Turon yakkakurashi sport turi asoschisi Bahodir Saidov vafot etdi

O‘zbekiston 11:47 / 16.09.2020 9602

Turon yakkakurashi sport turi asoschisi Bahodir Saidov 66 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yuzlab xalqaro toifadagi sportchilarni tarbiyalagan jonkuyar murabbiy, sport fidoyisi Bahodir Saidov 1954 yil 3 aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 

Yakkakurash sport turlari bilan yoshligidan shug‘ullangan Bahodir Saidov 1981 yilda hozirgi O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport universitetini tamomlagan. U 40 yildan ortiq vaqt davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatib, mamlakat sporti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Bahodir Saidov 1992 yilda Turon yakkakurashi sport turiga asos solgan edi. Bugungi kunda bu sport turi bilan o‘n minglab yoshlar shug‘ullanmoqda. 

Bahodir Saidov uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol federatsiyasida mas'ul lavozimlarda mehnat qilgan.

“Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi Bahodir Saidovning sportimiz rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlarini yuksak qadrlaydi va marhumning vafoti munosabati bilan, uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi”, - deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: