«Davergeodezkadastr»ning qayta tashkil etilishi davlat organlari tizimida qanday aks etishi ma'lum bo‘ldi 

O‘zbekiston 08:29 / 18.09.2020 3542

Yergeodezkadastrdavqo‘m funksiya va vazifalarining bir qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, qolganlari esa DSQ huzurida tashkil etilgan Kadastr agentligiga o‘tkaziladi

Norma’ning yozishicha, shu munosabat bilan:
 
birinchidan, quyidagilar tashkil etiladi:

a) Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) bo‘limlari (Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari negizida);

b) davlat muassasasi shaklida Davlat kadastrlari palatasi (Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi negizida) – ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrini, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini hamda Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish uchun;

v) Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari hamda ularning filiallari negizida) – ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hududlar davlat kadastrining yuritilishini tashkil etish uchun.

g) Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari (yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarning filiallari negizida) – ko‘chmas mulk obektlarining joylashgan joyidan qat'i nazar, davlat organlari va tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmalariga asosan kadastr yig‘majildini tayyorlash uchun. Bunda kadastr muhandislari va filiallarga ushbu xizmatlarni ko‘rsatishda teng sharoitlar yaratiladi. Palata filiallari bosqichma-bosqich tugatib boriladi va zaruratga ko‘ra faqat olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda saqlanib qoladi;

d) quyidagilar negizida davlat muassasasi shaklida Respublika aerogeodeziya markazi:

  • Markaziy aerogeodeziya korxonasi;
  • Samarqand aerogeodeziya korxonasi;
  • «Geoinformkadastr» DUK;
  • «Kartografiya» davlat ilmiy ishlab chiqarish korxonasi;

ye) Kadastr agentligining markaziy apparati tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Geodeziya nazorati boshqarmasi (Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi negizida);
 
ikkinchidan, quyidagilar o‘tkaziladi:

  • Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi huzuridagi Davlat kartografiya-geodeziya fondi – Kadastr agentligi bo‘ysunuviga;
  • «Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi» DUK – Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibiga;
  • Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti – Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibiga;

uchinchidan, Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi Kadastr agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari belgilandi.

to‘rtinchidan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida:

  • strategik rivojlantirish, investitsiyalar va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga mas'ul vazir o‘rinbosari lavozimi tugatiladi;
  • qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer monitoringini amalga oshirish masalalariga mas'ul vazir o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy organlariga qo‘shimcha 204 ta boshqaruv xodimi shtat birliklari ajratiladi. Ular Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy organlari mansabdor shaxslari qishloq xo‘jaligi yerlari monitoringini o‘tkazish jarayonida aniqlanadigan yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga keltirish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish va ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga yuborish huquqiga ega.
 
Hujjatda nazarda tutilgan tegishli tashkilotlarni tugatish, o‘zgartirish va tashkil etish bo‘yicha hamda bu bilan bog‘liq tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ikki oy muddatda to‘liq amalga oshirilishi kerak.
 
Kadastr agentligining markaziy attestatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Uning tarkibiga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi, Axborot kommunikatsiyalari vazirligi, boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, sohaning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari, fan va ta'lim muassasalari vakillari kiritiladi. 2 oy muddatda rahbarlik lavozimlariga nomzodlar orasida tanlov o‘tkaziladi. Bunda lavozimga tayinlash va undan ozod etish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Kadastr agentligi direktori – DSQ raisining birinchi o‘rinbosari – Prezident tomonidan;
  • direktor o‘rinbosarlari – Vazirlar Mahkamasining qarori bilan;
  • Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari, Davlat kadastrlari palatasi raisi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallari boshliqlari, tizimdagi tashkilotlarning komplayens-nazorat xizmati xodimlari – Kadastr agentligi direktori tomonidan.

Yil oxiriga qadar boshqa lavozimlarga malakali xodimlar ishga qabul qilinadi. Tor doiradagi mutaxassislar mehnat bozorining amaldagi kon'yunkturasini hisobga olgan holda shartnoma asosida Agentlik va Palataga ishga jalb etilishi mumkin.   
 
Hujjat 7.09.2020 yildan kuchga kirgan.

Ko‘proq yangiliklar: