Qashqadaryoda aniqlangan moliyaviy piramida haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi. Bu korxona faoliyati haqida fuqarolar 7 oy avval ogohlantirilgan

Jamiyat 01:06 / 17.09.2020 32316

Qashqadaryoda moliyaviy piramida tashkil etish orqali 9 million dollar ishlagan fuqaro haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda soxta aksiyalarni pullab moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Aniqlanishicha, «Nasdaq Unique Finance» xorijiy kompaniyasining Qashqadaryo viloyatidagi norasmiy vakili T.Rizayev o‘zining jinoiy sheriklari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.07.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3832-sonli Qarori talablariga zid ravishda uyali telefon apparatlari orqali internet tarmoqlariga ulanib, ikki ming nafardan ziyod shaxslarga chet el korxonalarining aksiyalarini sotib olish orqali ustama foiz to‘lab turish haqida yolg‘on ma'lumotlar tarqatib, aldab, ularni ishonchiga kirib, jami 9 mln. AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni turli moddiy qimmatliklar olish yo‘li bilan legallashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan T.Rizayev va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokurori rahbarligida, prokuratura, Departament va IIB xodimlaridan iborat tarkibda tezkor-tergov guruhi tuzilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni tergovdan yashirilishini oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyati, Toshkent va Jizzax shaharlaridagi manzillarda o‘tkazilgan tintuvlarda 9 ta avtomashina va ishga aloqador hujjatlar rasmiylashtirilib olindi.

2020 yil 15 sentyabrda T.Rizayev, M.Rizayev va Sh.Abdurahmonovlar JKning 168-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilib, sudning 16.09.2020 yildagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi», deyilgan viloyat prokuraturasi bayonotida.

Ma'lumot uchun, Kapital bozorni rivojlantirish agentligi fevral oyida «Nasdaq Unique Finance» faoliyatida moliyaviy piramida belgilari aniqlanganidan ogohlantirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: