Bir guruh koronavirusga chalinib tuzalganlar Fransiya bosh vazirini sudga berdi

Jahon 23:35 / 17.09.2020 5888

Koronavirusga chalinib tuzalganlar va ularning qarindoshlari Fransiya bosh vaziri Jan Kasteksni COVID-19 pandemiyasiga nisbatan muvaffaqiyatsiz siyosat olib borganlikda ayblab sudga berdi. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar berdi.

Da'vo arizasiga ko‘ra, bosh vazirning "falokatga qarshi qaratilgan harakatlari jamoat xavfsizligiga tahdid solgan" bo‘lishi mumkin. Ariza davlat amaldorlarining jinoyatlari bilan shug‘ullanuvchi sudga berilgan.

Da'vogarlar hukumat nega koronavirusni so‘lak namunasidan tezroq aniqlaydigan testlar o‘rniga burundan olinadigan namuna asosidagi testlarni ma'qullaganiga qiziqishgan.

Shuningdek, da'vogarlar hukumat yoz paytida aholini tashqarida ham niqob taqishga majburlagani, ammo yopiq joylarda virus tarqalishi ehtimoli yuqori bo‘lishiga qaramasdan ofislarda 1 sentyabrgacha ham niqob taqilishini talab qilmaganidan hayron bo‘lishgan. 

Kasteks aybdor deb topilgudek bo‘lsa, ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 30 ming yevro jarimaga tortilishi mumkin.

Avvalroq Kasteks hukumati mamlakatda koronavirus tarqalishi davom etishiga qaramay yangi umummilliy karantin joriy etishni rad qilgandi. 

Worldometers saytining ma'lumot berishicha, Fransiyada pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 404,8 mingdan ortiq holat qayd etilgan, 31 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: