Turkiya va Ukraina strategik sheriklikni rivojlantirishga kirishdi

Jahon 20:37 / 16.10.2020 4863

Vladimir Zelenskiy Turkiya poytaxtida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashib, mudofaa va savdo sohasidagi hamkorlikdan tortib ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro masalalar, shu jumladan, Qorabog‘ inqirozini ham muhokama qiladi.

Ukrainaning «Antonov» va Turkiyaning aviatsiya firmalari AN-178 samolyotlarini birgalikda ishlab chiqarishi ham kun tartibidan joy oladi.

Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan joriy yilning fevral oyida Kiyevda uchrashgan edi. Tashrif davomida imzolangan kelishuvga binoan, Turkiya Ukrainaga harbiy ehtiyojlarini qondirishda yordam berish uchun 205 million lira (25,8 million dollar) berishni va'da qilgan.

Ikki mamlakat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliarddan 20 milliard dollargacha yetkazishga kelishib oldi. Bu esa 2019 yilda qayd etilgan o‘zaro tovar ayirboshlashga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shuningdek, rahbarlar 2012 yildan buyon davom etib kelayotgan erkin savdo shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni bu yil yakuniga yetkazishni talab qilishdi. O‘tgan yili Ukraina Turkiyadan oltita «Bayraktar TB2» rusumli uchuvchisiz uchish apparatlari (SIHA) va uchta yer usti boshqaruv stansiyalari tizimini sotib olgan edi. Shuningdek, o‘tgan avgust oyida Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya ham Turkiyaga tashrif buyurgandi.

Ko‘proq yangiliklar: