Koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga 30 kunlik muddat bo‘yicha ish haqi to‘lanadi

O‘zbekiston 19:27 / 27.09.2020 22172

2020 yil 24 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori e'lon qilindi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, mazkur qarorga ko‘ra, xodimlarga ish hajmidan kelib chiqib, kunbay ishlash sharoitida har 30 kunlik davr uchun ish yuklamasini inobatga olgan holda har oylik ish faoliyati yakuni bo‘yicha quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus to‘lov belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • boshqaruv va o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • provizor-farmatsevt xodimlarga – 10 million so‘m;
  • dizenfektor va kichik tibbiyot xodimlariga – 8 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Shuningdek, anesteziolog-reanimatolog vrachlarga ham maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari hisob-kitob qilinadi va to‘lab beriladi.

Statsionar tibbiyot muassasalari hamda laboratoriyalarga jalb qilingan xodimlarga maxsus to‘lovlar: 

  • xodim joriy yilning 20 avgust kunigacha faoliyat yuritgan bo‘lsa, uning 14 kunlik faoliyati yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilingan bo‘lishi kerak. Bunda, 14 kunlik faoliyati yakuniga qadar amalda bo‘lgan shartlar saqlab qolinadi.
  • xodim joriy yilning 20 avgust kunidan keyin jalb qilingan bo‘lsa, 30 kunlik davr uchun har oy yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

Bundan tashqari, mazkur qaror qabul qilingan sana, ya'ni 2020 yilning 24 sentyabriga qadar maxsus to‘lovlar amalga oshirilishida vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga - 25 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga 15 million so‘m, kichik tibbiyot xodimlariga 10 million so‘m va boshqa xodimlarga 5 million so‘m amalda bo‘lgan miqdorlari saqlab qolinadi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar joylashtirilgan statsionar davolash muassasalari rahbarlari va bevosita davolash ishlari bilan shug‘ullanuvchi uning o‘rinbosarlariga vrachlar uchun belgilangan maxsus to‘lov, ya'ni 25 million so‘m miqdoridagi to‘lov tatbiq etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: