Paxta hosili terimini mexanizatsiyalashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari qabul qilindi

O‘zbekiston 13:59 / 16.09.2020 3938

Prezident “Paxta hosili terimini mexanizatsiyalashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda joriy yil mavsumida paxta hosili terimini mexanizatsiyalashgan usulda tashkil qilish bo‘yicha paxta terish mashinalariga bo‘lgan buyurtmalar portfeli shakllantirilgan.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ekvivalenti 50 million AQSh dollari miqdorida "Agrobank" ATBning ustav kapitalidagi Jamg‘arma ulushi oshiriladi.

Jamg‘arma bir hafta muddatda ko‘rsatilgan mablag‘larni "Agrobank" ATB ustav kapitaliga o‘tkazib beradi.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi "Agrobank" ATBning qo‘shimcha chiqarilgan aksiyalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

"Agrobank" ATB ustav kapitaliga kiritilayotgan 50 million AQSh dollari ekvivalentidagi maqsadli mablag‘lar paxta-to‘qimachilik klasterlariga va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mahalliy ishlab chiqarilgan paxta terish mashinalarini sotib olishga Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar ajratish uchun yo‘naltiriladi;

yuqorida ko‘rsatilgan kreditlarning so‘ndiriladigan qismi mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish maqsadlariga yo‘naltiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari uch kun muddatda hududlardagi paxta terish mashinalariga talabgorlarning aniq ro‘yxatini shakllantiradi;

qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev paxta terish mashinalariga talabgorlarni tanlashga ko‘maklashadi hamda paxta hosili terimini mexanizatsiyalash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

"Agrobank" ATB boshqaruvi raisi R.Mamatqulov paxta-to‘qimachilik klasterlariga va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga kredit hujjatlarini sifatli tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish va kreditlarni byurokratiyasiz ajratishni ta'minlaydi;

"O‘zavtosanoat" AJ boshqaruvi raisi Sh.Umurzoqov paxta terish texnikalarining o‘z vaqtida ishlab chiqarilishini va talabgorlarga yetkazib berilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: