«Qashqadaryo HET» AJ: korrupsiya mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetkazadi

Jamiyat 11:34 / 18.09.2020 1991

Seminarda har qanday davlatning rivojlanishi davlat xizmatchilarining vatanparvarligiga, zimmasidagi mas'uliyatni anglashiga, sadoqati va fidoyiligiga bog‘liqligi aytildi. Ushbu xislatlarga ega bo‘lmagan davlat xizmatchisi korrupsiyadan xoli bo‘la olmasligi, natijada poraxo‘rlikka, mansabini suiiste'mol qilishga, pirovardida, jamiyatning obro‘sizlanishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetadi. Korrupsiya murosa qilib bo‘lmas global tahdid hisoblanishi, shu sababli dunyo miqyosida barcha davlatlarda bu illatga qarshi kurashib kelinayotganligi ta'kidlandi.

Xususan, joriy yilning 25 yanvarida Prezident Sh.Mirziyoyev ham Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgani, bu baloning oldi olinmasa, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmasligi, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmasligi haqida gapirdi.

Aytish mumkinki, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibidagi elektr ta'minoti korxonalarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ichki nazorat tizimi faoliyati takomillashtirilgan. Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, jamiyat va uning tarkibidagi tuman, shahar elektr ta'minoti korxonalarining ma'muriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslarni, ularning vakillarini qabul qilishda shaffoflikni ta'minlashga keng e'tibor qaratilmoqda. Zarur hollarda, video va audioga yozib olish tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bundan tashqari, jamiyat tomonidan iste'molchilar bilan o‘zaro hisob-kitob qilishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishga o‘tilmoqda. Iste'mol.chilarga elektr energiyasi sarfini hisobga olishning zamonaviy priborlari (aqlli hisoblagichlar) o‘rnatilayotganligi bir qancha qulayliklar bilan bir qatorda, korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ayrim omillarning oldini olmoqda.

Shuningdek, xodimlar bilan davriy profilaktik suhbatlar o‘tkazilyapti. Korrupsiyaga oid yoki uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibi joriy etilgan. Seminarda odob-axloq qoidalariga amal qilinishi yuzasidan monitoring yo‘lga qo‘yilgani, bu sohada olib borilayotgan ishlar o‘z navbatida xodimlarda korrupsiya – rivojlanish kushandasi ekanligini his qilgan holda ish olib borishida turtki bo‘lishi kabi masalalar muhokama etildi.

AJ tizimida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish uchun harakat qilinmoqda. Seminarda jamiyat xodimlari qonunchilikdagi yangiliklardan ham xabardor qilindi.

«Qashqadaryo HET» AJ matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: