Prezidentning “Islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining:
islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish hamda nazorat ostidagi mol-mulk va mulkiy huquqlarga nisbatan iqtisodiy nazorat huquqini baholash va sotish (boshqaga o‘tkazish) imkoniyatini yaratadigan benefitsiar mulk huquqini belgilash va sotish (boshqaga o‘tkazish) sohasida ingliz huquqi me'yorlarini qo‘llash uchun respublikada kerakli infratuzilma yaratish;
Kapital bozorini rivojlantirish agentligini O‘zbekiston hududida islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va muomalaga chiqarishni tartibga soluvchi vakolatli davlat organi sifatida belgilash;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mitasi suquq qimmatli qog‘ozlari chiqarilishining islom moliyalashtirish tamoyillariga muvofiqligini tasdiqlovchi vakolatli organ sifatida belgilash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Quyidagilar belgilanadi:
suquq qimmatli qog‘ozlari – islom moliyalashtirish tamoyillariga asosan chiqarilgan, mol-mulkka egalik qilish huquqi va mulk hamda mulkiy huquqdan foydalanish va (yoki) ulardan foydalanishdan olinadigan daromadlar, ushbu qimmatli qog‘ozlar moliyalashtirilishi maqsadida chiqarilgan ma'lum loyihalar xizmatlari yoki mol-mulkiga bo‘lgan bo‘linmas huquqni tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar;
suquq ijara qimmatli qog‘ozlari (suquq al ijara) – muomala muddati avvaldan belgilanib, maxsus moliya kompaniyasi tomonidan islom moliyalashtirish tamoyillariga asosan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, ularning egalari ijara shartnomasi (moliyaviy lizing) bo‘yicha daromad olish huquqiga ega bo‘lishadi;
suquq ishtirok etish qimmatli qog‘ozlari (suquq al mudoraba/musharaka) – muomala muddati avvaldan belgilanib, maxsus moliya kompaniyasi tomonidan islom moliyalashtirish tamoyillariga asosan jalb etilgan mablag‘lardan yangi investitsiyaviy loyihani tashkil etish uchun foydalanish, oddiy sherikchilik shartnomasi yoxud aksiyadorlik jamiyati yoki mas'uliyati cheklangan sherikchilik tashkiliy-huquqiy shaklidagi yuridik shaxsni tashkil etgan holda mavjud investitsiyaviy loyihani rivojlantirish yoki tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar;
to‘lovi uzaytirilgan qayta sotib olish qimmatli qog‘ozlari (suquq al murobaha) – muomala muddati avvaldan belgilanib maxsus moliya kompaniyasi tomonidan islom moliyalashtirish tamoyillariga asosan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, bunda originatorga to‘lovi uzaytirilgan mol-mulk beriladi;
originator – maxsus moliyaviy kompaniyaga mol-mulk va (yoki) mulkiy huquqlarni tegishli shartnoma yoki kelishuv asosida taqdim etadigan yuridik shaxs – O‘zbekiston rezidenti;
maxsus moliyaviy kompaniya – faqat suquq qimmatli qog‘ozlarini chiqarish maqsadida tashkil etiladigan va O‘zbekiston hududida tashkil etiladigan taqdirda aksiyadorlik jamiyati yoki mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkiliy-huquqiy shaklida tashkil etiladigan va Agentlik yuritadigan maxsus moliyaviy kompaniyalar – O‘zbekiston rezidentlari ro‘yxatiga kiradigan yuridik shaxs;
benefitsiar huquq (iqtisodiy nazorat huquqi) – oxir-oqibat nazorat ostidagi yuridik shaxsning mol-mulki va (yoki) mulkiy huquqlarini tasarruf etadigan jismoniy yoki yuridik shaxsning boshqaga beriladigan, nazorat ostidagi yuridik shaxsning notarial tasdiqlangan deklaratsiyasi bilan tasdiqlanadigan ashyoviy huquqi.
Quyidagilar belgilanadi:
suquq qimmatli qog‘ozlari hisobiga moliyalashtirish ssuda foizi yo‘qligini nazarda tutib, suquq qimmatli qog‘ozlarini xarid qiladigan investorlarning moliyalashtirilayotgan tadbirning daromadi evaziga kafolatlanmagan daromad olishlarini nazarda tutadi;
suquq qimmatli qog‘ozlarining chiqarilishi maxsus moliyaviy kompaniyani tashkil etish va qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilarining xorijiy va mahalliy maydonchalarida maxsus moliyaviy kompaniya (emitent) emissiyasi orqali, ikkita – ta'minlangan (asset-backed) va ta'minlanmagan (mol-mulk asosidagi (asset-based) usulda amalga oshiriladi;
suquq ijara qimmatli qog‘ozlari (suquq al ijara)ni chiqarishda originator mol-mulkka bo‘lgan benefitsiar mulk huquqi (iqtisodiy nazorat huquqi)ni jalb etilayotgan moliya evaziga ijara qimmatli qog‘ozlari (suquq al ijara)ning qayta sotib olish muddatiga benefitsiar mulk huquqi (iqtisodiy nazorat huquqi)ni keyinchalik qayta moliyaviy ijaraga olish bilan sotish majburiyatini oladi.