Rossiyadan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish uchun avtobuslar qatnovi tashkil etilmoqda

O‘zbekiston 22:56 / 23.09.2020 9636

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan vatanga qaytarish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bugungi kunda ushbu jarayonni yanada tezlashtirish birinchi navbatda og‘ir ahvolda qolgan fuqarolarni imkon qadar tezroq O‘zbekistonga olib kelish maqsadida Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra repatriatsion charter reyslarining sonini bir necha marotabaga ko‘paytirishga erishildi. Shu bilan birga, mamlakatning turli hududlariga muntazam ravishda maxsus temir yo‘l qatnovlari ham tashkil etilmoqda, deyiladi Transport vazirligi xabarida. 

Qayd etilishicha, ayni damda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan, Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida to‘planib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etildi.

Mazkur avtobus qatnovlari Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Bugun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari va Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘yilgan talablarga qat'iy amal qilgan holda bajarilmoqda.

Rejaga muvofiq, avtobuslar 25 sentabr kuni belgilangan manzilga yetib boradi. Shu kunning o‘zida avtobuslar 700dan ortiq yo‘lovchilarni olib O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi. 

“Shu o‘rinda hozirda Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lib turgan fuqarolardan ommaviy ravishda Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegara oldi hududlariga to‘planmasliklarini so‘rab qolamiz. Bu kabi holatlar hozirgi qaltis epidemiologik vaziyatning yanada murakkablashuviga, kasallik yuqtirib olish xavfining ortib ketishiga va eng yomoni, yurtdoshlarimizni vatanga olib kelish maqsadida katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin” deya eslatma bergan vazirlik.

Avvalroq Samara oblastidagi 900dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi maxsus poyezdda vatanga qaytayotgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: