Kumanning «Barselona»si. Jamoada Messiga qaramlik yo‘qolmoqda, Messi ham ishtiyoqini yo‘qotmagan

Sport 18:04 / 28.09.2020 16451

Ispaniya chempionati. Primero. 3-tur
«Barselona» — «Vilyarreal» — 4:0 (4:0)
Gollar: Fati, 15 (1:0). Fati, 19 (2:0). Messi, 35 — penaltidan (3:0). Pau Torres, 45 — avtogol (4:0).
«Barselona»: Netu, Pike, Jordi Alba, Langle, Buskets (Pyanich, 78), Koutinyu (Dembele, 70), Serji Roberto, de Yong, Messi, Grizmann (Trinkan, 78), Fati (Pedri, 70).
«Vilyarreal»: Serxio Asenxo, Albiol (Funes Mori, 84), Mario Gaspar, Estupinyan, Pau Torres, Parexo, Koklen (Iborra, 46), Moyses Gomes, Pako Alkaser (Trigeros, 46), Moreno (Bakka, 84), Chikvueze (Kubo, 74).
Ogohlantirish: Moreno, 83.
Hakam: Kuadra Fernandes.
27 sentabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

Barcha Bartomeuga qarshi
«Barselona» klubi muxlislarining katta qismi uchun klubda bo‘lib o‘tayotgan voqealar ramzi Luis Suaresning xayrlashuv marosimidagi ko‘z yoshlari va Jozep Bartomeuning hech kimni ishontira olmagan chiqishi bo‘ldi. Muxlislarning sevimli futbolchilaridan birini klubdan haydab yuborgan prezident bu marosimga kelmagani yaxshi edi.

Klub rahbariyati nafaqat jamoaning Neymar va Dani Alves boshchiligidagi sobiq futbolchilari tomonidan, balki klub sardori tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Messi bungacha ham o‘zini tiya olmasdan «Kamp Nou»da qolish qarori haqida ma'lum qilgan intervyusida rahbariyat haqida nimani o‘ylasa gapirgandi. 

Qolaversa, Bartomeuning davri tugamoqda prezident hozir cho‘loq o‘rdak kabi — keyingi yil uning prezidentlik muddati tugaydi va u yangi saylovda qatnashmaydi. Klub bosh murabbiyligiga u tomonidan taklif etilgan Ronald Kuman ham Bartomeuni qo‘llamayapti. U Messi o‘yinlar va mashg‘ulotlar vaqtida barcha uchun namuna ekanini ta'kidlamoqda, uning Suaresning klubdan ketishiga munosabatini ham oddiy holat sifatida qabul qildi. OAV tomonidan Suaresning ketishida bosh aybdor sifatida ko‘rsatilgan murabbiy asli bunday emasligi, uning ketishi faqat klub rahbariyati qarori bo‘lganini ma'lum qildi.

Tarkibdagi tozalash
Bu oqilona yondashuv bo‘ldi. Birinchidan, murabbiy futbolchilar bilan birgaligini bildirdi. Ikkinchidan, bu siyosat va Kuman keyingi yil martida saylanadigan bo‘lajak prezident vaqtida ham «Barselona»da qolishni istaydi. Shu bilan birga, Ronald klub rahbariyatining tarkibni yangilash bo‘yicha qarorini ma'qulladi va yangi chempionat butunlay boshqacha bo‘lishini aytib o‘tdi.

Kataloniyani avvalroq tark etgan Artur va Rakitich ortidan Suresom, Vidal va Nelson Semedu o‘zlariga yangi klub topib ketishdi. Shu kunlarda Todibo klubini almashtirishi kutilmoqda, Xunior Firpo va Yumtiti ham boshqa klublardan taklif kutmoqda. Riki Puchning kelajagi so‘roq ostida, bosh murabbiy yangi Inesta sifatida qaralayotgan bu futbolchi ijaraga berilishi kerakligini tavsiya qilgan.

Muxlislar bu o‘zgarishlarni ijobiy qabul qilishmagan bo‘lishsada, bu qarorlar mantiqqa zid emas. Jamoa yarimhimoya chizig‘ida raqobat katta va hatto Pyanich ham zaxira o‘rindig‘ida qolib ketishi mumkin. Alenya, Rafinya va Filippe Koutinyu kabi futbolchilar ijaradan qaytishdi, klub bu futbolchilarni ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlari uchun, ham moliyaviy feyr-pleyga amal qilish zarurati tufayli ijaraga berishiga to‘g‘ri kelgandi.

Klub bu safar transferlar bozorida faol emas. Hozir Veynaldumni hech kim eslamay qo‘ydi. Lautaro Martines haddan tashqari qimmat, Depay uchun esa raqobatchi ko‘p. Faqat «Ayaks»dan amerikalik yosh himoyachi Serjino Destning transferi hal qilindi. Ammo, bu futbolchi ham kelajak uchun, Kuman esa yangi «Barsa»ni hozirdan qurishi kerak.

Fatining o‘yini

Albatta, bitta o‘yin bilan baho berish to‘g‘ri emas, ammo ko‘k-anorranglilarning o‘yinida yana mazmun paydo bo‘ldi. Kike Seten davrida to‘p nazorati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan va bu raqibning emas, «Barsa»ning o‘zining o‘yinini buzib qo‘yardi. Hozirda esa kataloniyaliklar futboli nisbatan vertikal ko‘rinish oldi. Uzatmalar shunchaki uzatilmayapti. To‘pning har bir harakati vaziyatni keskinlashtirish uchun xizmat qilmoqda, uzun paslar soni ham ko‘paydi. 

Jamoa himoyadan chiqishda ham samarali o‘ynamoqda. «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindagi ikkinchi golli hujum bunga yaqqol namuna bo‘ladi - Langle darhol markazdagi Koutinoni to‘p bilan ta'minlagandi. Ochiq hududlarga ega bo‘lgan braziliyalik futbolchi maydon markazini kesib o‘tib, Fatini zarba berish nuqtasiga chiqardi. Birinchi golda ham Kleman Langle Jordi Albaga uzun uzatmani amalga oshirgan, qanot himoyachisi esa Fatini o‘z vaqtida to‘p bilan ta'minlagan, yosh vinger Serxio Asenxoning yaqin burchagini aniq nishonga olgandi. 

Fati bir yillik futbolchi emasligini namoyish eta boshladi. 17 yoshli vunderkind mavsumni hech kimda savol qoldirmaydigan tarzda boshladi - yangi shartnomaga ko‘ra uning badal puli miqdori 400 million yevroga ko‘tarilgandi. Bartomeu esa Fatining gollari va penalti ishlashidan keyin yengil tin olgani aniq, chunki Suaresning «Atletiko»dagi yorqin debyutidan keyin (urugvaylik futbolchi zaxiradan tushib golli uzatma amalga oshirdi va ikki gol urdi) prezidentga faqat dangasalar tosh otmagandi.

Kumanning uslubi

Kumanning debyut o‘yiniga eng yaxshi bahoni muxlislar berishmoqda. Stadionda ular yo‘q edi, ammo fanatlar arena tashqarisida ikkinchi bo‘lim boshlanayotgan chog‘da g‘alaba mushakbozligini uyushtirishdi. O‘yin davomida Unai Emerining «Kamp Nou»dagi navbatdagi mag‘lubiyati muqarrar ekani ko‘rinib turardi.

«Barsa» o‘yinida tanqidtalab bo‘lgan jihat — himoya chizig‘idagi muammolardir. Qolgan barchasi — maqtovga loyiq. Kuman de Yongdan qanday foydalanish kerakligini ham bilishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bosh murabbiyning vatandoshi hujum vaqtida tayanch zonasini Busketsga qoldirib o‘z vaqtida oldinga o‘tdi. Umuman, o‘yin davomida ko‘p futbolchilar vaziyatga qarab to‘g‘ri pozitsiyalar tanlashdi. Masalan, Grizmann kerak vaqtda markazda paydo bo‘ldi, kerakli vaqtda o‘ng qanotga o‘tdi, o‘ng qanot himoyachisi vazifasini ham bajardi, chapda Fatining ortida ham o‘ynadi.

«Sariq submarinalar» himoyachilari Koutino ham maydonda aslida qaysi pozitsiyada o‘ynayotganini anglay olishmadi. «To‘qqizlik», insayd yoki qanot hujumchisi? Leo esa erkin ijodkor edi va jamoa bundan samarali foydalandi. 

Leo Messi: darvozaga yetti zarba va penaltidan bir gol

Messi qatorasiga 17-mavsumda gol urmoqda. U yangi mavsumdagi ilk golini do‘sti Suares kabi nishonladi

Mavsumlar oralig‘idagi muammolarga qaramasdan maydonda jamoa uchun borini berib o‘ynashda davom etmoqda. Yaxshi harakatlanmoqda, keskin vaziyatlar yaratmoqda. 35-daqiqada esa penaltidan uchinchi golni urdi. Bu vaziyatda Mario Gaspar jarima maydoni ichida Fatining oyog‘iga tepgani uchun hakam 11 metrli jarima nuqtasini ko‘rsatgandi. 

Messi tanaffusgacha kataloniyaliklarning barcha to‘rt golida ishtirok etdi. Uning Serxio Busketsga uzatmasini to‘sib qolmoqchi bo‘lgan Pau Torres o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

Jamoa sardori endi to‘pni maydon markazida olib raqib jarima maydonigacha olib borishi talab etilmaydi. Yangilangan «Barsa» tezkor futbolchilar hisobiga uzun uzatmalardan foydalana boshladi. Bu jarayonga Kumanning uslubini qabul qilgan barcha futbolchilar jalb etiladi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, kataloniyaliklar Messisiz ham o‘ynay olishadi. Ammo tarkibda Leo bo‘lgani baribir yaxshiroq. Ispaniya chempionatiga va Yevropa futboliga aynan shunday «Barsa» kerak.

Ikkinchi bo‘limda Emeri to‘pga egalik qilish uchun Pako Alkaser o‘rniga maydon markaziga qo‘shimcha futbolchi tushirdi. Ammo mehmonlar ikkinchi bo‘limda ham yaxshi hujumlar uyushtira olishmadi. «Barselona» pozitsion himoyalanib o‘yin tempini tushirdi. Kuman o‘yinchilar almashtirish orqali kuch tejadi: Pyanich, Trinkan va Pedri debyut qildi, Usmon Dembele ham 10 oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytdi.

Birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qilgan «Barsa» zarbalar bo‘yicha ham ilgarilab ketgandi – 8:2 (aniq zarbalar bo‘yicha – 5:0). Tanaffusdan keyin «Barselona» mehmonlarning 4 zarbasiga 9 zarba bilan javob qaytardi (aniq zarbalar bo‘yicha – 4:1). Messi yetti marta zarba berdi. U ikkinchi bo‘limda bir qancha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo Asenxo «Vilyarreal»ni hisob yanada yiriklashib ketishidan qutqardi. 

Bu o‘yinga qarab, «Barselona» o‘ziga kelayotganini aytish mumkin. Ammo Kumanning ishiga to‘la baho berish uchun kamida yarim mavsum jamoa o‘yinini kuzatish kerak. Bitta yirik g‘alaba o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizlikni unuttira olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: