibodat qilishga qayta ruxsat beriladi. Musulmon va nasroniy ziyoratgohlari ham ziyoratchilar uchun ochiq.

Epidemiya boshlanganidan beri Isroilda umumiy holatlar soni 301,3 ming kishini tashkil etdi, 2139 kishi vafot etdi. 

Uchish qanchalik xavfsiz?
AQSh mudofaa vazirligi vakillari, agar barcha yo‘lovchilar niqobda bo‘lsa, samolyot bortida koronavirus bilan kasallanish xavfi minimal ekanligini tasdiqlagan tadqiqot o‘tkazishdi. Tajribalar Boeing samolyotlarining uzoq muddatli parvozlari davomida amalga oshirildi. 

Olimlar koronavirusni tashiy oladigan zarrachalarning 99 foizgacha qismi shamollatish tizimi orqali 6 daqiqa ichida filtrlanishini aniqlashdi. 

Shu bilan birga, ular tajriba sharoitida, bortda koronavirusga chalingan faqat bir bemor bo‘lganini ta'kidlashadi. Shuningdek,  vaziyat yo‘lovchilarning salon atrofida aylanib yurishi holatida sinovdan o‘tkazilmagan.

Shunga qaramay, tajriba mualliflari uning natijalarini juda quvonarli deb hisoblashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: