«Eron bilan o‘yin biz uchun foydali bo‘ldi». Vadim Abramov himoyachilar xatosi, Lutfulla To‘rayev va Ozmunning goli haqida

Sport 21:40 / 08.10.2020 7879

- Eron kuchli raqib ekanligi ma'lum edi. O‘yinda imkoniyatimiz darajasidan pastroq harakat qildik. Eron biz uchun noqulay raqib. Birinchi bo‘limda o‘z o‘yinimizni namoyish eta olgan bo‘lsak, ikkinchi taymning ayniqsa oxirgi yarim soatida yomon o‘yin ko‘rsatdik. Birinchi bo‘lim yakunida raqib o‘z imkoniyatini golga aylantirdi. Afsuski, aksariyat vaziyatlarda yaxshi harakat qila olmadik. Shunga qaramay, Erondek kuchli raqib bilan o‘yinda kamchiliklarimizni ko‘rib olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu bahs biz uchun ham, raqib uchun ham foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Mag‘lubiyatga uchraganingda istalgancha gapirish mumkin, har doim nimanidir o‘zgartirish imkoni bo‘ladi.
 
- Jamoamiz oddiy o‘ynagandek ko‘rindi. Erondek jamoalarga qarshi bahslarda o‘yinimizni biroz o‘zgartirishimiz kerak emasmi?

- Har bir jamoa raqib qanchalik imkoniyat berishidan kelib chiqib o‘ynaydi. Eron yaxshi potensialga ega kuchli jamoa. Agar birinchi bo‘limda yaratilgan vaziyatlarda sovuqqonroq harakat qilganimizda biz gol urardik. Ammo o‘sha vaziyatlardagi bunday uzatmalar bilan Erondek raqibni mag‘lub etib bo‘lmaydi. 

- Sardor Ozmun Osiyoning eng kuchli forvardlaridan biri ekanligi ma'lum. U gol urgan vaziyatda zarba berishga bemalol imkon topa oldi. O‘yin oldidan Ozmunga alohida futbolchi biriktirilmaganmidi?

- U juda yuqori saviyadagi futbolchi. Biz kechroq to‘plandik, ayrimlar bir necha kun oldin yig‘inimizga kelib qo‘shildi. Himoyachilarimiz bunday xatolarga yo‘l qo‘ygani ularning yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega emasligini bildiradi. Futbolchilar oddiy vaziyatda xatoga yo‘l qo‘yib, hujumchining to‘pni bemalol qabul qilib zarba yo‘llashiga qo‘yib berishdi. Bu gol Ozmunning darajasi va himoyachilarimizning bolalarcha xatosini ko‘rsatib berdi. Xatolar uchun esa jazolandik. 

- 2011 yilda O‘zbekiston milliy jamoasini Osiyo Kubogi yarimfinaliga olib chiqqan edingiz. O‘sha tarkibdagi futbolchilarni jamoaga chaqirish niyatingiz bormi?

- Adashmasam, o‘sha musobaqada to‘p surganlardan faqat Lutfulla To‘rayev qolgan. Uni juda ham ko‘p tanqid qilishadi. Ammo bugun To‘rayevni zaxiraga olganimdan keyin maydon markazida katta bo‘shliq paydo bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda qilgan o‘zgarishlarimiz ham jamoamiz o‘yinini kuchaytirgani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: