Messi o‘z nomini sudda yutib oldi. Velosipedchilar unga 9 yil qarshilik qilgandi

Sport 14:16 / 19.09.2020 28577

Gap shundaki, Ispaniyada «Massi» nomli velosiped ishlab chiqaradigan kompaniya bor. Ular «Messi» nomli brend paydo bo‘lishiga qarshilik qilayotgandi. Emishki, «Messi» so‘zi ularning «Massi» brendiga juda o‘xshash va bunday brendning paydo bo‘lishi mijozlarni chalg‘itib, velosipedchilarning savdosiga ta'sir qiladi.

Foto: Bikewar.com

Juda ko‘p sud majlislaridan so‘ng ish eng oliy sudgacha yetib bordi. Qarori muhokama qilinmaydigan Yevropa Ittifoqi Oliy instansiya sudi bu borada Lionel Messi foydasiga qaror chiqardi. Intellektual mulk bo‘yicha Yevropa byurosi «Massi» velosipedchilarining da'vosini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, YeI Oliy instatsiya sudi Messining ismini qaysidir boshqa nom bilan adashtirib yuborish imkonsiz bo‘lgan darajada mashhur deb topdi va velosipedchilarning arzini rad etdi.

«Futbolchining mashhurligi «Massi» so‘ziga o‘xshashlikdan balandroq turadi. Messi televideniye va radioda tez-tez muhokama qilinadigan juda mashhur inson», deyilgan sud qarorida.

Shu tariqa o‘z nomini sudda yutib olgan Lionel Messi endilikda «Messi» brendiga asos solishi mumkin.

Brendga aylangan boshqa nomlar

Messining shundog‘am «ro‘zg‘ori to‘kin-sochin»: yillik maoshi 92 million dollar. O‘tgan yilda reklamadan 34 million dollar ishlagan, biroq u o‘z nomini brendga aylantirsa, bu borada muvaffaqiyat qozonib, yanada boyishi haqiqatga yaqin. Chunki ungacha ko‘plab mashhurlar o‘z nomi orqali katta pul ishlagan. Oddiy misol – ko‘pchilik sevib xarid qiladigan va yana ko‘pchilik originalini kiyishni orzu qiladigan «Lacoste» brendi inson nomidan olingan. «Katta dubulg‘a» turkumidagi musobaqalarning 10 karra g‘olibi Rene Lakost 1933 yilda katta tennisdan ketgach, o‘z nomidagi «Lacoste» brendiga asos soladi. Brend ramzi sifatida bejizga timsoh tanlanmagan. Rene Lakostni tennis olamida Alligator deb atashgan.

Foto: Behance

Angliyalik futbolchi Devid Bekhem o‘z nomidagi parfyumeriya va kiyimlar chiqarganini bilsangiz kerak. Bugungi kunda Bekhem xotini Viktoriya Bekhemdan qolishmaydigan mashhur brend egasi hisoblanadi. Krishtianu Ronaldu faqat shampun reklama qiladi deb o‘ylasangiz, adashasiz. U o‘z nomidagi kiyim-kechaklar savdosiga ham asos solgan.

Suzish bo‘yicha 18 karra olimpiada chempioni Maykl Felps ham o‘z brendiga ega. Topdingiz, tabiiyki bu brend suzish kiyimlari ishlab chiqaradi. Basketbol qiroli Maykl Jordanning ham krossovka va sport kiyimlari ishlab chiqaradigan brendi juda mashhur. Shunchalik mashhurki, bugun yoshlar Jordan desa, «PSJ» futbolchilari mashg‘ulotda kiyadigan liboslarni tushunadi.

Foto: Forbes

Tennis malikalari Serena va Vinus Uilyams yoki Mariya Sharapova ham brendga nom topish uchun bosh qotirib o‘tirishmagan. Amerikalik opa-ukalar o‘z familiyalarining teskarisini yozib «Aneres» savdo markasini yaratishgan. Mariya Sharapova esa familiyasini sal o‘zgartirib «Sugarpova» shirinliklari savdosini yo‘lga qo‘ygan. «Sugar»ning ma'nosi shakar ekanini bilsangiz kerak.

Biroq sport olamida brendlar yaratish doim ham oson kechavermagan. Masalan, «Liverpul» o‘z nomini savdo markasiga aylantirib, pul ishlamoqchi bo‘lganida, Liverpul joy nomi bo‘lgani sabab bunga yo‘l qo‘yishmaydi.

Bu muammoga APLning yana ikki vakili «Chelsi» va «Tottenhem» ham duch kelgan. Londonning bu ikki klubi o‘z nomini brendga aylantira olmasligini bilgach, quyidagicha bayonot berishgandi: «Barcha o‘z nomidan bemalol, pochta qutisiga yuristlardan xat kelishini o‘ylamay foydalanishi kerak». Bu ikki klubning atalishi ham toponimik nomlar bilan bog‘langan bo‘lsa-da, keyinchalik «Chelsi» va «Tottenhem» brendlari baribir ro‘yxatga olingan.

Ko‘pchilik futbol muxlislari tarixdagi eng zo‘r futbolchi deb ataydigan Messi qanday mahsulotni o‘z nomi bilan bog‘lashga qaror qilarkin? Bu qanday mahsulot bo‘lsa ham, raqobatchilar bir seskanib olsa kerak.

Ko‘proq yangiliklar: