O‘zbekistonda valuta operatsiyalari monitoring qilinishi lozim bo‘lgan ofshor hududlar ro‘yxati kengaytirildi

O‘zbekiston 08:23 / 16.10.2020 7526

Norma’ning yozishicha, bank filiallari va bojxona xizmati organlarining hududiy boshqarmalaridan axborot oladigan soliq organlari aniqlashtirildi -  hududiy davlat soliq boshqarmalari va Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi.
 
Mezonlardan biriga tuzatish kiritildi – rezident-jismoniy shaxs tomonidan jismoniy shaxslarning xorijdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘lari o‘tkazmasi summasi. Agar bir kalendar yili davomida o‘tkazma summasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa (ilgari – ekv. $10 ming) banklar xabar berishlari kerak.
 
Valuta operatsiyalari to‘g‘risidagi ma'lumot ilgarigidek yil boshidan o‘sib borish tartibida emas, balki har hisobot oyi uchun alohida taqdim etiladi.
 
Bojxona organlari ham olib kirilayotganda, ham olib chiqilayotganda (ilgari – faqat olib kirilayotganda va oshirilganda) aniqlangan tovarning faktura qiymatini asossiz ravishda oshirish va kamaytirish holatlari to‘g‘risida xabar berishlari kerak.
 
Valuta operatsiyalari (import bo‘yicha to‘lov, bank hisobvaraqlariga o‘tkazish) monitoring qilinishi lozim bo‘lgan ofshor hududlar ro‘yxati kengaytirildi. Unga Amerika Samoasi, Aruba, Gvatemala, Dominika, Kiribati, Monako, Normand Olderni oroli, Pitkern, San-Marino, Sen-Marten (Sint-Marten), Urugvay va Filippin kiritildi.
 
Monitoringning yangi mexanizmi joriy etildi. Olingan ma'lumotlarni o‘rganish chog‘ida soliq organlari elektron axborot bazalaridagi hamda o‘zlarida mavjud boshqa ma'lumotlarga tayanadilar. Valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi buzilganlik holatlari aniqlanganda, xo‘jalik yurituvchi sub'yektga so‘rovnoma yuboriladi:

  • elektron shaklda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga – o‘qib chiqilgandan keyin, lekin ushbu so‘rovnoma jo‘natilgan sanadan e'tiboran 3 kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi;
  • agar sub'yektning shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi - u jo‘natilganidan so‘ng 5 kundan keyin olingan deb hisoblanadi. 

So‘rovnomada ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar va axborotlar soliq organiga so‘rovnoma olingan kundan e'tiboran 5 ish kuni ichida taqdim etilishi lozim.
 
Ular to‘liq bo‘lishi kerak, aks holda soliqchilar qo‘shimcha axborot va hujjatlarni taqdim etish yuzasidan yangi so‘rovnoma yuboradi. Ayrim hollarda qo‘shimcha axborot banklar va bojxona organidan so‘rab olinadi.
 
Monitoringni amalga oshirish jarayonida huquqiy ta'sir choralari qo‘llanilmaydi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektning faoliyati to‘xtatilmaydi. Agar monitoring:

  • huquqbuzarlik faktlari sodir etilganligini tasdiqlasa - soliq organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘riladi yoki materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlaganda - soliq organlari bu haqda 3 kun muddat ichida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yozma xabar beradi.

 Hujjat 12.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: