Jahon | 18:23 / 15.10.2020
13097
7 daqiqa o‘qiladi

Tailandda qirolga qarshi namoyishlarni bostirish maqsadida favqulodda holat joriy etildi

Payshanbaga o‘tar kechasi Tailand hukumati mamlakatda favqulodda holat joriy etilgani haqida e'lon qildi. Bu choradan maqsad bir necha oy muqaddam boshlangan va so‘nggi kunlarda kuchaygan norozilik namoyishlarini taqiqlash hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Aksiya asosan tinch ruhda o‘tayotgandi, uning ishtirokchilari monarxiya vakolatlarini cheklash va demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilishini talab qilishayotgandi.

Bangkokda ko‘p ming sonli marsh o‘tkazilgach, hukumat favqulodda holat e'lon qildi. So‘nggi aksiya vaqtida 20dan ortiq kishi qo‘lga olingan.

Payshanba kuni hukumat vakili telemurojaat orqali mamlakatda tinchlik hamda tartib o‘rnatish uchun favqulodda va zudtar choralar ko‘rishga zarurat yuzaga kelgani haqida gapirgandi.

Hukumat qarorida aytilishicha, namoyishchilar qirollik kortejining yo‘lini to‘sib qo‘yishgan, bu esa «xaos, ziddiyat va ommaviy tartibsizliklar» yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan hodisa sifatida baholangan.

Tailand qirolichasi uning korteji yo‘lini to‘sib qo‘ymoqchi bo‘layotgan namoyishchilarga qarab turibdi / Reuters

Favqulodda holat rejimi doirasida jamoa bo‘lib yig‘ilishlarga (4 kishidan ortiq bo‘lib to‘planish taqiqlanadi), shuningdek, OAV faoliyatiga cheklovlar o‘rnatilgan. Hukumat «aholi orasida ehtiroslarni qo‘zg‘atuvchi hamda milliy xavfsizlik, tinchlik va tartibga raxna solishi mumkin» deb hisoblagan har qanday material (maqola yoki reportajlar) e'lon qilinishi taqiqlanadi.

Namoyishchilarning tarqatilishi
Talabalarning demokratik harakati ommaviy namoyishlar tashabbuskori hisoblanadi, ular ancha vaqtdan buyon bosh vazir Prayut Chan-Ochaning iste'fosini talab qilib kelishmoqda.

Sobiq armiya generali 2014 yilda harbiy davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatga kelgan va o‘tgan yilgi saylovlarda bosh vazir lavozimiga tasdiqlangandi. Muxolifatchilar ushbu saylovda ko‘plab qoidabuzarliklar sodir etilgan, deb hisoblaydi.

14 oktabr kuni Bangkok ko‘chalariga minglab namoyishchilar chiqishdi / EPA

Favqulodda holat joriy etilgani e'lon qilishi ortidan politsiya maxsus bo‘linmalari bosh vazir qarorgohi joylashgan hudud yaqinidagi namoyishchilarni tarqatishni boshladi. Ayrimlar qarshilik ko‘rsatishga urinib, barrikadalar o‘rnatishdi, ammo ular kuch bilan uloqtirib tashlandi.

Namoyishchilar to‘liq chekingach ham yuzlab politsiyachilar poytaxt ko‘chalarida navbatchilik qilishda davom etishmoqda.

Qo‘lga olingan 20 kishidan uch nafari - namoyishlar yetakchilari: ikkisi talabalar harakati faollari, yana biri inson huquqlari bo‘yicha advokat Anon Nampadir.

36 yoshli Nampa Tailandda ilk marta monarxiya masalasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, bu boradagi taqiqni buzgan shaxsdir - u shu yilning avgust oyida 10ta shartdan iborat manifest yozib, islohotlarga chaqirgandi.

«Tabu buzildi»
Jonatan Hed, BBC

Tailandda deyarli hech kim namoyishchilar yetakchilari hibsga olingani hamda so‘z erkinligi va yig‘ilishlar cheklanganidan hayron qolgani yo‘q. Ayrimlar, hatto bu ish qon to‘kishlarsiz amalga oshirilganidan yengil tin olgan bo‘lishlari ham mumkin, chunki yaqin o‘tmishda bunday siyosiy inqirozlar qon to‘kilishisiz kechmagan.

Huquqshunos Anon Nampa 3 avgust kuni ilk marta monarxiya haqida ochiq muhokamalarga chaqirganida, uning jasorati mamlakatni to‘lqinlantirgandi.. Panusaya Sitidjiravattanakul (hibsga olingan talabalar harakati yetakchilaridan biri) esa bir hafta o‘tib ushbu manifestni universitet tribunasida turib o‘qidi, Tailand esa javob zarbasiga hozirlik ko‘ra boshladi. Hatto konstitutsiyada ham qirolni so‘zsiz sharaflash va ulug‘lash talab qilinadigan mamlakatda faollarning bu harakatlari kufrdek qabul qilinardi.

Ammo javob zarbasi ro‘y bermadi. Iqtisodiy muammolar va korrupsion mojarolar tufayli xalqning noroziligiga duch kelayotgan hukumat vaziyat yanada keskinlashmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi va shoshilmadi. Ammo namoyishlar ko‘lami kengayishi va ishtirokchilar qirollik institutini mensimay mazax qila boshlashiga uzoq vaqt jim qarab turib bo‘lmasdi, ayniqsa, qirol uzoq muddatli tanaffusdan keyin Tailandga qaytib kelganida.

Endi yetakchilar Bangkokdan uzoqda hibsda saqlanayotgan va jamoaviy yig‘ilishlarga taqiq qo‘yilgan sharoitlarda harakat faoliyatini davom ettirish qiyin bo‘ladi.

Ammo monarxiya manziliga aytilgan so‘zlarni yo‘q qilib bo‘lmaydi, bu so‘zlar aytib bo‘lingan. Tabu buzilgan. Barcha yosh tabaqalariga mansub odamlar, mamlakatning barcha nuqtalaridan bo‘lgan fuqarolar (faqat qirollik xonadoniga sodiq bo‘lganlardan tashqari) endi talabalarning monarxiya daxlsiz emasligi, Tailandda siyosiy institutlarni tiklash kerakligi haqidagi fikrlariga qo‘shilishmoqda. Namoyishlarning qaytalanishi esa - endi vaqt masalasi.

Hukumat nima uchun talabalardan qo‘rqmoqda?
Tailandda demokratiya tarafdori bo‘lgan talabalar harakati so‘nggi yillarda hukumat uchun asosiy siyosiy chorlovga aylandi. Yosh talabalar bosh vazir iste'fosidan tashqari, konstitutsiyani qayta yozishni talab qilishmoqda. Shuningdek, ular hukumatni tanqid qiluvchilar ta'qib qilinishini bas qilishni talab etishmoqda.

Hukumatga qarshi chiqishlarning yangi oqimi shu yilning fevralida boshlangandi, o‘shanda sud muxolifat ruhidagi yoshlarning «Kelajak partiyasi»ni tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargandi. 2019 yil mart oyidagi saylovlarda ushbu partiya yoshlar orasida dovrug‘ qozongan, parlamentda egallangan o‘rinlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagandi.

Talabalar Tailanddagi muxolifatchi siyosiy kuchlar asosini tashkil etmoqda / Reuters

2020 yilning iyunida tailandliklarning demokratik huquqlari uchun kurashib kelgan Vanchalearm Satsaksit Kombojada g‘oyib bo‘lib qoldi. U 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin quvg‘inda bo‘lgan, ammo o‘tgan vaqt davomida vatani bilan aloqalarni davom ettirgan. Ayrim guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u yozda Kambojada noma'lum qurolli guruh tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.

Iyul oyida mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangan, o‘tgan haftaning dam olish kunlarida Bangkokda eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

Mavzuga oid