COVID-19 global iqtisodiyotga qanday ta'sir qildi? - iqtisodchi mushohadalari

Iqtisodiyot 07:36 / 02.10.2020 6245

Bu avvalgilarga o‘xshamagan inqiroz bo‘ldi. Bu galgi inqirozda do‘konlar, maktablar, hatto chegaralar yopildi. Virus 2020 yilning bahorida insoniyatning yarmini uyda o‘tirishga majbur qildi. Bu jarayon hali ham tugamadi. Dunyo bo‘ylab qurbonlar soni milliondan oshdi.

Jahon iqtisodiy forumi saytida koronavirus pandemiyasi hozirgi kunga qadar jahon iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko‘rsatgani va kelajakda nima bo‘lishi mumkinligi haqida IHS Markit bosh iqtisodchisi Nariman Mehravesh bilan bo‘lgan suhbat taqdim etildi.

– Bir so‘z bilan aytganda, COVID-19 dunyo iqtisodiyotiga qanday ta'sir qildi?

– U jahon iqtisodiyotini juda chuqur, biroq rahm-shafqat bilan qisqa tanazzulga uchratdi. Undan hamma jabr ko‘rdi. Menimcha, u hech kimni ayab o‘tirmadi. Bu – qo‘rquv, noaniqlik va lokdaunlarga bo‘lgan munosabat. Ko‘pchilik bu chuqur tanazzulga lokdaunlarni aybdor deb hisoblaydi. Ammo bu adolatli baho emas, deb o‘ylayman. Shvetsiyaga nazar tashlasangiz, bu davlat karantinga yopilmagan bo‘lsa ham, iqtisodiyoti baribir jiddiy zarar ko‘rdi. Asosan noaniqlik va virus yuqtirib olish qo‘rquvi iste'molchilarni odatdagi joylarga borishdan to‘xtatyapti va bu iqtisodiyotga zarar yetkazyapti.

Tarixiy voqealarga nazar solinadigan bo‘lsa, bu – yalpi ichki mahsulotning yillik pasayishi jihatidan 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan uch baravar yomon. U o‘tgan asrning 30-yillarida yuz bergan, ishlab chiqarishning 3-4 yil davomida pasayishi va AQShda ishsizlik darajasi 25 foizgacha ko‘tarilishi bilan kechgan Buyuk depressiyachalik yomon emas. Bu safar mazkur ko‘rsatkich AQShda hozirga qadar 13 foizga yetdi. Shunga qaramay, joriy krizis – 30-yillardan beri dunyoda kuzatilgan eng yomon inqirozdir.

– Sizningcha, global miqyosda eng yomon iqtisodiy zarar ortda qoldi, deb o‘ylaysizmi?

– Qaysidir ma'noda, eng yomoni ortda qolgan bo‘lishi mumkin. Hamma joyda bo‘lmasa ham, dunyoning ko‘p joylarida koronavirusga chalinish holatlari kamayib bormoqda. Ammo Hindistonda, Braziliyada ortyapti, AQShda u qadar ham kamaymayapti. Ehtimol, global miqyosda yomoni ortda qolgan bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, hozirgacha eng yengili ortda qolgan bo‘lishi, virus tarqalishi to‘lqinlarga bo‘lingan holda qayta-qayta avj olib turishi ehtimoli ham yo‘q emas. Hali o‘rmondan chiqib olganimiz yo‘q. Ayrim davlatlar biz qutuldik, deb e'lon qilishdi, ammo ko‘p o‘tmay aslida unday emasligi ma'lum bo‘lib qoldi.

Ehtimol, keyingi to‘lqinlarda barchasi avvalgidek yomon bo‘lmas, chunki sog‘liqni saqlash tizimlari qisman tayyor. Albatta, qiladigan ishlarimiz hali tugamadi.

– 2020 yilning hozirgi kunigacha bo‘lgan davriga nazar solsangiz, sizningcha, qaysi mintaqalar eng ko‘p zarar ko‘rdi va qaysilari pandemiyadan nisbatan yaxshiroq o‘tib olmoqda?

– Keling, avval mamlakatlarni ko‘rib chiqamiz. Buni yaxshi o‘tkazgan mamlakatlar orasida albatta Xitoy ham bor. Xitoyda texnik jihatdan retsessiya yuz bergani yo‘q. Faqatgina bitta chorakda iqtisodiy pasayish kuzatildi xolos.

Nisbatan yaxshi natijalarga erishgan boshqa mamlakatlar – Janubiy Koreya va Tayvan bo‘lib, ular iloji boricha ko‘proq test o‘tkazib, kuzatuvlar olib borishdi. Virus avj olgan mamlakatlar sifatida esa AQSh, Braziliya, Hindiston kabilarni ko‘rsatish mumkin. Bu xulosa o‘lim ko‘rsatkichlariga asoslangan. Biroq o‘lim ko‘rsatkichlarini aholi jon boshiga qarab olsangiz, AQSh birinchi emas, o‘ninchi o‘rinda. Shunday ekan, ko‘p narsa yo‘qotishlarni qanday o‘lchashingizga bog‘liq.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yevropa anchagina jiddiy zarbaga uchradi. Yevropadagi retsessiya Kanada yoki Yaponiyadagiga nisbatan ancha chuqurroq. Shunday qilib, Yevropa va rivojlanayotgan mamlakatlar qattiq zarbacha duchor bo‘ldi.

– Kuz faslida o‘tib boryapti. Voqealar rivoji qanday bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

– Biz juda jiddiy turg‘unlikdan chiqmoqdamiz, shuning hisobiga keskin ko‘tarilish va tushib ketish kabilar kuzatilib turadi. Masalan, AQShda uchinchi chorakdagi tiklanish ancha sezilarli darajada bo‘ladi, keyin esa susayadi. Ko‘rsatkichlardagi keskin sakrashlarni butun dunyoda kuzatyapmiz.

AQSh haqida tasavvur uyg‘otish uchun aytishim mumkinki, ikkinchi chorakda YaIM 32 foizga kamaygan edi, uchinchi chorakda 30 foizga o‘sishi kutilyapti, biroq to‘rtinchi chorakda yana 2,5 foizga pasayadi.

– Global tiklanish borasida qanchalik optimissiz va sizningcha, qayta tiklanish qay shaklda ro‘y beradi?

– O‘ylaymanki, 2020 yilning 3-4-choraklarida va 2021 yilda global o‘sishni kuzatamiz. Bu barqaror o‘sish sur'ati bo‘lmaydi va aksariyati vaksinaga bog‘liq bo‘ladi. Shubhasiz, vaksina qancha tezroq paydo bo‘lsa va keng tarqalsa, o‘sish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Biroq bu eng kamida 2021 yilning ikkinchi yarmidagina ro‘y berishi mumkin. Vaksina ishlab chiqilishi mumkin, biroq uning keng tarqalishi uchun vaqt talab etiladi.

Ishlab chiqarish V shaklidagi ko‘tarilishni boshdan kechiradi. Biroq eng ko‘p aziyat chekkanlar orasida avialiniyalar, sayohatlar va ko‘ngil ochish sohalarining tiklanishi U shaklida bo‘ladi. Odamlar W haqida ham gapirishdi. Agar ikkinchi jiddiy to‘lqin bo‘lmasa, W kuzatilmaydi.

– Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan va ayni shu davrda rivojlanib borayotgan sohalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Odamlarning guruh bo‘lib to‘planishiga bog‘liq bo‘lgan faoliyat va sohalar eng ko‘p zarar ko‘radi. Aviakompaniyalar bunga bir misol. Hozir havodagi qatnovlar hajmi 2019 yil oxiridagi ko‘rsatkichning 25 foizini tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab aviatashuvlar hajmi to‘la tiklanishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi.

Yana bir misol – mehmonxonalar. Kruiz kemalarining ko‘pdan ko‘p xonalari hozir bo‘sh turibdi. Konferensiyalar bilan bog‘liq faoliyatlar ham qattiq zarbaga uchradi.

Muvaffaqiyatli sohalar haqida gapiriladigan bo‘lsa, yuqori texnologiyalar bunga yaqqol misol bo‘ladi. Ayonki, hozir hamma bevosita do‘konga bormay, Amazon orqali mahsulot buyurtma qilyapti. Onlayn savdodan tashqari boshqa sohalar ham raqamli inqilobni tezlashtiryapti.

Ajablanarlisi, talab ortgani tufayli sog‘liqni saqlash sohasi ham pandemiyadan ma'lum ma'noda foyda ko‘ryapti.

– Iqtisodchi sifatida sizni ajablantirgan narsa bormi?

– Yuqorida men aytib o‘tmagan, pandemiya davrida ijobiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan va meni hayratga solgan narsa – uy-joy sohasi. Nima uchun bu soha inqiroz davrida gullab-yashnayapti? Bu holat ko‘proq AQShda kuzatilmoqda, ehtimol boshqa joylarda kamroq bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik odamlar shaharlardan shahar atroflariga «qochyapti». Ko‘p odamlar uy sotib olishyapti, uy qurishyapti. Bostondagi mahallamga Nyu-Yorkdan ikki kishi ko‘chib keldi...

«Men o‘zim va qo‘shnilarim orasida ko‘proq bo‘sh joy bo‘lishini istayman. Yetar, shahar hayotidan charchadim», degan qarorga kelayotganlarni ko‘p uchratyapmiz.

– Pandemiyadan keyin iqtisodiyotda «yashil tiklanish» bo‘lishi mumkinmi?

– Menimcha, biznes odatdagidek bo‘lmaydi: katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Biz ularni bir kechada ko‘rmasligimiz mumkin. Buning uchun biroz vaqt talab etilishi mumkin.

Keling, ulardan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz. O‘ylaymanki, bu yashil iqtisodiyotga yo‘naltirilgan harakatni tezlashtiradi. Bu ko‘plab kompaniyalar uchun yangi, yashil texnologiyalarni ko‘rib chiqish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu juda pozitiv o‘zgarish bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Malaka va ko‘p ishchi kuchi talab qiladigan tarmoqlar har qanday infeksiyalarga ayniqsa ta'sirchan. Shuning uchun robototexnikaga e'tibor ortadi, bu esa o‘ziga yarasha murakkabliklarga olib keladi.

Bizningcha, urbanizatsiya jarayoni shubhasiz sekinlashadi. Odamlarning shahar tashqarisidagi yerlar uchun kurashayotganini ko‘rib turibmiz. Sayyohlik sohasida nimalar sodir bo‘lishi haqida o‘ylashimiz kerak. Taxminimizcha, ishga oid safarlar keskin qisqaradi. Sog‘liqni saqlash sohasi – katta o‘zgarishlar kuzatiladigan yana bir yo‘nalish bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ko‘proq yangiliklar: