Jizzaxda 9-sinf o‘quvchisi dars vaqtida to‘satdan vafot etdi. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda

Jamiyat 14:31 / 17.09.2020 79364

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 11-umumta'lim maktabida o‘quv yilining ilk kunida 9-sinf o‘quvchisi (qiz bola) dars vaqtida to‘satdan vafot etdi. 

Sharof Rashidov tuman prokuraturasi ma'lumotida aytilishicha, hodisa darsning 3-soat, “Informatika” darsida yuz bergan bo‘lib, ushbu dars soat tugashiga 15 daqiqa qolganda (soat kunduzgi 10:10lar atrofida) o‘quvchi hushidan ketgan.

Dars vaqtida vafot etgan Sh.S.ning holati ertalab maktabga kelganida yaxshi, tana harorati 36.8 bo‘lgan, antiseptik vositalar bilan zararsizlantirilgan.

Dars vaqtida Sh.S. o‘tirgan joyidan yon tomonga deraza tokchasiga suyangan holda yotib hushidan ketgan.

Shu kuni “Xavaslik” Qishloq vrachlik punkti shifokorlari maktabning 1-sinf o‘quvchilarini emlash uchun maktabga kelgan bo‘lishgan. Maktab o‘qituvchilari bergan xabariga ko‘ra, ushbu QVP shifokorlari hushidan ketgan o‘quvchiga birinchi yordam ko‘rsatishgan. 

Biroq, yordam ko‘rsatish vaqtida qizda hayot uchun hech qanday belgi ko‘rinmagan. Shunday bo‘lsa-da, tibbiyot xodimlari unga o‘pka-yurak reanimatsiyasini amalga oshirishgan, tashqi yurak massaji qilingan va sun'iy nafas berib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 15 daqiqalik reanimatsiya harakatidan keyin ham unda hayotlik belgilari tiklanmagan. 

Voqea joyiga tuman prokuraturasi xodimlari, tuman IIB tezkor xodimlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi, sud tibbiyot ekspertizasi eksperti chiqqan.

Dastlabki to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Sh.S.da surunkali kasallik, ekspertiza ko‘rigida uning tanasida biron-bir tan jarohati aniqlanmagan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, o‘quvchining o‘limiga o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi tez va qisqa vaqt ichida yuzaga kelganligi sabab bo‘lgan.

Ushbu maktabda o‘quv yili 14 sentabr kunidan boshlangan bo‘lib, Sh.S. darslarga to‘liq qatnashib kelgan va o‘zlashtirishi o‘rta holatda bo‘lgan.

Maktabning 9-v sinf rahbari o‘z tushuntirish xatida o‘quvchida muqaddam kasal bo‘lish holatlar bo‘lmaganligini, darslarga to‘liq qatnashib kelmaganligini, biron-bir og‘ir kasallik bilan kasallanmaganligini, darsga kelgan vaqtida ham holati yaxshi bo‘lganligini, harorati 36.8 bo‘lganligini ma'lum qildi.
 
Holat bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan, maktab direktori, direktor o‘rinbosarlari, maktab psixologi, 9-v sinf rahbari, “Ziyokor” QVP mudiridan tushuntirish xatlari olgan.

Hozirda Sharof Rashidov tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: