«O‘zbekneftgaz»: Mehriddin Abdullayev raisligida 8 oylik hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi, qator rahbarlar ishdan olindi

Jamiyat 09:30 / 17.09.2020 21086

Videoselektor avvalida Boshqaruv raisi karantin davom etayotganini, u bekor qilinmagani, balki yumshatilganini doimo yodda tutish kerakligini ta’kidladi va korxonada kasallikni tarqalishiga avvalo rahbarlarning shaxsan javobgarligi belgilanganligi yana bir bor eslatib o‘tildi.

Joriy yilning 8 oyi davomida ijobiy iqtisodiy natijalar qo‘lga kiritilishi e’tirof etilishi barobarida, ayrim yo‘nalishlarda qoloqlik qayd etilgani keskin tanqid qilindi.

Jumladan, Boshqaruv raisi gaz kondensati qazib chiqarish (102,6 foiz), neft qazib chiqarish (108,8 foiz), quduqlarni kapital ta’mirlash (114,6 foiz), avtobenzin ishlab chiqarish (127,2 foiz), investitsiyalarni o‘zlashtirish (102,8 foiz), mahalliylashtirish (169,5 foiz) borasida natijalar rejadan yuqori bo‘lganini ta’kidlab, qolgan davrda ham ish tashkil qilishda beparvolikka berilmaslikni aytib o‘tdi.

Quduqlarni ishga tushirish (72,2 foiz), eksport (57,0 foiz) yo‘nalishlarida ko‘rsatkichlarni bajarishda sezilarli darajada qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani misollar bilan keltirib o‘tildi hamda qolgan davr mobaynida mavjud kamchiliklar bartaraf etilmasa, tegishli rahbarlar lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha ogohlantirish berildi.

Eksport yo‘nalishida ishni to‘g‘ri tashkil etilmagani, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani sababli ikki nafar mas’ulga hayfsan e’lon qilindi hamda yil yakuniga qadar qoloqlik bartaraf etilmasa qat’iy jazo choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rejada 10,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda 11 mlrd kub metr bilan 102 foizlik natijaga erishgani, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan esa reja 100,8 foizga bajarilgani alohida e’tirof etildi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani sababli, Boshqarma rahbarlariga xayfsan e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohani yanada rivojlantirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilganini ta’kidlagan Boshqaruv raisi, afsuski yaratilgan imkoniyatlardan joylarda samarali foydalanilmayotganini tanqid qildi.

Tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlarning aniq emasligi ta’kidlanib, bu bo‘yicha mas’ul bo‘lganlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani va bu davom etadigan bo‘lsa qat’iy jazo choralari ko‘rilishi, tegishli mutasaddilarning lavozimdan olinishi masalasi ko‘rilishini aytib o‘tdi.

Jumladan, Gazli boshqarmasida 70 ta quduqda mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, 69 ta quduqda (98,6%) mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishiga qaramasdan mazkur quduqlardan kutilgan natija olinmagani, burg‘ilashda 16 ta quduq ishga tushishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 11 ta quduq ishga tushirilgan (68,8%) salbiy natija ekani, o‘z ishiga mas’uliyatlik deya baholandi.

2020 yil yanvar-avgust oylari tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini konma-kon tahlil etilib, faqatgina Muborak va Sho‘rtan boshqarmalariga qarashli konlarning barchasi belgilangan rejani bajargani, aksincha, Gazli boshqarmasiga qarashli Andakli konida rejadagi tabiiy gaz qazib chiqarilmagani aytildi.

O‘tgan 8 oy yakuni uchun suyultirilgan gaz ishlab chiqarish rejasi 95,9 foizga bajarildi. Lekin, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 17,4 ming tonna qoloqlikka, «Muborak» gazni qayta ishlash zavodi tomonidan esa 8,4 ming tonna qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani tanqidiy tahlil qilindi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida propan-butan aralashmasini olish qurilmalarini modernizatsiya qilish va qurish ishlari kechikishi ham ishlab chiqarishga ta’sir qilayotgani, zudlik bilan kerakli choralar ko‘rilishi belgilandi.

Vaziyatni tezkorlik bilan yaxshilab, har qanday holatda kuz-qish mavsumida aholining kommunal ehtiyojlari va ijtimoiy sohalar uchun suyultirilgan gazni yetkazib berish, iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish zarurligi shart qilib belgilandi.

Buning uchun avvalo, har yili kuz-qish mavsumida ro‘y beradigan Gaz haydash agregatlarining avariyaviy to‘xtalishlari, elektr ta’minoti uzilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlandi.

Sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi departamenti oldiga boshqarmalar bo‘yicha kuz-qish mavsumida ishchi-xodimlarni maxsus kiyim va poyabzallar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Ushbu yig‘ilishda ishtirok etish uchun Boshqaruv raisi tashabbusi bilan konlarning rahbarlari ham taklif etildi hamda ularga so‘z berilib, konlar, quduqlardagi mavjud muammolar, kamchiliklar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Jumladan, «Zevarda» majmuasidagi kon rahbari Rashid Sattarov hozirda yaratib berilgan sharoitlar haqida aytib o‘tdi hamda «Temir daftar»ning yuritilayotgani, ishchilarning ahvoli doimo nazorat ekanligini bildirdi.

Bugungi kunda konda 133 ta quduq borligi, unda 227 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilayotgani, ishning uzluksiz tashkil etilganini, 3 ta quduqda burg‘ilash ishlari bajarilayotgani, qo‘shimcha tarzda geofizika yo‘nalishidagi ishlar ham olib borilayotgani bo‘yicha axborot berdi.

Shuningdek, Boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan, quduqlardagi operatorlarga yuklatilgan vazifalar borasida ma’lumot berildi. Jumladan, operatorlar har kuni quduqlardagi kunlik qazib chiqarish holatini kuzatayotgani, manometrlar bosimini o‘lchashi, tabiiy gaz qazib chiqarilishini tushib ketishini oldini olish choralarini ko‘rayotgani ta’kidlandi.

Boshqaruv raisi Kon rahbariga ishchi-xodimlarning malakasini oshirish, ularning yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, «Janubiy O‘rtabuloq – Dengizko‘l – Somontepa» konlar majmuasi boshlig‘i Xislat Nazirovga so‘z berilib, bugungi kunda konlarda, quduqlarda amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti tinglandi.

Ushbu kunlar majmuasida 97 ta quduq bo‘lib, 3 ta quduqda burg‘ilash ishlari olib borilayotgani va sentabr oyining oxiriga qadar ularning ishga qo‘shilishi ma’lum qilindi.

Bir necha quduqda kapital ta’mirlash ishlari bajarilayotgani, «Dengizko‘l» siquv kompressorining 100-, 300-agregatda ta’mirlash ishlari boshlanish arafasida ekani aytib o‘tildi.

Boshqaruv raisi eng avvalo quduqlar va konlarda ta’mirlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratish, tabiiy gaz qazib chiqarilishi hajmini oshirish borasida barcha tadbirlarni amalga oshirish, quduqlarda ta’mirlash ishlari bajarilgach, ulardan yetarli samaraga ega bo‘lish borasida vazifalarni belgilab berdi.

Videoselektor davomida 2020 yilning o‘tgan davrida neft bazalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi. Jamiyat boshqaruvi tomonidan muntazam ravishda tasarrufdagi korxonalar faoliyati bevosita joyiga chiqqan holda, tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.

Mehriddin Abdullayev o‘rganishlar korxonalarda ahvol, marketing ishlari neft bazalari tomonidan mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilganini ko‘rsatganini ta’kidladi.

«Aksariyat neft bazalarda eski andozalar va «o‘zibo‘larchilik kayfiyati» saqlanib qolmoqda. Neft mahsulotlarining realizatsiyasini ko‘paytirish faqatgina bozor mexanizmlari orqali ya’ni, narx, sifat, logistika, marketing kabi mexanizmlar orqali ko‘paytirish mumkinligini bir necha bor gapirilishiga qaramasdan, afsuski ayrimlar hanuzgacha tushunib yetmayapti», – dedi Boshqaruv raisi.

Neft mahsulotlarini xarid qilish va sotishda o‘rnatilgan tartibga rioya etmagani, neft mahsulotlarini sotish uchun umuman marketing ishlari olib bormagani, debitor qarzdorlikni undirish uchun ta’sirchan choralar ko‘rmaganligi uchun 3 ta neft bazasi rahbari hamda 2 ta neft baza filiali rahbari lavozimidan ozod etildi.

Boshqaruv raisi Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik xizmatini raqamlashtirish, «Kuchlik neft baza» MChJda raqamlashtirish bo‘yicha pilot loyihasini yakunlash hamda yil yakuniga qadar barcha neft bazalar faoliyatini avtomatlashtirish kerakligi borasida topshiriqlar berdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tizimida 2020 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarning muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish 5 oktabr kuni o‘tkazilishiga kelishib olindi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: