Shri-Lanka Britaniyadan keltirilgan 260 tonna xavfli chiqindini ortga qaytarib yubordi

O‘zbekiston 09:59 / 28.09.2020 3140

Shri-Lanka Britaniyadan qayta ishlash uchun keltirilgan 21 ta konteynerdagi 260 tonna chiqindini ularda xavfli kimyoviy materiallar aniqlangandan keyin ortga qaytarib yubordi. Bojxonachilarning ta'kidlashicha, 2017 yilda Britaniyadagi xususiy kompaniya tomonidan import qilingan 263 ta konteynerdagi chiqindi orasida shifoxonalar chiqindilari, plastik va polietilen, jumladan o‘likxona chiqindilari aniqlangan. 

Deklaratsiyada esa yuk foydalanilgan matraslar, gilamchalardan iborat ekani ko‘rsatilgan. Konteynerlarning aksariyati omborlarda saqlangan va faqat kichik hajmi boshqa davlatlarga qayta eksport qilingan. Shri-Lanka rasmiy idoralarining ta'kidlashicha, chiqindilarni yetkazgan kompaniya xavfli chiqindilarni saqlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro va Yevropa qoidalarini qo‘pol buzgan. Ba'zi konteynerlarda hattoki shifoxonalarda amputatsiya qilingan odam qo‘l-oyoqlari bo‘lgan.

Kolombodagi rasmiy idoralar 100taga yaqin konteynerdan chirindi hidi tarqala boshlangandan keyin ularda metall utilizatsiyasi bahonasida olib kirilgan chiriyotgan chiqindilarni aniqlagan. “Biz bu shifoxona chiqindilari ekanini bilamiz va ba'zi konteynerlarda odam qoldiqlari bo‘lishi mumkinligini gumon qilmoqdamiz. Ularni hidi va konteynerlardan oqib chiqayotgan suyuqlik sababli o‘rganib chiqish qiyinchilik tug‘diradi”, deb aytgan Shri-Lanka bojxona vakili Sunil Jayaratne.

Britaniya kabi boy davlatlar qayta ishlanuvchi chiqindilarni rivojlanayotgan davlatlarga jo‘natadi. Bunday “import”ning katta qismi oxir-oqibat chiqindixonalarda chirib ketadi yoki yoqib yuboriladi. Oxirgi ikki yilda Osiyo-Tinch okeanining ba'zi davlatlari Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlaridan qayta ishlash uchun import qilinadigan chiqindilarni ortga qaytarishni boshlagan. Misol uchun, Malayziya yanvarda Britaniyaga plastik chiqindilar saqlangan 42 ta konteynerni qaytarib yuborgan. 

Ko‘proq yangiliklar: