Lufthansa Technik kasaba uyushmasi Lukashenkoning samolyotini ta'mirlashni rad etishga chaqirdi

Jahon 18:00 / 15.10.2020 4595

Lufthansa Technik kompaniyasining kasaba uyushmasi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning rasmiy safarlarida foydalaniladigan samolyotga texnik xizmat ko‘rsatishni rad etishga chaqirdi. Bu haqda Onliner.by nashriga Belarus demokratik kasaba uyushmalari kongressi vakili Aleksandr Yaroshuk xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus demokratik kasaba uyushmalari kongressi xizmat ko‘rsatish sohasidagi birlashgan nemis ishchilari kasaba uyushmasi - Verdi’dan bildirishnoma olgan. Ma'lum qilinishicha, ushbu uyushma tarkibiga Lufthansa Technik kasaba uyushmasi ham kiradi.

Xabarda aytilishicha, Lukashenkoga tegishli bo‘lgan Boeing 737 samolyoti 13 oktabr kuni Hamburg aeroportiga kelib qo‘ngan. Kasaba uyushmasi ushbu samolyotni ta'mirlash va unga texnik xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan kompaniya xodimlarini jazolamaslikka chaqirdi.

Yaroshuk, shuningdek, kasaba uyushmasining chaqiriqlaridan so‘ng Lufthansa Technik bortga xizmat ko‘rsatishni rad qilishi aniq emasligini ham bildirdi.

“Kompaniya ma'muriyati g‘alati vaziyatga tushib qolgan, men bilmayman ular qanday qaror qabul qiladi: shartnomaga muvofiq ish tutadimi yoki o‘z ishchilari bilan “tili bir joydan chiqadimi”, - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Onliner.by.

"Garchi, biz, Lufthansa Technik kasaba uyushmasi faollari, iqtisodiy inqiroz vaqtida ish beruvchilar bilan qiyin muzokaralar olib borayotgan va sizlarning manfaatlaringiz uchun kurashayotgan bo‘lsak ham, shunga qaramay xalqaro birdamlik odatimizni unutmaymiz va belaruslik ishchilar bilan yonma-yon turamiz" - deyiladi Lufthansa Technik kompaniyasi ishchilariga tarqatilgan varaqada. 

Belarusda norozilik namoyishlari boshlanganidan so‘ng Germaniya muxolifatni qo‘llashini ma'lum qilgan. Mamlakat yetakchisi Angela Merkel Lukashenkoning raqibi Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas esa Yevroittifoq tomonidan Lukashenkoga shaxsiy cheklov choralari – sanksiyalar kiritish taklifi bilan chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: