O‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi - Prezident qarori loyihasi

O‘zbekiston 08:42 / 16.09.2020 10631

Prezidentning “O‘quvchi-yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida O‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar yangi tizimni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

ichki va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kasblarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va zarur malakaviy ko‘nikmalarni belgilash;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari mutaxassislari tomonidan o‘quvchilarni 7-sinfdan boshlab kasb-hunar egallash va Internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) yo‘li bilan o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishlariga qiziqishlarini aniqlash va bunday o‘quvchilarning ma'lumotlari bazasini yaratish;

kasb-hunar egallash va frilansingga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar ma'lumotlari bazasini umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilari bandligi elektron bazasi bilan integratsiya qilish, onlayn monitoring olib boruvchi axborot tizimini yaratish;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarining kasbiy moyilligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar asosida 9-sinfdan so‘ng kelgusida aniq ishchi kasblar bo‘yicha kasb-hunar maktablarida ta'lim olishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borish;

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida kam ta'minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 10-sinf o‘quvchilariga ularning qonuniy vakili roziligi asosida kasb-hunar va frilansingga o‘rgatuvchi barcha davlat va nodavlat tashkilotlarda o‘qish xarajatlarini qoplovchi hujjatlar (vaucherlar) berish;

bitiruvchilar uchun tegishli kasblar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar, amaliyotlar o‘tash tartibi, o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish va joriy etish;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish ishlarini samarali shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilariga tanlov fanlari yo‘nalishidagi (variativ) o‘quv reja asosida kasb-hunarga yo‘naltirish;

manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda hamda tadbirkorlik sub'yektlari bilan hamkorlikda kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikatga ega umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 11-sinf bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish;

respublika ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikda ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchi sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltiruvchi va o‘rgatuvchi mutaxassislar malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish.

Quyidagilar:

Yangi tizim asosida o‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish mexanizmi;

Yangi tizim asosida 10–11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish mexanizmi tasdiqlanadi.

Xalq ta'limi vazirligining:

a) markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni 7 shtat birligidan iborat bo‘lgan O‘quvchilarning kasbga layoqatini aniqlash va kasb-hunarga yo‘naltirish boshqarmasi;

hududiy bo‘linmalari tuzilmasida jami 70 ta shtat, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida 5 shtat birligidan iborat bo‘lgan Kasb-hunarni rivojlantirish bo‘limlari tashkil etiladi;

b) markaziy apparati tuzilmasiga o‘quvchi-yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish masalalari uchun mas'ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Xalq ta'limi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini tamomlagan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarining kasb-hunar ko‘nikmalarini baholash, tegishli sertifikat va rezidentlik maqomini berish bo‘yicha mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Sertifikatsiyalash markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, Internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar Markaz rezidenti maqomini olgan taqdirda mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi beriladi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini muvofiqlashtirib borish;

tayyorlov kurslarini bitirgan frilanserlar hamda umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari hamda tayyorlov kurslari bitiruvchilarini kasb-hunar ko‘nikmalarini baholash hamda tegishli turdagi sertifikat berish maqsadida sinovlar o‘tkazish;

veb-frilanserlarning kasbi, tajribasi, xizmatlari narxi kesimida Yagona reyestrini yuritish va ularni ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash hamda iste'molchilar tomonidan fikr-mulohazalar orqali ularning reytingini yuritish;

malaka va ko‘nikmalarni baholash hamda sertifikatlash yuzasidan rivojlangan mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro va xorijiy sertifikatlash tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Belgilanishicha, quyidagi soliqlar miqdorlari 50 foizga kamaytiriladi:

kasb-hunar sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar ishga joylashgandan birinchi yilda ish haqi ko‘rinishida olgan daromadlari uchun – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

kasb-hunar sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun uch yil muddatga ushbu bitiruvchilar mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlaridan olinadigan ijtimoiy soliq miqdori.

Xalq ta'limi vazirligi Yoshlar ishlari agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Namangan viloyati va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda tajriba-sinov tariqasida 2 ta umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining foydalanilmayotgan hududida maktab bitiruvchilari uchun Kasbga tayyorlash namunaviy markazlarini tashkil qiladi.

Bunda, mazkur markazlar tegishli maktab bitiruvchilarini kelajak kasb-hunarlariga o‘rgatish uchun barcha tegishli shart-sharoitlar yaratilishi Yoshlar ishlari agentligining ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: