Shovot tumani hokimi aholidan uzr so‘rab, vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga va'da berdi

O‘zbekiston 20:01 / 15.10.2020 5818

Sessiyada Shovot tumani sektor rahbarlari kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni taqdim etishdi.

Tuman hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, hokim Hakimboy Otaxonov Shovotning «qoniqarsiz» hududga tushib qolgani sabablarini ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, tuman iqtisodiyotining rivojlanish darajasi nisbatan past bo‘lishiga hududdagi mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanmaslik, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini yuqori darajada ta'minlamaslik, tumanda yashirin iqtisodiyot yuqoriligi, yashirin iqtisodiyotda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi statistik hisobotlarda o‘z aksini topmagani ortidan ko‘rsatkichlarda qoloqliklarga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Hakimboy Otaxonov 2020 yil yakuni bilan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash va hududni «qizil toifa»dan chiqarish bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xaritasi»ni o‘z muddatida bajarilishini ta'minlashga va'da berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tuman aholisidan uzr so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 24 sentabr kuni o‘tkazgan selektorda «qoniqarsiz» deb topilgan tuman va shaharlar rahbarlariga jamoatchilik oldida kamchiliklarni tan olib, uni tuzatish choralari haqida ma'lumot berish vazifasini yuklagan edi. Davlat rahbari Shovot tumanini ham tilga olib o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: