Maktabni ochish yoki yopish to‘g‘risidagi qaror o‘qituvchi va o‘quvchilarning xavfsizligini ko‘zlab qabul qilinadi - XTV

O‘zbekiston 13:35 / 16.09.2020 5782

Bugungi kunda barcha hududlarda maktab o‘qituvchilarining COVID-19 infeksiyasiga test topshirish jarayoni amalga oshirilmoqda

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, test topshirish jarayonida natijalar musbat chiqayotgan holatlar ham bor. Aksariyat o‘qituvchilarda kasallik alomatlarsiz yengil holda kechayotgani sababli, ularning ayrimlari o‘zlari ham virusni boshidan kechirayotganidan bexabar bo‘lgan.

Shayxontohur tumani Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazining ma'lumotiga asosan, COVID-19 infeksiyasi aniqlangan o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40- va 262-sonli maktablar faoliyati ehtiyotkorlik hamda xavfsizlik maqsadida Mahalliy kengash qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi. 

“Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur virus 2 yilgacha chekinmasligini prognoz qilgan. Bugun har birimiz ushbu virus bilan yashashga, hech qanday xavotirga tushmasdan hayot tarzimizni davom ettirishga o‘rganishimiz lozim. 

Mahalliy kengash deputatlari tomonidan qabul qilingan maktablarni yopish yohud ochish to‘g‘risidagi qarorlar u yoki bu maktab jamoasi va maktab o‘quvchilari, ya'ni bolajonlarimizning salomatligini o‘ylab amalga oshiriladi. Shu bois o‘qituvchilarimizdan ham ota-onalardan ham bunday holatlarda ortiqcha xavotirga tushmaslik sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda odatiy hayot tarzini davom ettirishlarini so‘rab qolamiz. 

Bunday holatlarda ota-onalardan talab qilinadigan asosiy narsa masofadan yaratib berilayotgan ta'lim imkoniyatlaridan foydalanib, farzandlari bilim olishini nazorat qilishdan iborat. Bu masalaga jiddiy yondashishingizni iltimos qilamiz”, - deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, karantinga olingan maktablar dezinfeksiya ishlari amalga oshirilganidan so‘ng Mahalliy kengash deputatlari qarori bilan yana o‘z faoliyatini tiklaydi.

Shu bilan birga, bugungi kunda barcha hududlarda ochilmagan maktablar faoliyatini tiklash bo‘yicha ishlar ketayotgani ham ta'kidlangan.

Prezident topshirig‘i bilan maktablarni ochilishi hamda yopilishi to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish vakolati faqatgina Mahalliy kengash deputatlariga topshirilgan.

16 sentabr holatiga respublikada 2 550 ta (25 foiz) maktab o‘z faoliyatini an'anaviy shaklda amalga oshirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: