«Bu savollar bazada bor-yo‘qligi tekshirilmoqda» - DTM TDYuU testlari sotilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 20:28 / 18.09.2020 35018

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat yuridik universiteti uchun kirish imtihonlarida bitta fandan test savollari 2 ming AQSh dollari, 2ta fandan esa 4 ming dollaridan sotilgani, shuning uchun universitetga hujjat topshirgan 400 nafar abituriyent birdaniga 189 ball to‘plagani haqida xabarlar va test savollarining suratlari tarqaldi. Kun.uz muxbiri Davlat test markazi axborot xizmatidan mazkur holat yuzasidan izoh oldi.

DTM axborot xizmati rahbari Orziqul Boboyev tashkilot hozirda bu masala bo‘yicha shug‘ullanayotganini ma'lum qilgan.

«Savollar DTM bazasida bor yoki yo‘qligi va holatga tegishli barcha jihatlar o‘rganiladi», dedi u.

Tashkilot axborot xizmati xodimi Jamshidbek Odilovning qo‘shimcha izoh berishicha, kirish imtihonlarida tushadigan savollar universitetlar kesimida tasdiqlanmaydi. Ya'ni faqatgina Toshkent davlat yuridik universitetiga tushadigan savollar bazasi alohida shakllantirilmaydi. Savollar faqat fanlar kesimida: ingliz tili, fizika, tarix sifatida shakllantiriladi. Shuning uchun faqat TDYuU uchun test savollari tarqalib ketgani haqidagi xabarlar mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

«Bundan tashqari, mandat e'lon qilinishiga hali bor. Bu boradagi ishlar hozir amalga oshirilmoqda. 24 sentyabrgacha hamma natijalar umumlashtirilib, e'lon qilinishi aytilgan. Shuning uchun hamma narsa tanlov to‘liq e'lon qilingandan keyin ma'lum bo‘ladi», dedi u.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maksimal ball olganlar ko‘pligi haqidagi xabarlarga javoban DTM ball yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillarni sanagan edi.

Ma'lumot uchun, Toshkent davlat yuridik universitetiga joriy yil 600 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan va universitetga 13 ming 700dan ortiq abituriyent hujjat topshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: