«Al Hilol»ga qarshi bu safargi o‘yin finaldek bo‘ladi». Masharipov bilan suhbat yoxud #FootWeek’da tomosha qiling!

Sport 13:10 / 17.09.2020 11026

Jaloliddin Masharipov «Al Hilol»ga qarshi o‘yinlar haqida

Xabaringiz bor, O‘zbekiston chempioni bahorda guruhning 2 o‘yinini o‘tkazgan, har ikkisida g‘alaba qozongan holda guruh peshqadami bo‘lib turgandi. Qatarda markazlashgan tartibda o‘ta boshlagan OChL guruh bosqichi 3-turida «Paxtakor» turnirning amaldagi chempioni, qit'aning eng kuchli klublaridan biri bo‘lmish «Al Hilol»ga qarshi o‘ynadi va aytish joizki, kutilganidan-da yaxshiroq o‘yin namoyish etdi. Afsuski, natija ijobiy emas. Biz o‘yindan so‘ng jamoa yetakchisi Jaloliddin Masharipov bilan suhbatlashdik. «Paxtakor» klubi matbuot xizmatining yordami bilan uyushtirilgan mini-intervyuda Jaloliddin jamoa mag‘lubiyati sabablari haqida va javob o‘yini oldidan o‘z fikrlarini bildirdi. 

Superligada VAR qanday ishlaydi?

Chempionatimizda Video Assistant Referee tizimi joriy etilishiga qadam qo‘yilgan. Ushbu tizimni xarid qilib, undan foydalanish bo‘yicha hakamlarni o‘qitish va tizimning o‘zini sinovdan o‘tkazish ishlari allaqachon boshlangan. Biz bu borada FIFA hakami Jahongir Saidov bilan gaplashdik. Saidov VAR tizimi haqida tushuncha berib, uning qay tarzda, qay tartibda ishlashi, texnik asoslari va chempionatimizga joriy etilishga harakatlar haqida so‘zlab berdi. Bu ham siz aziz muxlislar uchun qiziq bo‘lsa kerak, degan umidimiz bor.

Ginnes kitobiga kirgan antiqahramon

Odatdagidek, bu safar ham jahon futbolida ro‘y bergan qiziqarli voqealarga to‘xtalganmiz. Jumladan, erkaklar jamoasiga o‘tgan ayol futbolchi, ishsiz qolgan shartnomasiz futbolchilar haqidagi ma'lumotlarni ko‘rsatuvdan bilib olasiz. Yana ham qizig‘i, biz yana moziyga murojaat qildik. Tarixdan o‘rin olgan o‘yinlar va voqealar haqida kichik hikoyachalarimiz orqali katta yoshli muxlislarga nostalgiya, yosh muxlislarga esa futbol bilimi ulasha olsak ne ajab. Ayniqsa Martin Palermo Ginness rekordlar kitobiga qaysi hunari uchun antiqahramon bo‘lib kirganini hozirgi avlod muxlislari bilib olsalar chakki bo‘lmasdi.

Qisqasi, FootWeek’ni tomosha qiling va zavqlaning. Yoqimli tomosha!

Ko‘proq yangiliklar: