Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori o‘zgardi

O‘zbekiston 14:22 / 16.10.2020 15775

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, Xurshid Fozilov 1976 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining A.N. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik markazi klinik ordinatura hamda aspiranturasida o‘qigan. Yurtimizga qaytgach, ixtisosligi bo‘yicha faoliyat yuritgan. Tayinlovdan avval, 2017 yildan buyon Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali direktori lavozimini egallab kelgan. Oliy Majlis Senati a'zosi.

Xurshid Fozilovga aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, kardiologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, ularga tashxis qo‘yish va oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi. Shuningdek, kardiologiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratish singari vazifalarga ham mas'ul etib belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu tibbiyot muassasasida direktor lavozimida ishlab kelgan O‘zbekiston Qahramoni, akademik Ravshanbek Qurbonov markaz direktorining maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: