Qashqadaryoda MIBning 426 nafar xodimi bo‘shatilgan. Sobiq xodimlarning e'tiroziga munosabat bildirildi

Jamiyat 19:07 / 17.09.2020 9939

Sobiq MIBchilarning aytishicha, joriy yilning 18 iyunida qabul qilingan «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, tizim 1 avgustdan tugatilayotgani tufayli ogohlantirish xati olishgan.

«Biroq haligacha bizga yakuniy hisob-kitob va kompensatsiya puli to‘lab berilmadi. Faoliyatimiz davomida qor-yomg‘irli yoki jazirama kunlarda, hatto pandemiya davrida ham uyma-uy yurib ishladik. Shanba va yakshanba kunlari, kezi kelganda yarim tungacha ishda bo‘ldik. Mehnat qonunchiligi buzilishiga qarshi chiqqan xodim ishdan bo‘shatilishi aniq edi.

Ayni vaqtda ko‘pchiligimiz ishsiz qoldik. Bizning kelgusida bandligimizni ta'minlash ham hech kimning xayoliga kelmayapti», deyiladi murojaatda.

MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.

«Prezidentning yuqorida nomi tilga olingan farmoniga ko‘ra, 2020 yil 1 avgustdan Byuroning energiya resurslari hamda qattiq maishiy chiqindilar sohasidagi undiruv va boshqa vazifa-funksiyalarning tegishlicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta'minot» AJning hududiy gaz ta'minoti tashkilotlariga o‘tkazilishi belgilangan.

Shu sababli, Byuroning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tizimidagi shtat birliklari qisqartirilgan, jami 426 nafar sobiq xodimlariga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda ogohlantirish muddatiga muvofiq 1 milliard 49 million so‘mlik kompensatsiya pullari to‘liq to‘lab berilgan.

Jumladan, MIB Muborak tumani bo‘limining 11 nafar sobiq xodimiga 26 million 647 ming so‘m hamda Mirishkor tuman bo‘limining 18 nafar sobiq xodimiga 39 million 694 ming so‘m kompensatsiya pullari to‘langan.

Aytish lozimki, 426 nafar sobiq xodimga foydalanilmagan mehnat ta'tili uchun hisoblangan yakuniy hisob-kitob 4.414.682.0 ming so‘mni (bu tushunarsiz summani MIB shu ko‘rinishda taqdim etgan — tah.) tashkil etib, to‘lovlar navbatdagi bosqichda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, boshqarma sobiq xodimlarining 120 nafarini ishga joylash masalasi hal qilindi. Ulardan, 51 nafari ta'minotchi korxonalarga, 69 nafari boshqa tashkilotlarda o‘z faoliyatini boshladi.

Mehnat qonunchiligiga amal qilinishi, ish haqi va boshqa to‘lovlarning to‘lanishi bo‘yicha Majburiy ijro byurosining markaziy apparati mas'ul xodimlari tushuntirish berishga doim tayyor (Murojaat uchun telefon raqamlari: 71 207-11-72, 71 207-11-98) ekanini bildirib qolamiz», deyiladi MIB munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: