Germaniyaning yetakchi fikr markazi O‘zbekistondagi OAV faoliyati va so‘z erkinligiga baho berdi

Jamiyat 14:59 / 18.09.2020 7313

Germaniyadagi taniqli va yetakchi fikr markazlaridan biri bo‘lgan SWP markazi xalqaro va xavfsizlik ishlari instituti nashrining 12 sentyabrdagi sonida «O‘zbekistonning o‘zgarishi. Strategiya va istiqbollar» nomli tadqiqot ishi e'lon qilindi.

Unda O‘zbekistondagi islohotlar kun tartibi, ichki siyosiy vaziyat, xavfsizlik apparatini qayta tashkil etish, kadrlar siyosati va boshqaruv, islohotlarning tashqi siyosiy jihatlari, hamkorlik istiqbollari va ahamiyati, transformatsiya chegaralari haqida so‘z yuritiladi.

Xususan, «Ommaviy safarbarlik» nomli ichki sarlavha ostida O‘zbekistondagi  ommaviy axborot vositalari faoliyati va so‘z erkinligi masalasi yuzasidan fikrlar bayon etiladi. Tadqiqot ishida ommaviy axborot vositalari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan fuqarolarda daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishning eng asosiy ustunlaridan biri ekani ta'kidlangan.

«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga ancha erkinlik berildi. Endilikda raqamli jarayonlarni joriy qilish orqali davlat boshqaruvini yanada shaffof, fuqarolar uchun qulayroq va samaraliroq tashkil qilish lozim. Chunki «ochiqlik» tushunchasi o‘z navbatida islohotlar jarayonining murakkabligi va potensial imkoniyatlariga ishora qiladi. Bu esa katta umidlar bir qatorda bosimni ham yuzaga keltiradi.

Mamlakat prezidenti muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik oldida oshkoralikni, jurnalistlardan yanada faol bo‘lishni talab qiladi.

Media sohasini liberallashtirish Mirziyoyev siyosatining ajoyib yutug‘idir. Bungacha qo‘llangan qat'iy senzuraga nisbatan olib qaraganda, ommaviy axborot vositalari haqiqatan ham katta erkinlikka ega. Rasmiy so‘z erkinligi va Mirziyoyevning bu boradagi muammolarni hal qilishga tayyorligi, bu yo‘ldan ortga qaytilmasligini ta'kidlashi O‘zbekistonda blogerlik faoliyati yuzaga kelishiga ham turtki berdi», deyiladi tadqiqotda.

Shuningdek, xorijiy jurnalistlar uchun akkreditatsiyadan o‘tish osonlashgani, 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistonda bloklangan ommaviy axborot vositalari qayta ochilgani, ular orasida Deutsche Welle, BBC’ning o‘zbek xizmati, Eurasianet va Fergana.agency, shuningdek, Uzmetronom ham borligi, Human Righs Watch va Amnesty International veb-saytlariga kirish qayta tiklangani qayd etib o‘tilgan.

Tadqiqot ishida yangi erkinliklar yangi cheklovlar bilan birga kelayotganiga  ham e'tibor qaratiladi va mahalliy muammolarni jamoatchilikka yetkazadigan jurnalistlar va huquq faollariga nisbatan bosimlar bo‘lgani, jurnalist va blogerlarni qo‘rqitish va hibsga olish so‘z erkinligiga oid rasmiy majburiyatlarni bir necha bor shubha ostiga qo‘ygani aytiladi. Ta'kidlanishicha, bunday reaksiyalar ommaviy axborot vositalari erkinligining chegarasini yaqqol ochib beradi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi davlat siyosatining ijobiy qiyofasini xalqqa taqdim etishda o‘zini vositachilik instansiyasi deb bilishi, axborot olishda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashi, davlat instansiyalari bilan aloqa o‘rnatib, muloqot «konstruktiv» bo‘lishini ta'minlashi ta'kidlab o‘tilgan.

«Ommaviy axborot vositalari ushbu shartlarni bajarish sharti bilan maqsadli davlat ko‘magi oladi. 2019 yil avgust oyida dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq mashhur blogerlar va ta'sir o‘tkazuvchi (influyenser)lar mamlakatning sayyohlik yo‘nalishini targ‘ib qilish uchun O‘zbekistonga taklif qilindi. Tadbirni o‘tkazish uchun davlat 250 ming AQSh dollar atrofida mablag‘ sarfladi, chunki bu tadbir marketingning sezilarli samarasini yaratadi, deb umid qilindi. Prezidentning o‘zi blogerlar bilan uchrashib, O‘zbekistonning «oshkoralik siyosati» haqida so‘zladi.

Davlat organlari tanqidiy xabarlarni e'tiborsiz qoldirmasligi va ularga javob berishi lozim. Bir tomondan esa ular tanqidni jiddiy qabul qilishi, uning to‘g‘riligini tekshirishi va mas'ul instansiyalarga yetkazishi kerak. Ayni paytda ular o‘z hisobotlarini «tuzatishga» imkon beradigan materiallar bilan ommaviy axborot vositalarini ta'minlashlari tavsiya etiladi.

Ommaviy axborot vositalari siyosati – bu O‘zbekistondagi islohotlar dasturining ikki tomonlama ekanining yorqin namunasidir. Ushbu sohadagi liberallashtirish g‘arb mutaxassislari tomonidan vaqti-vaqti bilan ta'na qilinganidek, avtoritar boshqaruv usullarini takomillashtirish ma'nosida fuqarolar ustidan davlat nazorati samaradorligini oshirishgagina xizmat qilmaydi», deya ta'kidlanadi tadqiqot ishida.

Bugungi kunda O‘zbekistonda jamoatchilik ishtiroki rag‘batlantirilayotgani, hech bo‘lmaganda, OAV nazoratidan foydalanib, islohot maqsadlarini amalga oshirishga undalayotgani qayd etib o‘tilgan.

2020 yil fevralida tashkil etilgan, AOKAning sobiq rahbarlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva tomonidan boshqariladigan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining davlat nazoratchisi maqomiga ega bo‘lgan AOKAdan farqli ravishda, nodavlat-notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatidan o‘tgani va grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriluvchi aniq loyihalar orqali media sohasini rivojlantirishga ko‘maklashishi, jurnalist va blogerlar uchun treninglar o‘tkazish rejalashtirilgani haqida ma'lumot berib o‘tilgan.

Tadqiqotda O‘zbekiston IIV vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etishni taklif qilgani tanqid ostiga olingan.

«Ammo bular ba'zi doiralarda yetarli emas, deb hisoblanadi. 2020 yil aprel oyida Ichki ishlar vazirligi go‘yo yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan qaror loyihasini e'lon qilish asnosida ijtimoiy tarmoqlarda «salbiy qarashlar»ni aniqlash va ularga nisbatan «murosasizlik muhitini yaratish» uchun «vatanparvar blogerlarning virtual guruhi»ni tashkil etishni tavsiya qildi», deya eslatib o‘tilgan unda.

  • Ichki ishlar vazirligi shu yilning aprelida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari, Yoshlar Ittifoqi va yosh volontyorlar orasida «vatanparvar blogerlar» guruhini tuzish taklif qilingan Prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi. IIV muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasi bilan tasdiqlanadigan «Yo‘l xaritasi»ning 9-bandida virtual guruh tashkil etish belgilangan va chora-tadbirlar dasturi 2020—2022 yillar uchun mo‘ljallangandi. Bu loyiha jamoatchilikning keskin tanqidiga uchragan, Yoshlar ittifoqi va TATU rahbariyati ham loyihaga e'tiroz bildirgan, xususan, YoIning o‘sha vaqtdagi raisi Alisher Sa'dullayev ittifoqning qarordagi bandga aloqasi yo‘qligini bildirib, ushbu banddan tashkilot nomi olib tashlanishini talab qilgandi. Keyinroq IIV matbuot xizmati mazkur taklif va tavsiyalar asosida hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rib chiqilishi va kelishish uchun mutasaddi idoralarga kiritilishini bildirdi.

Hozirda O‘zbekistonda prezidentning ochilish siyosatini mamnuniyat bilan qabul qiladigan, siyosiy voqealarni tanqidiy va konstruktiv tarzda kuzatadigan va manipulyatsiya urinishlarini tezkor ravishda e'lon qiladigan ko‘plab faol blogerlar borligi, ular islohot siyosati olib borishga intiladigan, ijtimoiy va mediaviy faol fuqaro timsolini o‘zida mujassam etishi e'tirof etib o‘tilgan.  

Tadqiqot ishida O‘zbekistonda Germaniya va Yevropa tomonidan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi uchun yaxshi sabablar mavjudligi, ochiq jamiyatni rivojlantirish uchun eng muhim yo‘nalishlarga e'tibor qaratish lozimligi, xususan, OAV faoliyatini rivojlantirish, ochiq munozaralarni rag‘batlantirish, jamoatchilikning mustaqil ishtirokini ta'minlash zarurligi bayon etiladi.

Ma'lumot uchun:

Fan va siyosat fondi (Stiftung Wissenschaft und Politik, SWP) Bundestag (Germaniya parlamenti) va federal hukumatga tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha maslahat beradi. Bundan tashqari, SWP Germaniya bilan bog‘liq xalqaro tashkilotlarda, xususan, Yevropa Ittifoqi, NATO va BMTda qaror qabul qiluvchilarga tavsiyalar ishlab chiqadi.

SWP – Xalqaro aloqalar bo‘yicha Yevropa fikr markazi bo‘lib, ushbu jamg‘arma qoshida Germaniyaning Xalqaro aloqalar va xavfsizlik instituti tashkil etilgan. Institut Yevropa integratsiyasi, Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalari va xavfsizlik siyosati masalalarini tadqiq qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: