O‘zbekistonda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish: qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektori ushbu muammolarni hal qilishda qanday yordam bera oladi?

O‘zbekiston 19:45 / 16.10.2020 2958

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat (tekstil, tikuv-trikotaj va teri-charm sanoati sohalari)ni o‘z ichiga oluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektori O‘zbekiston iqtisodiyotida hayotiy muhim o‘rin tutadi. 2019 yilda ushbu sektorning mamlakat YaIM hajmidagi ulushi eng yirik bo‘lib, 41 foizni tashkil etgan, u shuningdek, eksportdan olingan jami daromadning 19 foizini o‘zida jamlagan.

Bugungi kunda birgina qishloq xo‘jaligining o‘zi YaIMning 28 foizini yaratmoqda. Bu sohada boshqa istalgan sohaga qaraganda ko‘proq – jami ishchi kuchining 27 foizi yoki 3,65 milliondan ortiq fuqaro mehnat qiladi. Koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qaramasdan, mazkur soha mamlakatdagi iqtisodiy o‘sishning muhim harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2020 yilda sohadagi o‘sish umummilliy YaIMning 0,6 foizga o‘sishi bilan solishtirganda 2,8 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, qishloq xo‘jaligi sohasida hozirgiga qaraganda ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratish imkoniyati mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat tomonidan puxta o‘ylab, taqdim etilgan ko‘mak va investitsiyalar hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida har yili 700 mingdan 1,3 mln nafargacha yangi ishchilarni ish bilan ta'minlash mumkin. Bu butun mamlakat bo‘ylab har yili mehnat bozorlarini to‘ldirayotgan 600 ming nafar yoshlarga ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘liq masalani yechish uchun yetarlidan ortiq ko‘rsatkichdir.

Qishloq xo‘jaligining qimmati bu sohada yaratilgan ish o‘rinlari bilangina cheklanib qolmaydi. Bu sektordagi mehnat bilan bandlik kambag‘allik va tengsizlikni qisqartirishga boshqa har qanday sohaga qaraganda kuchliroq ta'sir ko‘rsatadi.

2019 yilda O‘zbekistonning 9,6 foiz (3,2 mln nafar) aholisi bir kunda 3,2 dollar evaziga kun ko‘rib, kambag‘allik chizig‘idan past darajada hayot kechirardi, bu daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan davlatlar uchun belgilangan kambag‘allik darajasining xalqaro ko‘rsatkichi bo‘lib, O‘zbekiston ham shunday davlatlar sirasiga kiradi. Mamlakatda yashovchi kam ta'minlangan aholining 80 foizga yaqini qishloq joylarida istiqomat qiladi va ularning daromadlari deyarli butunlay qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bog‘liqdir. Hisob-kitoblarga qaraganda, 2020 yilda koronavirus avj olishi sababli kambag‘allik darajasi O‘zbekistonda so‘nggi yigirma yil ichida birinchi marta o‘sa boshladi.

Turli mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy o‘sish kambag‘allikning 2-3 baravar qisqarishiga imkon beradi. Mazkur ko‘rsatkich iqtisodiyotning istalgan sektoriga qaraganda ancha yuqoridir. Shu tariqa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ish o‘rinlari kambag‘allikni qisqartirishga ko‘maklashibgina qolmay, qishloq aholisining turli iqtisodiy jarayonlarda yanada faolroq ishtirok etishlari imkonini ham oshiradi. Mazkur qoida O‘zbekiston uchun ham istisno emas. Shunday qilib, keltirib o‘tilgan maqsadlarga erishish uchun mamlakat nima qilmog‘i kerak?

Yaqin vaqtlargacha mavjud bo‘lgan umumiy davlat nazorati va qishloq xo‘jaligi sohasiga davlat tomonidan yetarli darajada investitsiyalar kiritilmagani oqibatida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektoridagi potensial ish bilan bandlik sezilarli ravishda kamaygan. Davlat buyurtmalari asosida ishlash tizimi doirasida fermerlar bir turdagi mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishga, yetishtirgan paxta va bug‘doylarini davlat tomonidan o‘rnatilgan past narxlarda sotishga majbur edilar. O‘z navbatida, boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish uchun yerlarning mahalliy shart-sharoitlarni hisobga olmasdan ajratilganligi hisobiga ularning hosildorligi past bo‘lgan.

Bundan tashqari, tizimli axborot-maslahat xizmatlarining mavjud emasligi sababli o‘zbekistonlik fermerlar eksport bozorlaridagi imkoniyatlar, muayyan mahsulotga bo‘lgan talab, iqlim sharoitlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligini yuritish texnologiyalari va metodlari to‘g‘risida aniq va tezkor ma'lumotlarga ega emas edilar. Ular, shuningdek, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari, mahalliy ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan turli agroekologik sharoitlarga moslashtirilgan va iqlim o‘zgarishlariga chidamli yuqori sifatli urug‘larni sotib olish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga ham duch kelar edilar.

Ushbu omillar mahalliy fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalarining o‘z ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish va samaradorligini oshirishga sarmoya jalb qilishga bo‘lgan rag‘batini so‘ndirardi. O‘z navbatida, bu ishchi kuchiga bo‘lgan talabning pasayishiga olib keldi. Shunga qaramay, kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida mavjud bo‘lgan qulay shart-sharoitlar yaratilsa, ushbu vaziyat O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat bilan bandlik darajasining o‘sishi uchun katta imkoniyatlarni namoyon etadi. 

2017 yildan boshlab, O‘zbekiston hukumati bir qator sohalarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida ham iqtisodiy islohotlar o‘tkazib kelmoqda. Ushbu islohotlar sharofati bilan mazkur sektorni generatorga o‘zgartirish asoslari yaratilmoqda va u yaratiladigan ish o‘rinlarining soni va sifati bo‘yicha sektordan kattaroq bo‘lib, qishloq joylarida yashovchi kishilar farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Hatto kelajakda ham butunlay mexanizatsiyalashuvi qiyin bo‘lgan meva-sabzavotchilikning mashaqqatli va katta raqobatga ega sektoridagi nisbatan yuqori ustuvorliklari hisobiga O‘zbekiston kelgusida foyda ko‘rishi mumkin. Qolaversa, paxta va bug‘doyni davlat buyurtmasi asosida yetishtirishni bekor qilish, shuningdek, zamonaviy energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni yanada keng joriy etish hisobiga yerdan foydalanish samaradorligini oshirish  bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ham o‘z samarasini berishi tayin. 

Qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab sifatli ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari bir nechta yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin. Quyida keltiriladigan choralar ularning eng istiqbollisi bo‘lib hisoblanadi:

·        yerlarning mahsuldorligini oshirishga imkon yaratib, ichki va tashqi bozorlarda sotishda katta imkoniyatlarni ta'minlay oladigan nisbatan ko‘p mehnat talab qiluvchi qishloq xo‘jaligi ekinlari, masalan, meva va sabzavotlarni yetishtirish uchun qo‘shimcha maydonlar ajratish;

·        chorva uchun ozuqa ekinlari va sabzavotlar kabi ekilgan yili hosil beruvchi asosiy ekinlar hosilini yig‘ib olgach, dalada qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining ikkilamchi ekinlarini yetishtirish amaliyotini kengaytirish;

·        ishlab chiqarish daromadini oshirishgagina xizmat qilib qolmay, intensiv bog‘lar va uzumzorlar, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari singari ko‘proq mehnat sarf qilishni talab etuvchi texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligining tegishli xalqaro standartlarini joriy etish (Global GAP).

Quyida 2030 yilga borib faqat qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat bilan bandlik darajasini oshirish imkoniyatlarini namoyish etuvchi bir nechta misollar keltirilgan:

  • Hozirgi vaqtda paxta va bug‘doy ekinlari bilan band bo‘lgan maydonlar (2019 yildagi 67 foizdan 2030 yilga borib 45 foizgacha) nisbatan ko‘p mehnat talab qiluvchi meva-sabzavot ekinlari yetishtirish uchun ajratilsa, 2030 yilga borib qishloq xo‘jaligida 26 foiz ko‘proq ish o‘rinlari yaratish yoki qo‘shimcha 915 000 nafar ishchini ish bilan ta'minlash mumkin bo‘ladi. Aksariyat ish o‘rinlari sabzavot, meva va reza mevalar, kartoshka va uzum yetishtirish sohasida yaratiladi.  
  • Sohadagi mexanizatsiyalashish hisobga olinsa, mehnat bilan bandlikning o‘sish ko‘rsatkichi 2030 yilga borib, 2019 yil bilan solishtirganda, yuqoridagi xatboshida keltirilganidek, 677 mingdan ortiq kishi yoki 19 foizga o‘sishi to‘g‘risidagi taxminlardan bir oz pastroq bo‘lishi ham mumkin. Donli ekinlar, paxta va kartoshka yetishtirish sohalari mexanizatsiyalashtirish uchun qulay sohalar bo‘lib, vaqti bilan ularning mexanizatsiyalashish darajasi ko‘tariladi. Boshqa ekinlarni yetishtirishni mexanizatsiyalashtirish darajasi 2019 yil darajasida qolishi ehtimoldan xoli emas. 
  •  Shuningdek, meva va sabzavotlar yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etish hisobiga ham qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘proq ish o‘rinlari yaratish mumkin. Intensiv bog‘lar va issiqxonalarda ayniqsa ko‘p ish o‘rni yaratiladi. 2030 yilgacha mehnat bilan bandlik prognoz qilinar ekan, sabzavotlarni issiqxonalarda yoki ishlab chiqarishning boshqa intensiv metodlari yordamida yetishtirish uchun 10 foiz maydondan foydalanilsa va bog‘larning 40 foizi intensiv bog‘larga aylantirilsa, u yerda 155 mingtagacha ish o‘rni yaratilishini nazarda tutish mumkin. Xulosa qilib aytganda, 2030 yilga borib, 2019 yil bilan solishtirganda, aholining umumiy bandligi 832 ming kishiga yoki 24 foizga oshishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligining mahsuldorligi va xomashyo ishlab chiqarishning yanada oshirilishi oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida yangidan-yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi. Masalan, 2019 yilda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik va tamaki mahsulotlari (oziq-ovat sanoati) ishlab chiqarishida atigi 107 ming kishi (yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektoridagi mavjud barcha ish o‘rinlarining 2,6 foizi) mehnat qilgan. Tekstil, tikuv va teri-charm sanoati (yengil sanoat) sohasida yana 2 mln 14 ming kishi (yoki qishloq xo‘jaligi sektorida mavjud barcha ish o‘rinlarining 5,1 foizi) band bo‘lgan.

2030 yilga borib, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarining asosan meva va sabzavotlar, sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash, chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor tekstil va kiyim ishlab chiqarish yo‘nalishlarida qo‘shimcha 640 ming ish o‘rni yaratilishi mumkin.

O‘zbekistondagi mehnat bilan bandlik statistikasi va turli investitsiya loyihalari natijalariga ko‘ra, mazkur ish o‘rinlarining aksariyatini qishloq joylarda, shuningdek, kichik va o‘rta shaharlarda yashovchi ayollar egallay oladi, aks holda, bu ayollar uchun ish topish imkoni yaratilmaydi.

Sifatli ish o‘rinlari yaratish xususiy sektorning “majburiyati” bo‘lib hisoblanadi, ammo mazkur maqsadga erishish uchun davlat yordami talab etiladi. O‘zbekiston muhitida davlatning o‘rni quyida keltirilgan chora-tadbirlarda (davlat siyosati va investitsiyalar) yaqqol ko‘zga tashlanadi:

·        davlat siyosati va investitsiyalari bilan rag‘batlantirib turiluvchi ichki va tashqi bozordagi iste'molchilar talabiga javob beradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorining kelgusidagi o‘sishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;

·        qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida ayollarni ish bilan ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirish;

·        kichik dehqon xo‘jaliklari va boshqa kichik qishloq xo‘jaligi korxonalarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchilarning zamonaviy tizimiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlash.

Ushbu chora-tadbirlarning aksariyati davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirila boshlangan. Bugungi kunda yuqoridagi hujjat doirasida belgilangan chora-tadbirlar, masalan, amalga oshirilishi deyarli noldan boshlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlari, axborot-maslahat xizmatlari, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish yoki dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash dasturlarining sifatli amalga oshirilishiga alohida diqqat qaratish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, qishloq joylariga bevosita yaqin hududlarda joylashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida ish o‘rinlarini yaratish uchun mamlakatning kichik va o‘rta shaharlarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratish zarur.

Mehnat bilan bandlik istiqbollari va ushbu soha uchun zaruriy davlat ko‘magi to‘g‘risidagi yanada batafsil ma'lumot Jahon bankining yaqin kunlarda e'lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida ish o‘rinlarini yaratish» nomli hisobotida keltirilgan.

Sergey Zorya,
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi 

Ko‘proq yangiliklar: