Ekspertlar Toshkentdagi Salor kanali suvi ifloslanib borayotganidan ogohlantirdi

O‘zbekiston 10:37 / 16.10.2020 6873

Respublikada tabiiy yuza suvlar ifloslanishi holati kuzatuvlari «O‘zgidromet»ning Ifloslanish monitoringi xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Shahar ichidan oqib o‘tadigan yuza suvlarning ifloslanish darajasini aniqlash uchun shahardan yuqori va quyi joylarda kuzatuv punktlari o‘rnatilgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, Toshkent viloyatining eng ifloslangan kanallaridan biri Salordir.

Salor kanali 1902 yilda qurilgan, u Qibray tumanida boshlanadi va Toshkent shahri, Toshkent viloyati hududi orqali oqib o‘tadi. 

«Suvning harorati suv o‘tlarning o‘sishi, ortiqcha biomassaning to‘planishi, mikroorganizmlarning ko‘payishi, loyqa bilan to‘lib qolishiga olib kelmoqda. Bu jarayonlar uy joy-maishiy sektordan ifloslanish tufayli kuchaymoqda va o‘z navbatida, suvda erigan kislorodning kamayishiga olib kelmoqda», - deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, Salor kanalining yuqori stvoridagi suv xira, kul rang-yashil rangda, tuprog‘i loy-qumli, balchiqli. Gidrobiologik va gidrokimyoviy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, suvning sifati III sinf (o‘rtacha ifloslangan suvlar)ga mos keladi, ekologik holati qoniqarli. 

«Salor kanalining quyi stvorlarida suv Toshkent va Yangiyo‘l shaharlarining organik sanoat va xo‘jalik-maishiy oqimlari bilan ifloslangan. Suvning rangi qora, muallaq balchiq zarralari yoki bakterial shilliq tufayli xira, o‘ziga xos hidli, tuprog‘ida qalin loyqa qatlamlar mavjud. Ushbu uchastkada suvning biologik tur tarkibi keskin qashshoqlashib, dastlabki daryo biotsenozlarining degradatsiyasi ro‘y bermoqda, o‘rtacha ifloslangan suvlar uchun xos bo‘lgan turlar yo‘qolib, organik moddalar bilan ifloslangan suvlarda yashaydigan va suvda erigan kislorod yetishmovchiligiga bardosh beradigan organizmlar rivojlanmoqda», - deydi «O‘zgidromet» ekspertlari.

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahridan yuqorida joylashgan stvor III — o‘rtacha ifloslangan suvlar sinfiga mansub bo‘lsa, Yangiyo‘l shahridan yuqorida joylashgan stvor 2015, 2018 va 2019 yillarda III, 2016 va 2017 yillarda II — toza suvlar sinfiga mansub bo‘lgan.

Salor kanalining Toshkent va Yangiyo‘l shaharlaridan quyi qismi gidrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha IV — ifloslangan suvlardan V — ifloslangan suvlargacha o‘zgarib turadi. Ekologik holati — qoniqarsiz va yomon. Gidrokimyoviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha 2020 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, kanalning Toshkent va Yangiyo‘l shaharlaridan quyidagi qismidagi suvlari V iflos suvlar toifasiga mansub, bu yerda fenol, neft mahsulotlari, ammoniyli va nitritli azot, shuningdek mis birikmalari bo‘yicha ruxsat etilgan konsentratsiyalarning oshib ketgani kuzatilmoqda.

2015 yildan 2018 yilgacha davrda kanalning Toshkentdan quyi qismida suvlar ifloslangan, 2019 yilda iflos suvlar sinfiga kiritilgan, Yangiyo‘ldan quyi qismida esa 2015 yildan 2019 yilgacha iflos suvlar sinfiga kiritilgan.

«Salor kanalining suvi, albatta, xo‘jalik-maishiy maqsadlar yoki cho‘milish uchun yaramaydi. Kanal suvidan daraxtlar va gullarni sug‘orish uchun foydalanish mumkin. Biroq, sabzavotlar yoki qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda bu suvdan foydalanish mumkinligi dargumon. Salor kanalida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun vaqti-vaqti bilan sanitariya tadbirlarini o‘tkazish, ya'ni kanalni «yuvish» uchun yetarli bo‘lgan suv miqdorini berish kerak.

Salor poytaxt infratuzilmasining muhim qismi hisoblanadi. U Toshkentda Hayvonot bog‘i, Botanika bog‘i, Ekopark, Mirzo Ulug‘bek nomidagi park va boshqa yerlardan oqib o‘tadi. Oxirgi vaqtda kanalga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, lekin buning o‘zi yetarli emas», - deydi ekspertlar.

Ko‘proq yangiliklar: