O‘qishga kirolmadi, lekin yangi hunarning boshini tutdi. Bitta sigirning puliga ish boshlagan tadbirkor hikoyasi

Jamiyat 17:56 / 17.09.2020 22347

Garchi viloyatga tashrifdan maqsad yuqorida yozganimizdek, «temir daftar»dagi oilalarning ahvoli bilan tanishish bo‘lsa-da, hududlarda kichik imkoniyatdan samarali foydalanib o‘z tadbirkorligini boshlagan va bu borada ma'lum muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlarni ham uchratdikki, Toshkentga ana shu yoshlar haqida qahramonlik reportajlari tayyorlashni ham maqsad qilib qaytdik.

Quyida yo‘lga tushirib olgan hunarmandchilik faoliyati orqali yaxshigina daromad topayotgan va hozirga kelib 7 kishini doimiy ish bilan ta'minlagan sho‘rchilik yigit haqida hikoya qilinadi. O‘ylaymizki, bu tadbirkorligini boshlash ostonasida turgan yoki qandaydir ish boshlash uchun faqat katta pul kerak, deya umidsizlikda yurgan kishilarga o‘ziga xos xulosalar ham bera oladi.

Ko‘rib turganingiz bu oyoq kiyimlarni tayyorlash ishi dastlab birgina sog‘in sigirning puliga boshlangan edi. 4 yil oldin.

Undan avval esa qahramonimiz Eshpo‘lat Hasanov Toshkent davlat agrar universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshiradi. Ammo u imtihonda yiqilgan. Aynan mana shu qoqilish Eshpo‘latning keyingi faoliyatini belgilab berdi, desak, xato bo‘lmaydi.

«O‘qishga kirolmaganimdan keyin Toshkentda qoldim va oilamga yordam berish uchun oyoq kiyimlar tikish fabrikasida ishlay boshladim.

Fabrikada ishlar ekanman, bir necha oy o‘tib endi qilayotgan ishimga o‘zim ham qiziqib ketdim. Bildimki, oyoq kiyim tikish aslida har bir kishi mustaqil bajarishi mumkin bo‘lgan ish ekan. Balki, yoshligimdan har bir ishni o‘zim mustaqil bajarib o‘rganganim o‘sha paytda menga yordam bergandir», – deydi uning o‘zi bu haqda.

Shunday qilib, boshida faqat oilaga moddiy yordam berish uchungina ishga kirgan Eshpo‘lat poyabzal tikish sir-asrorlarini ham puxta o‘rganib bordi. Buning uchun u hatto kechalari ham ish joyida qolib ketardi.

«Ishga kirganimdan keyin o‘sha firmada ikki yil ishladim va bir kuni e'tibor bersam, oyoq kiyim tikishning barcha jarayonlarini o‘zim bajarayotgan ekanman. Shundan keyin uyga qaytdim va shu ishni o‘z uyimizda boshlash bo‘yicha oilamdagilar bilan maslahatlashdim.

O‘sha paytda uyimizda 2-3ta molimiz bo‘lardi. Otamdan ish boshlash uchun ulardan birini sotishni so‘radim. To‘g‘ri, boshida menga ishonishmadi. Chunki oilamdagilar ish jarayonimni ko‘rishmagan edi. Ular menga qanday qilib, degan savolni berishdi.

Nihoyat, uyimdagilarni ishontira oldim. Sog‘in sigirimizni sotadigan bo‘ldik. Men esa sigirning pulini oldim-da, Toshkentga, shu sohada menga ustozlik qilgan insonlarning oldiga keldim.

Ustozlarimdan kerakli maslahat, ish boshlash uchun 10 juft qolip, andozalar va mahsulotlar bilan uyga qaytdim.

Birinchi ishim juda hayajonli bo‘lgan. O‘shanda kun bo‘yi o‘tirib 3 juftgina oyoq kiyim tayyorlaganman. To‘g‘ri, eng birinchi ishimni yaxshi chiqqan deyolmayman. Negaki, tanlagan mahsulotim juda yumshoq chiqqani uchun oyoq kiyim ham qolipdan yechganimizda o‘z shaklini yo‘qotib qo‘ygan. Lekin boshqalari juda yaxshi chiqqandi», – deydi suhbatdoshimiz.

Birinchi ishi ko‘ngildagidek chiqmagan bo‘lsa-da, Eshpo‘latda o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolmadi. Sababi oila a'zolari ham uni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ular hatto qahramonimiz bilan birga poyabzallar tika boshlashdi.

«Shunday qilib, faoliyatimizni ham boshlab oldik. Biz oilaviy bolalar va kattalar uchun oyoq kiyimlar tayyorlay boshladik. Oldimizda esa iyul, avgust oylari turardi. Bilasiz, bu oylarda ota-onalar farzandini maktabga chiqarish uchun kiyim-kechak qilishadi.

Men esa pulni ko‘proq yig‘ib yana Toshkentga bordim. Bu safar ko‘proq qoliplar va kerakli mahsulotlar bilan uyga qaytdim.

Mavsum to‘g‘ri kelgani uchun ishimiz ham yurishib ketdi. Sigir esa joyiga bir nechta bo‘lib qaytdi. Sigirdan ortgan pullarga yana Toshkentga boradigan bo‘ldim», – deydi Eshpo‘lat.

Erkaklar uchun poyabzal tikishda tajribasi oshgan oila endilikda ayollar va yosh qizlar uchun ham oyoq kiyim tikish haqida o‘ylay boshlaydi. Buning uchun Toshkentdan yana o‘nlab qoliplar va mahsulotlar olinadi. Qarabsizki, oilaviy hunarmandchilik yana bir yo‘nalishga kengayadi.

Eshpo‘latning hunarmandchilik faoliyati kengayib borsa-da, uydagi sharoitlarni hali fabrika sharoiti bilan taqqoslab bo‘lmas edi.

«O‘sha paytda uyda, ko‘rpachaning ustida o‘tirib oyoq kiyim tikardik. Poyabzallarni ham juda oddiy, elektr plitada pishirganmiz», – deydi u.

Shunday kunlarning birida yosh hunarmandning ishi Sho‘rchi tuman prokurori Ilhom Toirovning qulog‘iga yetib boradi. Eshpo‘latning uyiga kelib, u bilan suhbatlashgan prokuror esa suhbatda hunarmandning ish joyidagi sharoit yaxshi emasligi haqida eshitadi. Shundan keyin qahramonimizga tumandagi bo‘sh turgan kollej binosidan katta bir xona va qo‘shimcha asbob-uskunalar ajratib beriladi.

«Avvallari uyimizda tez-tez elektr uzilishlari bo‘lib turardi. Bu yerda elektrda uzilish bo‘lmaydi. Sharoit ham yaxshiroq. Masalan, uyda elektr plitada 1 soatda bir juftgina oyoq kiyim toblay olardik (poyabzal o‘z shaklini yo‘qotmaslik uchun u qolipi bilan issiqda toblanadi – tahr.). Ya'ni 5 juft oyoq kiyim toblash uchun 5 soat vaqt ketardi. Bu yerda esa katta pechimiz ham bor va unda birdaniga 5 juft oyoq kiyimni toblay olamiz. Ish unumimiz ham ancha oshdi», – deydi suhbatdoshimiz.

25 yoshli Eshpo‘lat va uning shogirdlari tayyorlayotgan oyoq kiyimlar hozir Sho‘rchi tumanidagi do‘konlarda sotilmoqda. Bu oyoq kiyimlarning doimiy xaridorlari ham ko‘payib bormoqda.

Qahramonimiz esa o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ygan. «Avvalgi ish joyimda oyoq kiyim uchun faqat haqiqiy charm mahsulotlarini ishlatardik. Men ham shu darajaga chiqishni orzu qilaman. Shuningdek, o‘zim tanlagan brendim taniqli brendlardan biriga aylanishini orzu qilaman», – deydi u.

Aytgancha, Eshpo‘lat Hasanov o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga hozir «ERMESJ» brendini qo‘ymoqda. Bu nom tanlanishiga nima sabab bo‘lganini esa uning o‘zidan so‘radik.

«Bu ishni boshlashim va rivojlantirishimda oila a'zolarimning barcha o‘z hissasini qo‘shdi. Ularning bu mehnatlari har bir mahsulotimizda aks etishini xohlayman. «ERMESJ» esa har bir oila a'zomizning ismidagi bosh harflar», – deydi yosh hunarmand.

Tadbirkor bularning barchasini yuqorida yozganimizdek, bitta sog‘in sigirning puli bilan boshlagan edi. Eshpo‘lat hozir nafaqat 7 kishini doimiy ish bilan ta'minlagan, balki o‘zi topayotgan daromadi ham yomon emas: oyiga 5-6 million so‘m.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi – Asad Allanazarov.

Ko‘proq yangiliklar: